Keyingi yillarda Oʻzbekiston xalqaro maydonlarda koʻplab tashabbuslarni ilgari surdi. Tashabbuslarning xalq, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan bevosita qoʻllab-quvvatlanishini nafaqat davlat, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda ilgari surishning muhim mexanizmlaridan biri sifatida koʻrish kerak. Bunda davlat va nodavlat sektorlar saʼy-harakatlari birlashtirilsa, oʻzgarishlar hamda resurslar samaradorligi sezilarli darajada oshadi.

Nega soʻnggi yillarda fuqarolik jamiyati institutlari va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash kerakligi yuqori minbarlarda tez-tez tilga olinyapti? Javobi oddiy – Oʻzbekiston rahbariyati ularning davlat va jamiyatni demokratlashtirishdagi oʻrni va ahamiyatini, fikrlar xilma-xilligini, turli nuqtayi nazarlarni, garchi har doim ham rasmiy pozitsiyaga mos kelmasada, taraqqiyot omili sifatida koʻradi.

Fuqarolik jamiyati institutlari, birinchidan, fuqarolarning turli toifalari manfaatlarini namoyon qiladi, turli darajadagi muhim qarorlarni qabul qilish jarayonlarining inklyuzivligiga koʻmaklashadi.

Ikkinchidan, ular jamoatchilik nazorati subyekti sifatida davlat sektorida shaffoflikni hamda davlat dasturlari va loyihalarini amalga oshirish uchun muvozanat tizimini taʼminlaydi.

Uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari hududlarning oʻziga xosligi va aholi salohiyatini hisobga olgan holda nafaqat muayyan shahar yoki tuman, balki Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari uchun ham dolzarb boʻlgan muammolarni hal etish boʻyicha innovatsion gʻoyalar va amaliyotlarni taklif etishi mumkin.

Bugun fuqarolarimiz muhim qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish, byudjet mablagʻlaridan oqilona foydalanish, davlat xaridlari masalalarini muhokama qilish jarayonlarida faol ishtirok etyapti. Shu asosda davlat tashkilotlari va fuqarolik institutlari oʻrtasidagi hamkorlik va jamoat nazorati yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Bu esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan ushbu tamoyilning tasdigʻidir: demokratik islohotlar – biz uchun yagona toʻgʻri yoʻldir, jamiyatning oʻzi esa mamlakatdagi islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisidir. Menimcha, bu yangi gʻoya davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigining ham asosiy “murojaati” boʻlib xizmat qiladi.

Umuman olganda, 2016-yildan buyon Shavkat Mirziyoyev xalq bilan samarali muloqot qilish, mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi ochiqligi va masʼuliyatini davlat apparati faoliyatining muhim shartlari sifatida belgilab berdi. Bugun ular mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim, ayniqsa, aholini qiziqtirgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlashmoqda.

Oʻzbekiston davlat va jamiyatning barcha sohalarini tubdan isloh qilish bosqichini boshidan kechirayotgan mamlakat sifatida fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish, siyosiy institutlarni demokratlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish gʻoyalariga sodiqdir. Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish mexanizmlari maqsadga muvofiq ravishda takomillashtirilyapti, kafolatlar mustahkamlanib, mahalliy infratuzilma takomillashtirilyapti. Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyati boʻyicha qonunchilikni sezilarli darajada liberallashtirish boshlandi.

Masalan, jamoat tashkilotlari faoliyatini cheklovchi byurokratik moneliklar bekor qilindi. NNTlar tomonidan chet el grantlarini olish va ulardan foydalanishdagi toʻsiqlar olib tashlandi. NNT va roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ oʻrtasidagi tadbirlarni muvofiqlashtirish tartibi bekor qilindi. NNTlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat boji stavkalari besh baravarga, soliq yuki ikki baravarga kamaytirildi.

NNTlarga adliya organlari bilan bogʻliq barcha xizmatlarni elektron shaklda taqdim etish imkoniyatini beruvchi e-ngo.uz portali ishga tushirildi. Har bir viloyat markazida NNTlar tashkil etilyapti, ularda fuqarolik jamiyati institutlari bepul joylashtirilyapti.

Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar va grantlar soʻnggi toʻrt yil ichida toʻrt baravar oshdi.

2021—2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasining qabul qilinishi Oʻzbekistonning fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish va jamoat institutlarining rolini kuchaytirishga sodiqligini yana bir bor namoyish etdi. Konsepsiya 2025-yilgacha ustuvor yoʻnalishlar va maqsadli koʻrsatkichlarni belgilab berdi. Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmi 2021-yilda kamida 1,2 baravarga va 2025-yilda 1,8 baravarga oshirildi.

Fuqarolik jamiyati institutlarining samarali faoliyati uchun shart-sharoit va imkoniyatlarni yanada kengaytirish kutilyapti. Buni davlat rahbari tomonidan Konstitutsiya kuni arafasida belgilab bergan vazifalar ham tasdiqlaydi. Taklif etilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar asosida inson, uning huquqi va qonuniy manfaatlari yotadi. Ilgari amal qilib kelingan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb oʻzgartirish taklif etildi. Iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini taʼminlash xalqparvar davlat barpo etishning eng muhim sharti sifatida bosh mezon boʻladi. “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu gʻoya doirasida asosiy Qonunimizda fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash ham koʻzda tutilgan.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, mamlakatning kelgusi ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishida “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyil konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlanmoqda. Davlatning ushbu tamoyil siyosati ijtimoiy tenglik va adolatni taʼminlash uchun moddiy neʼmatlarni qayta taqsimlashga qaratilgan. Yaʼni shaxs va jamiyat farovonligini taʼminlash uchun erkinlik va qonuniylik tamoyillarining aksariyatini uygʻunlashtirish nazarda tutilgan. Ijtimoiy davlatlarga aholisining aksariyati yuqori turmush darajasiga erishgan, aholi jon boshiga mahsulot va xizmatlarni isteʼmol qilish darajasi ham yuqori boʻlgan davlatlar kiradi. Bularga AQSH, Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Germaniya, Fransiyani misol keltirish mumkin. Oʻzbekiston ham rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi mumkin.

Oʻylaymanki, bu vazifalarning bajarilishi fuqarolarning faolligini oshirish, ularning barcha sohalardagi oʻzgarishlarda ishtirok etish, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surish, davlat boshqaruvi organlarining hisobdorligini oshirish, har bir oʻzbekistonlikning munosib turmush sifati va darajasiga erishish imkonini beradi.

Bobur Bekmurodov,

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi.