Yangı Konstıtutsıya yangı ımkonıyatlar...

    Bo'sh vaqtda 22 Avgust 2024 111

    Inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilishning taʼminlanishi demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti hisoblanadi.

    Shunga asosan, Oʻzbekiston oʻz mustaqilligiga erishgach, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning zamirida, inson huquq va erkinliklariga boʻlgan eʼtibor, insonlarning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, inson huquqlarini eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etish kabi gʻoyalarni bosh maqsad qilib qoʻydi.

    Inson huquqlari zamonaviy davlatning konstitutsiyasida markaziy o‘rinni egallaydi hamda jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni belgilaydi. Shu bois, inson huquqlari to‘g‘risidagi normalar zamonaviy yangi Konstitutsiyaning ajralmas qismi hisoblanadi.

    Inson huquqlari va demokratik konstitutsiyaviy tuzum o‘rtasidagi bog‘liqlik Konstitutsiya qabul qilinishiga yoki konstitutsiyaviy islohotga olib keladigan jarayondan boshlanadi. Bunday jarayon jamiyatning barcha sohalari vakillarining keng ishtirokiga asoslangan bo‘lsa, muvaffaqiyatli natijalarga olib keladi.

    2023-yil 30-aprelda mamlakatimiz hayotida tarixiy o‘zgarish bo‘lib o‘tdi. Bunda inson huquqlari kafolatlanadigan, qadri esa ulug‘lanadigan yangi tahrirdagi konstitutsiyani qabul qildik.

    Unda, xususan, O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlandi. Bu talabning konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.

    Yangi Konstitutsiyada xalqaro e’tirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qo‘llanish ko‘lami yanada kengaytirilib, jumladan, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Ya’ni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgandir.

    Ilk bor shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, sukut saqlash huquqi kafolatlanmoqda. Boshqacha aytganda, xalqaro e’tirof etilgan yana bir muhim andoza – “Miranda qoidalari” Asosiy qonunimizga tatbiq etilmoqda.

    Konstitutsiyada har kimning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi belgilab qo‘yilmoqda.

    Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi belgilanyapti. Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar o‘z buzilgan huquq va erkinliklarini, o‘zgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Yagona shart – bu fuqarolar tomonidan o‘zini himoya qilishda qo‘llanadigan usullar yoki choralarning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan bo‘lishidir.

    Konstitutsiyaga kiritilayotgan inson huquq va erkinliklarini yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi normalar so‘nggi yillarda ilgari surilgan inson qadrini e’zozlash tamoyillariga to‘la mos keladi. Inson huquq va erkinliklarining bevosita amal qilishi, qonunchilikda yechimi topilmagan har qanday masala fuqaro foydasiga hal etilishi kabi normalar muhim konseptual o‘zgarishlardan dalolat beradi.


    M.Bozorov,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Jinoyat-protsessual huquqi

    kafedrasi o‘qituvchisi