Unda telekommunikatsiya yoʻnalishidagi islohotlar hamda iqtisodiyotimiz barqarorligi, har bir sohaning sifati va samaradorligi, aholiga qulayliklar yaratishda axborot texnologiyalarining oʻrni, keyingi vaqtda erishilgan yutuqlar toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali takomillashtirildi hamda bugungi kunda Portal orqali 257 ta elektron xizmatlari koʻrsatilishi taʼminlandi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2018-yilda 2,4 mln.ta, 2019-yilda 5,8 mln.ta, 2020-yilda 9,8 mln.ta xizmat koʻrsatilgan.

Joriy yil yakuniga qadar Yagona portaldagi elektron xizmatlar soni 300 taga yetkaziladi.

Shuningdek, Internet foydalanuvchilari asosan mobil qurilmalardan foydalanishini inobatga olib, Yagona portalning mobil ilovasi ishlab chiqilib, undagi xizmatlar soni yil yakuniga qadar 100 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, pochta boʻlinmalari orqali davlat xizmatlarini taqdim etish maqsadida Yagona portalning alohida moduli ishlab chiqildi. Bugungi kunda 500 dan ortiq pochta boʻlinmalarida 33 turdagi davlat xizmatlari taqdim etilmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida Yagona portal orqali 2,3 mln. dan ortiq xizmatlar koʻrsatilishi natijasida aholining 18 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻlari iqtisod qilinishiga erishildi.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan “yagona darcha” tamoyili boʻyicha elektron davlat xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlash uchun “Elektron hukumat”tizimi idoralararo integratsion platformasi bilan integratsiyalashish imkoniyati, bunda elektron davlat xizmatlarini koʻrsatadigan davlat organi koʻrsatilgan hujjatlar va maʼlumotlarni mustaqil ravishda, ariza beruvchining ishtirokisiz, idoralararo elektron hamkorlik vositasi joriy qilingan.

2018-yil holatiga koʻra 55 ta veb-servis joylashtirilgan hamda idoralararo integratsion platformadagi veb-servislardan 3,6 mln. marotabadan koʻproq foydalanilgan.

Bugungi kunga kelib ushbu koʻrsatkich davlat organlarining 120 dan ortiq axborot tizimlari oʻrtasida oyiga oʻrtacha 100 mln. dan ortiq axborot almashinuvi amalga oshirilmoqda. Bu esa faqatgina qogʻoz xarajatlari uchun oyiga 7 mlrd. soʻm, yiliga esa 84 mlrd. soʻm mablagʻ tejab qolinishiga sabab boʻlmoqda.

Ushbu tizimga “Soliq”, “Litsenziya”, “Kadrlar”, Yagona identifikatsiya tizimi, Tadbirkorlik subyekti kabineti, Davlat statistika qoʻmitasi axborot tizimlari, avtotransport vositalarini sugʻurtalash fondi axborot tizimlari kabi bir qator tizimlar integratsiya qilingan.

2021-yildan boshlab Ochiq maʼlumotlar portalining yangi talqini (data.egov.uz) ishga tushirildi.

Ochiq maʼlumotlar portaliga (data.gov.uz) 2015-yilda amaliyotga joriy qilingan boʻlib, unga jami 158 ta tashkilotning 12 mingdan ortiq maʼlumotlari joylashtirilgan boʻlib, 7,8 mln. marta yuklab olingan.