Yanada faollik va tashabbuskorlikni talab etadi

    Fikr 12 Sentabr 2024 165

    Yangi Oʻzbekiston erkin fuqarolik jamiyati sari yuz tutayotgan masʼuliyatli bir davrda yashayapmiz. Bu jarayonda fuqarolik jamiyatining barcha institutlari keng qamrovli faoliyat yuritishi zaruriyati vujudga keladi.

    Keyingi yillarda mamlakatimizda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash, davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borildi.

    Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi PF-6181-son Farmoni bilan tasdiqlangan, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, vazifalari, oʻrta va uzoq muddatli istiqboldagi rivojlanish bosqichlarini belgilab bergan 2021 – 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi muhim oʻrin tutmoqda.

    2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumda umumxalq ovoz berishi orqali qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga fuqarolik jamiyati institutlariga bagʻishlangan alohida bob kiritildi, ular konstitutsiyaviy institut sifatida eʼtirof etildi. Uning 69-moddasida fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa NNT, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi belgilab qoʻyildi.

    Insonparvar demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat – Yangi Oʻzbekistonni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida NNTning huquqiy kafolatlarini taʼminlaydigan, xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy baza yanada takomillashtirildi. Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarining erkin, barqaror va tizimli rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratdi.

    Joriy yilning 26-avgust kuni imzolangan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari uchun yangi davrni boshlab berdi.

    Farmondan koʻzlangan asosiy maqsad – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirokchi va hamkor sifatida NNT rolini yanada oshirish, ularning huquqlari, qonuniy manfaatlari himoyasini mustahkamlash, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash koʻlamini kengaytirish hamda qulay shart-sharoit yaratishdan iborat.

    Farmon fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqadi, mazkur jarayonlar shaffofligining yuqori standartlarini belgilaydi.

    Eng muhimi, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlarni ochadi, xususan, ijtimoiy sheriklik institutini amalda rivojlantirish boʻyicha tashkiliy va huquqiy sharoitlar yaratadi, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati taʼsirchanligini oshiradi.

    Hujjatga koʻra, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning bir qator yoʻnalishlari belgilab olindi. Bular:

    – davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼnaviy va gumanitar sohalarni rivojlantirishda ularning salohiyatidan, imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanish;

    jamiyat manfaatlari va aholining haqiqiy ehtiyojlarini koʻzlagan, joylardagi mavjud dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish;

    – davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish;

    – fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga koʻmaklashish yoʻlida taʼsirchan jamoatchilik nazorati olib borilishini ragʻbatlantirish;

    – fuqarolik jamiyati institutlarining xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarini yoʻlga qoʻyish hamda ularning xorijdagi uyushmalari bilan hamkorligini mustahkamlash;

    – fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularga oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish.

    Bilamizki, fuqarolik jamiyatining umum tan olgan tamoyillaridan biri – ijtimoiy sheriklik hisoblanadi.

    Ijtimoiy sheriklik davlat organlarining NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, shu jumladan, tarmoq, hududiy dasturlarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan boshqa qarorlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi hamkorligidir. Jahon tajribasi ijtimoiy sheriklik gʻoyasidan turli ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda samarali foydalanish mumkinligini koʻrsatadi. Oʻzbekiston Respublikasida “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan boʻlishiga qaramay, amaliyotdan kelib chiqib aytish mumkinki, vazirlik va idoralar oʻzlari masʼul boʻlgan sohalarga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga ehtiyoj mavjud.

    Farmonga koʻra, endilikda ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan quyidagi mexanizmlar joriy etilmoqda:

    – har yili davlat organlari ijtimoiy buyurtma tanlovlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot oʻtkazadi;

    – davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini BHMning 1 000 baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi beriladi;

    – har yili Hukumat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosiga fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish boʻyicha dastur qabul qiladi.

    Ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni ommalashtirish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlariga quyidagi imtiyozlar berilmoqda:

    – davlat grantlari va ijtimoiy buyurtma loyihalari doirasida daromad soligʻi va ijtimoiy soliq stavkalari 3-yil muddatga 50 foizga kamaytirilmoqda;

    – 2025-yil 1-yanvardan boshlab nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun undiriladigan davlat boji 2 baravarga kamaytirilmoqda;

    – homiylik tashkilotlarining ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga xayriya pulining soliq solinmaydiga miqdori amaldagi 15 mln soʻmdan 34 mln soʻmgacha (BHMning 100 baravari) oshirilmoqda.

    Shu oʻrinda bir mulohazani aytib oʻtishimiz kerak. Maʼlumki, taʼsirchan jamoatchilik nazorati davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunning 4-moddasida davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, rivojlanish davlat, tarmoq va hududiy dasturlarida jamoatchilik manfaatlarini, jamoatchilik fikrini hisobga olishga doir faoliyati jamoatchilik nazoratining obyekti tarzida nazarda tutilgan.

    Mazkur norma amaliyotda qanday ishlaydi? Muayyan yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan NNT, deylik, ijtimoiy-iqtisodiy sohaga doir qonun loyihasi boʻyicha takliflar ishlab chiqib, tegishli davlat organiga taqdim etdi. Biroq uning qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan ushbu takliflarini davlat organi yoki uning mansabdor shaxsi inobatga olmadi va buni asoslantirmadi ham. Bizningcha, qonunchilikda buning oqibati bilan bogʻliq norma ham belgilanishi maqsadga muvofiq.

    Prezident farmoni bilan fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bogʻliq barcha jarayonlarning shaffofligini taʼminlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushiriladi.

    Sodda qilib aytganda, endi fuqarolik jamiyati institutlarining oʻzi va keng jamoatchilik Oliy Majlis fondi oʻtkazadigan tanlovlarning yoʻnalishlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etishi mumkin.

    Bundan tashqari, tanlovlarning barcha bosqichlari, shu jumladan, ariza berishdan tanlov natijasini eʼlon qilishgacha boʻlgan jarayonlar raqamlashtirilib, inson omili minimal darajaga tushiriladi, ishtirokchilardan ortiqcha hujjatlar soʻralishiga chek qoʻyiladi.

    Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimizning mazkur farmoni fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqadi, mazkur jarayonlar shaffofligining yuqori standartlarini belgilaydi.

    Bu jarayon, oʻz navbatida, yurtimizda faoliyat yuritayotgan barcha NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan faollik hamda tashabbuskorlikni talab etadi.

    Jahongir SARIMSOQOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini

    va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi .

    mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi aʼzosi,

    Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish

    jamiyatlari federatsiyasi raisi