Ushbu ijtimoiy-siyosiy nashr oʻz oldiga qanchalik ulkan maqsad va rejalar qoʻygani uning nomidan ham yaqqol koʻrinib turibdi. Haqiqatan ham, bugun Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichiga qadam qoʻymoqda... ...Ana shunday ulugʻvor va tarixiy oʻzgarishlarning oʻziga xos koʻzgusi boʻlib maydonga chiqayotgan gazeta yurtimizdagi demokratik islohotlar, hududlardagi beqiyos bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlarining ahamiyati hamda natijalarini xolis va haqqoniy yoritishga, aholi vakillari va jamoatchilik fikrini shakllantirishga, mavjud muammo va kamchiliklarni tahliliy materiallar orqali dadil koʻtarib chiqib, axborot makonida munosib oʻrin egallashiga ishonchim komil.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi jamoasiga tabrigidan.
Darhaqiqat, biz yangi davr odamlarimiz. Hayotimizning mazmuni ham, koʻzlayotgan manzillarimiz ham, yashashdan maqsadimiz ham oʻzgacha.
Milliy Yoʻlboshchimiz Shavkat Mirziyoyev siyosiy iqtidorga kelgan ilk kunlardanoq xalqimiz hayotida katta oʻzgarishlar boshlandi. Har bir islohotda inson qadri birinchi oʻringa qoʻyildi.
Bugun keskin oʻzgarishlar kuzatilayotgan zamonaviy dunyoda har bir davlat va milliy jamiyat uchun mafkuraviy yoʻl, yashovchan gʻoyalar juda zarur. Bularsiz rivojlanishning sira iloji, imkoni yoʻq.
Tolei buyuk xalqmiz. Boisi, ana shunday murakkab sharoitda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “YANGI OʻZBEKISTON” GʻOYASIni ilgari surdi.
Endigi mulohazalarimiz ana shu qudratli gʻoyaning tadrijiy quvvati haqida boʻladi.
Hayotbaxsh gʻoya
2017-2018-yillar mamlakatimiz va xalqimiz hayoti uchun juda katta tarixiy evrilishlarning boshlanishi hamda jadal rivojlanish davri boʻldi. Mana shu ikki yil mobaynida bugun biz erishgan olamshumul natijalarning tamal toshi qoʻyildi.
Navbat milliy yuksalishimizning keyingi bosqichiga ruhlantiruvchi kuch, qadriyati tus berishga keldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu uygʻonish kodini yuqorida aytganimiz — “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi bilan quvvatlantirdi.
Bu gʻoya zamirida xalqimiz ongida boshlangan oʻzgarishlar, kayfiyatidagi koʻtarinki ruh, taraqqiy etishga boʻlgan sogʻinchli intilish mujdasi bor edi. Umuman, jamiyatimiz shunday qudratli gʻoyaviy ustunga muhtojlik sezib turgan bir davrda mamlakat qalbi ichra taralgan yuksalish ruhi koʻpmillatli xalqimizni yagona maqsad yoʻlida birlashtirdi, jipslashtirdi.
Orzu-umidlarimiz, ezgu maqsadlarimiz jamlangan hayotbaxsh gʻoyaning dastlabki ifodalaridan “Yangi biri sifatida Oʻzbekiston” 2020-yilda gazetasi taʼsis etildi. Tahririyatning asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari nihoyatda ulugʻvor va keng koʻlamli boʻldi.
Ularning barchasini umumlashtirib aytganda, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqimiz hayoti farovonligini oshirish, xalqaro maydonda vatanimizning obroʻ-eʼtibori va nufuzini yuksaltirish yoʻlidagi siyosatimiz mazmun-mohiyati hamda uning natijalarini keng yoritishdan iborat edi.
Nashrimizning ilk soni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi jamoasiga yoʻllagan tabrigi bilan chop etildi. “Jamiyatimizda fikr va qarashlar rang-barangligi, soʻz va axborot erkinligini taʼminlash, maʼnaviyat va maʼrifat targʻiboti borasidagi gʻoyatda sharafli yoʻlda tahririyat jamoasiga ulkan muvaffaqiyatlar va ijodiy faollik doimo yor boʻlishini tilab qolaman”, deyilgan tabrik oldimizga qoʻyilgan juda katta masʼuliyat hissini doimo anglatib turadi.
Oʻsha kuni gazetamizda davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi ham eʼlon qilindi.
“Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yoʻl turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz oʻqib-oʻrgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, oʻzimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz oʻzgaradi”, deyilgan edi Murojaatnomada.
Qatʼiy ishonch bilan ayta olamizki, “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi qonimizda buyuk ajdodlarimizdan meros yaratuvchanlik kodlarini uygʻotdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi butun mintaqa boʻylab keng quloch yozgan. Bularning barchasi jamlanib mintaqamizda ahillik va bagʻrikenglik, oʻzaro bogʻliqlikda rivojlanish tendensiyalarini qaror toptirdi.
Bugun bizga havas qilayotganlar koʻp. Albatta, hasad qilguvchilar ham topiladi. Sababi inson tabiati shunday, besh qoʻl barobar emas. Bu — aksioma.
Ammo tanqid ham foydali. Ulardan toʻgʻri xulosalar qilib, bugun ortga qaytmas yoʻlimizdan dadil ildamlab borayotganimizning oʻzi buyuk baxtimizdir.
Eʼtiqodli xalqning murodi hosil boʻladi
Yuqorida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2020-yil va kelgusi 5-yilda rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalish va vazifalarni belgilab olish maqsadlari aks etgan Murojaatnomasidan iqtibos keltirgan edik. Boisi, biz oʻtgan yillar mobaynida hayotimizni va jamiyatimizni fidoyilik, farovon yashash istagi bilan mehnat qilib oʻzgartira oldik.
“Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasining hayotiy ifodalari haqida aytyapmiz. Kezi kelganda yana bir aytarimiz bor: eʼtiqodli insonning, xalqning murodi hamisha hosil boʻladi.
Eʼtiqod oʻzini oʻzgartirishga qodirlik feʼli bilan uygʻun yetuklikdir. Bunga oʻzimizda misollar koʻp. Masalan, gʻoyaviy birdamligimiz. Biz Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida birlashdik. Orzumiz bitta boʻldi, mushtni bir joyga urdik. Evrildik va oʻzgardik.
Bu evrilish qanday boʻldi? “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining besh yillik taxlamini birma-bir varaqlab, tahliliy maqolalarni mutolaa qilib ana shu savolga javob topish mumkin.
2020-yillarda yozilgan maqolalar ruhi bugun zabt etilgan marralarga qanot bagʻishlagandek. Aytmoqchimizki, Prezidentimiz siyosiy nuktadonlik bilan ilgari surgan tashabbuslar va yangi gʻoyalar, maqsadlar oradan koʻp oʻtmay, hayotda oʻz ifodasini topdi.
Biz yaqin-yaqingacha Markaziy Osiyo davlatlari birdamligi yanada mustahkamlanishi haqida qaygʻurar edik. Davlatimiz rahbarining alohida siyosiy irodasi tufayli Markaziy Osiyo hamjihatligi yangi bosqichga koʻtarildi. Qoʻshni davlatlar bilan aloqalarimiz tubdan yaxshilandi. Chegaralar ochildi, bugun xalqlarimiz turli toʻsiqlarsiz bordi-keldi qila boshladi, xorijlik sayyohlar almashinuvida ham qulay muhit yaratilgan, oʻzaro savdo-sotiq masalalarida yengilliklar berildi va hokazo.
Yoki bir vaqtlar shaharlarda yoʻlovchi tashish transportidagi muammolar haqida yozar edik. Bugun Toshkentda, viloyatlar markazida yoʻlovchi tashish tizimida tub oʻzgarishlar boʻldi. Poytaxtimizda ishga tushirilgan yer usti metro yoʻli, “Afrosiyob” tezyurar poyezdining olis viloyatlarga ham qatnovi yoʻlga qoʻyilgani, yuzlab elektrobuslar olib kelingani, oʻzimizda elektromobillar ishlab chiqarila boshlagani, yangi yoʻllar, koʻpriklar qurilayotgani quvonarli, albatta.
Zamonning yaxshiligini qarangki, bugun ijtimoiy himoyaga ehtiyoji bor fuqarolarga, keksa, yolgʻiz va parvarishga muhtoj kishilarga ijtimoiy xodimlar biriktirilgan. Shunday boʻlishi haqida toʻrt-besh yil avval oʻylab koʻrganmidik oʻzi?!
Bunday misollarning adogʻi yoʻq. Aytmoqchi boʻlganimiz eʼtiqodiy oʻzgarish haqida edi. Samimiy muloqot va tizimli yaxshiliklar kishi eʼtiqodini oʻzgartirishga qodir islohot. Prezidentimiz ana shu buyuklik siyosatini boshlab berganidan keyin xalqimizda bugungi hayoti va kelajagiga qatʼiy ishonch, birgalikda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevoriga asos solish eʼtiqodi paydo boʻldi. Natijalar esa koʻz oʻngimizda...
Yangi Markaziy Osiyo ruhi
Ish stolimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” kitobi turadi. Unda mamlakatimizning mintaqaviy siyosati haqida soʻz yuritilar ekan, jumladan, shunday deyiladi: “Har birimiz qoʻshnimizning yutugʻini — oʻzimizning ham yutugʻimiz, uning tinch va farovon hayotini — butun mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni saqlashning garovi, deb bilishimiz lozim”.
“Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi shunday — bagʻrikeng. Bu gʻoya sarhadlar osha oʻz soʻzini aytmoqda, eng muhimi, qoʻshnilarimizga ham mehrli, shijoatli ruh bagʻishlamoqda. Pirovardida bugun ana shu ulugʻvor gʻoya asosida mintaqamizda “Yangi Markaziy Osiyo ruhi” paydo boʻldi.
Buni oliy darajadagi eʼtiroflar shukuhida ham qabul qilishimiz mumkin. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni mintaqada ishonchli koʻprik oʻrnatuvchi tashabbuskor, tinchlik elchisi deb atadi. Yevropa Kengashining sobiq rahbari Sharl Mishel esa Oʻzbekiston davlati rahbari mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi savdo va hamkorlikni kengaytirish boʻyicha koʻplab tashabbus va gʻoyalar generatori boʻlayotganini alohida qayd etgan edi.
Mana shu eʼtiroflardan xulosa qilib aytish joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi butun mintaqa boʻylab keng quloch yozgan. Bularning barchasi jamlanib, mintaqamizda ahillik va bagʻrikenglik, oʻzaro bogʻliqlikda rivojlanish tendensiyalarini qaror toptirdi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, siyosiy iroda va birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli bugun Markaziy Osiyo qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanmoqda.
Hech shubhasiz, mintaqamizdagi bunday mehrli siyosat tarovati, avvalo, barchamizning birgalikdagi yutugʻimizdir.
Bu bejiz emas. Tahlillardan ham koʻrinib turadi. Davlatimiz rahbari 2017-2023-yillarda mintaqa mamlakatlari manfaati nuqtayi nazaridan jami 240 dan ziyod muhim va dolzarb taklif va tashabbuslarni, ezgu gʻoyalarni ilgari surgani fikrimiz dalilidir.
2024-yil 9-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga mintaqa davlatlari oʻrtasidagi doʻstlik, qoʻshnichilik va oʻzaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni tantanali topshirilgani esa yuqoridagi barcha eʼtiroflarni qatʼiy mustahkamlaydi.
Eng keksa va eng yosh
Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda axborot sohasini erkinlashtirish va rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Bu jihat yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ham oʻz aksini topgan. Bosh qonunimizda ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishini taʼminlash boʻyicha muhim qoida va tamoyillar mustahkamlab qoʻyilgan, qolaversa, sohaga doir huquqiy asoslar takomillashtirib borilayotir.
Keyingi yillarda yurtimizda soʻz erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yoʻlida keng imkoniyatlar berilmoqda. Shunday erkin muhitda dunyoga kelgan “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi mamlakatimizning amaldagi eng keksa nashri — “Pravda Vostoka” gazetasi bilan bitta tahririyatda birlashgani zamirida ham katta maʼno bor.
108-yildan buyon chop etib kelinayotgan “Pravda Vostoka” nashri oʻz tarixiy yoʻlida ne bir davrlar silsilasiga guvoh boʻlmadi deysiz. Uning sargʻaygan har bir sahifasi tarix haqiqatlaridan soʻzlab turadi. Xalqimizning iqtisodiyot yilida bajarishdek nihoyatda katta va koʻp maqsadlar turibdi.
Mamlakatimiz “yashil” taraqqiyot sari dadil qadamlarni qoʻymoqda. Prezidentimiz “Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi” sammitidagi nutqida aytganidek, bugungi kunda “yashil” taraqqiyot Oʻzbekistonda umummilliy harakat darajasiga koʻtarildi. Mazkur yoʻnalishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirib, Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza energiya” markazlaridan biriga aylantirish niyatidamiz.
Bu yoʻlda bizga ruhiy qudrat, zoʻr ilhom beradigan omillar koʻp. Maqolamiz avvalida muhtaram Prezidentimizning 2021-yilda gazetamizga bergan tarixiy intervyusidan iqtibos keltirgan edik. Oʻsha suhbatda davlatimiz rahbari «Yangi Oʻzbekistonni barpo etish — bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir.
Yangi Oʻzbekiston — demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umumeʼtirof etilgan norma va prinsiplarga qatʼiy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan doʻstona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat boʻlgan davlatdir», deya alohida taʼkidlagani bizning bosh yoʻlimizni belgilab bergan.
Yillar oʻtyapti. Yuksalish yoʻlidan bir zum ham ortga qaytganimiz yoʻq. Bu yoʻlda “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasini qoʻllab-quvvatlagan, taraqqiyot yoʻlini mahkam tutgan xalqimiz hayotbaxsh gʻoyani oʻz tafakkuriga chuqur singdirib, kuchli iroda va buyuk eʼtiqodi bilan birlashdi.
Shu tariqa bunyodkorlik ruhidagi gʻoya butun xalqimizning qalbidan chuqur joy oldi, umummilliy harakatga aylandi. Chunki uning zamirida ulugʻ ajdodlarimiz, Birinchi va Ikkinchi uygʻonish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari, armonlari ham mujassam edi.
Mamlakatimizdagi bugungi oʻzgarishlar milliy tariximizda yana bir muhim Uygʻonish jarayoni kechayotganini anglatadi. Shuning uchun “Yangi Oʻzbekiston” va “Uchinchi Renessans” soʻzlarini oʻzaro uygʻun aytmoqdamiz.
Bir soʻz bilan aytganda, “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi — yangicha dunyoqarash degan tushunchani anglatadi. Shu maʼnoda, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” tamoyili asosida ezgu saʼy harakatlar jadal davom etayotgan bir davrda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi jamoasi ham zimmasidagi vazifalarni fidoyilik bilan bajarib, tariximizning muhtasham solnomasi yozilishiga oʻz hissasini qoʻshishiga ishonamiz, albatta.
Salim DONIYOROV,
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari
bosh muharriri