Jamiyat ma’naviy qudratga erishganida mamlakat mislsiz yuksalishga erishadi. Bu qudrat tarixiy ildizdan kuch olib, ertangi kunga bo‘lgan ishonch bilan mustahkamlanadi. Yangi O‘zbekistondagi islohotlar xalqimiz qalbiga ana shunday tarixiy kuchni va barcha sohada birdek ilg‘or rivojlanish ishtiyoqini taqdim etmoqda. Buni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi ham tasdiqlaydi.

Ushbu muhtasham durdonaning Bosh me’mori — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi marka­zining rasmiy ochilish marosimida ilm- fan va madaniyat fidoyilariga, xususan, jurnalistlarga murojaat qilib: “Islom sivilizatsiyasi markazida to‘plangan har bir eksponat qanday bebaho boylik eka­nini sizlar hammadan ko‘ra yaxshi tushu­nasiz. Ularni targ‘ib etish, xalqimizga, dunyoga tanitishda ham, avvalo, sizlarga tayanamiz.

Bu tengsiz boylikdan ilhomlanib, sizlar yaratadigan ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitob, kino va teatr asarlari, kartina va ko‘rsatuvlar uch ming yillik tarix va madaniyatning so‘nmas ovozi bo‘lib dunyoga taralsin!

Yangi O‘zbekistonni tinchlik, ezgulik, bilim va ma’rifat diyori sifatida olam­ga tarannum etsin!

Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun tarbiya va milliy g‘urur maktabiga aylan­sin!”, deya alohida ta’kidladi.

“Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati ushbu cha­qiriqdan ilhomlanib yangi loyiha bosh­ladi. Unga ko‘ra, ijodiy jamoamiz “Yangi O‘zbekiston” gazetasida har haftaning juma kuni “Tamadun tafakkuri” nomli maxsus qo‘shimcha sahifalar taqdim etib boradi.

“Tamadun tafakkuri” insoniyat ma’na­viy va ijtimoiy taraqqiyotining eng yuqo­ri nuqtasini ifodalaydigan konseptual tushuncha. Jumladan, tamadun rivojla­nish, yuksak madaniyat, qonun ustuvorligi va ijtimoiy tartib demak. “Tafakkur” esa vo­qelikni anglashning oliy shaklidir.

Shu ma’noda, “Tamadun tafakkuri” ja­miyatning taraqqiyot strategiyasi, milliy o‘zlikni va umuminsoniy qadriyatlarni bir nuqtada jamlab, xalqimizni asrlar mobay­nida intiQib kutgan orzu-maqsadlari — Uchinchi Renessans sari boshlab boruvchi in­telektual va ma’naviy qudratni anglatadi.

Maxsus sahifalarimizda O‘zbekiston­dagi Islom sivilizatsiyasi markazi mehvari­dagi hayotiy falsafani, uning bor mazmun-mohiyatini, tarixiy ahamiyatini keng tarannum etadigan tahliliy maqolalar, olimlar, soha mutaxassislarining chiqishlari berib boriladi. Bu bilan shonli tariximizdan so‘zlovchi eng noyob eksponatlar haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni, ilmiy markazning Uchinchi Renessansni yaratishdagi o‘rni va ahamiyatini xalqchil yoritib borishga harakat qilamiz.

Maqsadimiz — bu ma’lumotlarni o‘qigan xalqimiz Islom sivilizatsiyasi markazini borib ko‘rishga, qadim tariximiz bilan faxr­lanib, porloq kelajagimizga ishonchi yanada mustahkamlanishiga xizmat qilsin. Muhta­sham ma’rifat qasriga tashrif buyurganlar esa gazetamizdagi maqolalar, ma’lumotlar bilan tanishib, uni qaytadan kashf etsin.

Ushbu chiqishlarning ommabopligini ta’minlash maqsadida tahririyatimizning rasmiy www.yuz.uz veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi t.me/yuz_official, fb.com/yuz. uzNews, instagram.com/yuz.uz_news, youtube. com/@YUZ sahifalarida ham video va foto lavhalar, suhbatlar, reportajlar, tahliliy va axboriy materiallar tizimli ravishda be­rib boriladi.

Zero, butun dunyoni lol qoldirayotgan ushbu muhtasham maskan falsafasini baland pardalarda tarannum etish barchamizga, shu jumladan, bizning tahririyat jamoasiga ham g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.

Tahririyat