Bundan besh yil muqaddam — 4-dekabr kuni xalqimiz o'z xohish-irodasini ochiq-oshkora namoyon qilgan, ertangi taraqqiyotimiz, chiroyli turmushimiz, mamlakatimiz farovonligini ta'minlashga qodir, millatni, xalqni saodat sari yetaklay oladigan Prezidentini saylagan edi. O'z-o'zidan, shu kundan boshlab davlatimiz tarixida yangi bir bosqich boshlangandi.
Ko'p millatli xalqimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tinch va osuda hayot kechirishiga, ozod va obod yashash baxtiga muyassar bo'lishiga, O'zbekiston hayotida olamshumul, keng ko'lamli o'zgarishlar amalga oshirilishiga ishondi va shunday ham bo'ldi. Qisqa fursatda yurtimizda hayotning barcha jabhalarida tub burilishlar yo'lida dadil qadam tashlanib, misli ko'rilmagan o'zgarishlar ro'y berdi. Boshqacha aytganda, O'zbekiston o'z taraqqiyotida yangi bosqichga qadam qo'ydi. Xalqimizni ko'p yillardan buyon o'ylantirib, tashvishga solib kelayotgan muammolar qisqa fursatda hal etildi, xalqimizning xohish-istaklari, orzu-umidlari ro'yobga chiqa boshladi.
Mamlakatimizda umume'tirof etilgan xalqaro standartlar hamda demokratik tamoyillar asosida joriy yil 24-oktyabr kuni bo'lib o'tgan Prezident saylovida xalqimiz yana bir karra saylash huquqidan samarali foydalandi va o'z taqdiri, farzandlari kelajagi, oilalari farovonligi uchun haqiqiy kuchli yo'lboshchiga ovoz berdi. Uzoqni ko'ra oladigan eng etuk siyosiy yetakchini, oqil rahbarni tanladi.
Bu beshta siyosiy partiyadan ko'rsatilgan nomzodlar orasida yurtdoshlarimiz amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevni haqiqiy kuchli yetakchi sifatida bilgani, so'nggi besh yilda amalga oshirilgan islohotlardan, har bir sohada kuzatilayotgan ijobiy o'zgarishlardan mamnunligi, davlatimiz rahbarining odilona va oqilona siyosatidan roziligidan dalolatdir.
Chunonchi, keyingi besh yilda O'zbekistonda erishilgan marralar haqida so'z yuritsak, ularni sanashga barmog'imiz, yozishga qog'ozimiz etmaydi. Bu shiddatli islohotlar ulkan bunyodkorlik, obodonchilik ishlari, inson manfaatlari ulug'langani va xalq bilan muloqotning yangi tizimi joriy etilgani bilan hayotda o'zining yorqin ifodasini namoyon qildi. Bugun yurtimiz qanday katta yutuq va marralarga erishganining tasdig'ini anglash uchun oxirgi besh yilda qo'lga kiritilgan natijalar, Vatanimizning bugungi salohiyati va o'sish sur'atlarini o'zida yaqqol ifoda etadigan ko'rsatkichlarga e'tibor qaratish o'rinlidir.
Bu aholi daromadlarining izchil o'sayotgani, odamlarning shaxsiy uy-joy va sifatli iste'mol tovarlari bilan ta'minlanayotgani, yashash uchun zarur infratuzilmaning kengayib borayotganida namoyon bo'layotir. Buning isbotini odamlar davlatning amalga oshirayotgan siyosatining samimiyligini hayotida, turmushida his qilayotgani va buni hozir har qadamda e'tirof etayotgani misolida ham ko'rish mumkin.
Aytish joizki, shu davrda inson — eng oliy hilqat sifatida e'tirof etildi. Uning huquq-erkinliklari va manfaatlari oliy qadriyat sifatida belgilanib, amalda unga rioya etila boshlandi. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faqat jazolovchi emas, balki inson huquq va manfaatlarining himoyachisiga aylandi. Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko'tarildi.
O'ksik qalblardagi muzlar eridi
Xalq bilan muloqot hayotdagi muammolarni oydinlashtiradi. O'tgan davrda O'zbekistonda inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi, ochiqlik va oshkoralik, so'z erkinligi, majburiy mehnatga chek qo'yish va ochiq siyosat yuritish bo'yicha erishilgan yutuqlarni bugun xalqaro hamjamiyat Prezident Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bevosita bog'liq ekanini alohida e'tirof etmoqda.
Har bir inson yaxshi yashashi, hayoti go'zal mazmun kasb etishi — oliy qadriyat. Ular ertaga emas, bugun yaxshi yashashni istaydi. Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq xalqimizga tinch va osuda hayot kechirishi uchun yaxshi sharoit yaratib berishni maqsad qildi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ana shu ezgu maqsad-muddaoga qaratildi.
Prezidentimiz qaerga bormasin, aholi bilan uchrashib, ularning xohish-istaklari, qiziqishlari, duch kelayotgan muammolariga alohida e'tibor berdi, mahallama-mahalla yurib, odamlarning dardu tashvishini soatlab eshitdi. Shu orqali odamlar qalbiga yo'l topildi. Qahraton qishdan so'ng chiqqan oftob nurlari butun borliqqa jon bag'ishlagani kabi o'ksik qalblardagi muzlar eridi. Davlatning xalqqa bunday qayishishi natijasida odamlarning ruhiyatida katta o'zgarish yuz berdi. Fuqarolarning ijtimoiy faolligi ortdi, siyosiy xabardorlik darajasi ko'tarildi.
Albatta, o'tgan qisqa, mazmunan boy yillarda Prezidentning inson qadrini haqiqiy martabasiga olib chiqish, eng muhimi, aholining farovon, bekamu ko'st turmushidan rozi bo'lib yashashini ta'minlash maqsadida uzoqni o'ylab olib borgan oqilona hamda odilona siyosati tufayli amalga oshirilgan asrlarga tatigulik o'zgarishlarni so'z bilan ifodalab bo'lmaydi. Zero, shu davr mobaynida nafaqat odamlarning har lahza og'ir tegirmon toshidek yelkasida yuk bo'lib kelgan eng katta dard-u tashvishi aridi, balki xalq hayotidan uzilib qolgan ayrim rahbarlar xalq ichida yurishga, fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvishi bilan yashashga o'rgandi. Natijada aholining yashash sharoitlari tubdan yaxshilandi, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o'zgarishlar sodir bo'ldi. Eng muhimi, ularning kayfiyati, dunyoqarashi va hayotga munosabati o'zgarib, ertangi kunga mustahkam ishonch paydo bo'ldi.
Izchillik va qat'iyat bilan hayotga joriy etilgan Harakatlar strategiyasi doirasida yigirma besh yil davomida bo'lmagan ishlar qilindi, desak ayni haqiqat. Davlatimiz rahbarining “Xalq davlat idoralariga emas — balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan xalqchil da'vatlari amaliy harakatga aylandi. Xalq bilan muloqotning mutlaqo yangi tizimi, yangi instituti yaratildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, joylarda xalq qabulxonalari tashkil etilib, yurtdoshlarimiz o'zining dard-u hastrati, yillar davomida yig'ilgan muammolarini ochiq-oshkora ayta boshladi.
Yangi mexanizm yordamida o'n minglab, yuz minglab odamlarning muammolari hal etildi. Hokimiyat va fuqarolar o'rtasidagi muloqot umuman boshqacha ko'rinish kasb etdi hamda jamiyatda adolatni qaror toptirib, rahbar va amaldorlarni aholiga yaqinlashtirdi. Davlatimiz rahbarining qat'iy siyosiy irodalari bilan mamlakatimizda inson huquqlari va kafolatlari kuchaytirilib, majburiy mehnatga shu jumladan, bolalar mehnatiga butunlay barham berildi. Ilgari o'qituvchilar, tibbiyot xodimlari va boshqa ijtimoiy soha vakillari bolalarni o'qitish, bemorlarni davolash o'rniga butun kuzni paxta dalasida o'tkazgan bo'lsa, keyingi yillarda yurtimizda ta'lim va tarbiya masalasi umummilliy harakatga aylandi. O'qituvchining mavqeyiini yuksaltirish, ustoz muallimlarga munosib shart-sharoitlarni yaratish maqsadida pedagog hodimlarning ish haqi bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda. Yoshlarning iqtidori va salohiyatini to'g'ri yo'naltirish, umumta'lim fanlarini o'qitishning butunlay yangicha tizimi yaratildi.
Yana bir hayotiy misol. Bir vaqtlar bozorga borib kiyim-kechak yoki oziq-ovqat xarid qilmoqchi bo'lsak, sotuvchi “aka pulingiz naqdmi yoki plastik?”, deb so'rardi. Agar plastik, desak, “unda mahsulot ustiga 10 yoki 15 foiz qo'shib berasiz”, derdi. Oladigan oyligimiz esa kvartira to'lovi va kunlik xarajatlarimizdan ortmasdi. Bu ham etmaganidek, kartochkadagi pulimizni naqdlashtirishda ne-ne qiyinchiliklarga duch kelganmiz. Oylik maoshimiz tushdi, deguncha bozorga yoki biror bir “benzin quyish shahobchasi”ga yugurardik. Maoshimizning 20 hattoki, 30 foizini tadbirkorga berishga majbur bo'lardik. Eng yomoni, plastik kartochkalardan to'lov aksar joylarda qabul qilinmasdi, qo'limizda pulimiz bo'la turib, uni ishlata olmasdik. Bu faqat meni emas, millionlab odamlarning og'riqli muammosi edi. Mamlakatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan bunday muammolar bugun tarixga aylandi. Hozir yurtimizning istalgan hududiga bormang, fuqarolarimiz naqd pulni bemalol yigirma to'rt soat davomida ko'chada bankomatdan yechib olmoqda.
Yurtyboshimiz tashabbusi bilan ilgari tarixda bo'lmagan sektorlar tizimi joriy qilinishi esa davlat organlarini aholi bilan yanada yaqinlashtirish, xalq bilan tizimli muloqotni yo'lga qo'yishda muhim omil bo'lmoqda. Jamiyatda kambag'allik va ishsizlikka barham berishni ko'zda tutuvchi, aholining eng qiynalgan, sharoiti og'ir qatlamini qamrab oluvchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi daftarlar ham mazmun-mohiyatiga ko'ra, juda sodda va shu bilan birga, samarali usul ekani allaqachon isbotlandi. Uning berayotgan ijobiy hosilalarini bugun fuqarolarimiz o'z hayotida his etib turibdi.
E'tiborga molik tomoni, ishlash, pul topish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarimizga munosabat butkul o'zgardi. Ularning chet elda huquqlari paymol bo'lishining oldini olish, ijtimoiy muhofazasini ta'minlash, tashkillashtirilgan migratsiyani yo'lga qo'yish bo'yicha mutlaqo yangi tizim yaratib berildi. Xorijdagi vatandoshlarimizning huquqlarini himoya qilish, sharoitlarini yaxshilashga e'tibor kuchaydi. Rossiya, Qozog'iston, Turkiya, Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan mehnat migratsiyasi borasida xalqaro shartnomalar imzolandi. Albatta, bularning hammasi davlatimizning mehnat migrantlari masalasiga jiddiy e'tibor qaratayotganini ko'rsatadi, O'zbekistonda yashovchi 35 milliondan ortiq fuqaro qaerda yashashi va ishlashidan qat'iy nazar davlatimiz rahbarining e'tiborida va nazoratida ekani, Prezident ularning barchasini o'z farzandi, opasi, singlisi, akasi, ukasidik ko'rishidan dalolat beradi.
Adashib, boshqa yo'lga kirib qolgan vatandoshlarimizga dushman ko'zi bilan qarash emas, aksincha, kechirimli bo'lish, ularga insoniylikning eng yuksak namunasini ko'rsatish davlatimiz rahbarining muhim islohotlaridan biri bo'ldi. Mamlakatimiz tarihida ilk bor “Mehr” operatsiyalari besh marotaba amalga oshirilib, Suriya, Iroq va Afg'onistondan ko'plab fuqarolarimiz, asosan, ayollar va bolalar Vatanimizga qaytarib olib kelindi.
Bundan anglashiladiki, Yangi O'zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qat'iy sodiq qoladi. Zotan, davlatimiz rahbari shu yilning 6-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining o'z lavozimiga kirishishiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida kelgusi besh yilga mo'ljallangan ustuvor yo'nalishlar haqida to'xtalib, xalqimiz talablarini inobatga olgan holda, Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqilgani va saylov jarayonida u o'ziga xos umumxalq muhokamasidan o'tkazilganini ta'kidladi.
Bu muhim kontseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini ta'minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g'oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo'yilgani esa O'zbekistonning islohotlar yo'lini qat'iyat bilan davom ettirishi va mantiqiy yakuniga yetkazishiga ishoradir.
Ko'p yillik orzular ro'yobi
Inson borki, o'z uyi bo'lishini orzu qiladi, uy olish uchun tinmay harakat qiladi, intiladi. Uysizlik, ijarama-ijara, sarson bo'lib yashash azobini boshidan kechirgan yaxshi biladi. Agar inson o'z uyiga ega bo'lsa, hayotda katta maqsadlar bilan yashaydi, oilasida tinchlik, ishida unumdorlik bo'ladi. Vatanli bo'lish baxti esa kishiga o'zgacha ruhiyat baxsh etadi. Zero, uy-joy inson hayotining uzviy va ajralmas bir qismi bo'lib, u jamiyatda erkin hayot kechirishning garovidir.
Shu bois, oxirgi yillarda aholining ijtimoiy himoyalanmagan va kam ta'minlangan toifalarining uy-joy huquqlarini kafolatlashga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Odamlarni eng ko'p tashvishga solayotgan uy-joy masalasi davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilandi. Qisqa vaqt ichida mamlakatimiz ulkan qurilish maydoniga aylandi. So'nggi yillarda yurtimizda ipoteka dasturlari doirasida 140 mingdan ortiq xonadonli uy-joylar barpo etildi. Bu undan oldingi yillarga qaraganda 10 martadan ham ko'p. Natijada uzoq yillar boshpanasiz bo'lgan yuzlab, minglab oilalar shaxsiy uy-joylarga ega bo'ldi.
Pandemiya tufayli ko'plab davlatlarning beli bukilib, qator ijtimoiy dasturlardan voz kechishga majbur bo'layotgan, ayniqsa, uy-joy qurilishi keskin qisqarayotgan bir paytda Prezidentimiz tomonidan O'zbekistonda bunyodkorlik ishlari ko'lami tobora kengaytirilayotgani zamirida mamlakat taraqqiyoti va hayot farovonligini oshirishga qaratilgan ko'plab ezgu maqsadlar mujassamdir.
Lekin yurtimizda har yili 300 mingga yaqin nikohlar qayd etilmoqda. Bu kelgusi besh yilda aholi soni 38 millionga yetadi degani. Demak, uylar qurilishi ko'lamini shunga muvofiq kengaytirib borish lozim bo'ladi.
Buni o'z vaqtida teran anglagan Prezidentimiz eng muhim masalalardan biri sifatida uy-joy masalasini hal etish, aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratishga axd qildi. Kelgusida hududlarda 1 milliondan ortiq aholi uchun barcha qulaylik va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo'lgan “Yangi O'zbekiston” massivlari bunyod etilishi, “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari izchil davom ettirilishini bildirdi. Bu esa yillar davomida ijarama-ijara, sarson-sargardon yurgan ming-minglab insonlar qalbiga ishonch tuyg'usini olib kirdi.
Uyi bor odamning esa o'yi bo'lmaydi, ko'ngli to'q bo'ladi, kelajakka ishonch bilan qaraydi, katta maqsadlarni dilga tugib, bunyodkorlikka, yaratuvchanlikka intilib yashaydi. Boshqacha aytganda, uy-joy shunchaki boshpana emas, u insonning ko'nglidagi ma'naviy qo'rg'oni hamdir. Ushbu qo'rg'oni but insonlarning oilasi mustahkam bo'ladi, ishiga baraka inadi.
Islohotlar natijasi chekka hududlarda bo'y ko'rsatmoqda
Iqtisodiy rivojlanish avvalo, qishloq joylarni rivojlantirishdan, qishloq odamlari hayoti darajasini oshirishdan boshlanishi yaxshi ma'lum. Chunki o'zgarish va yangilanish yo'q joyda yashayotgan aholining kayfiyati ham, kelajakka intilishi ham bo'lmaydi.
Sir emaski, o'tgan yillar davomida yurtimizning barcha hududlarida keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari olib borilgan bo'lsada, olis qishloqlarda istiqomat qilayotgan oddiy odamlarning yashash sharoitini yaxshilashga yetarlicha e'tibor qaratilmagan edi. Bu hududlarga rahbarlar bormas, u erdagi ahvol, aholining yashash sharoitidan xabardor emasdi.
Shu bois, Prezidentimiz tashabbusi bilan aholining yashash sharoitini yanada yaxshilash bo'yicha aniq, maqsadli tizim yaratildi. Xalqimizni hayotdan rozi qilishning, yurtimiz yangi qiyofasini yaratishning eng samarali mexanizmlaridan biriga aylanib ulgurgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida mamlakatimizning ko'plab qishloq, mahalla va ovullaridagi millionlab insonlar hayotida tub o'zgarishlar amalga oshirildi. Hududlarni kompleks rivojlantirish maqsadida ulardagi yo'l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob'ektlarida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, uy-joylar ta'mirlandi, ichimlik suv va elektr energiyasi tarmoqlari tortib kelindi.
Bundan uch-to'rt yil muqaddam Mo'ynoq desa, Orol tark etgan, tuz koniga aylangan olis tuman ko'z oldimizda gavdalanar edi. Odamlar Mo'ynoqda dengiz emas, balki cho'l bor, deb aytishardi. Bugun bu yerdagi o'zgarishlar insonlar qalbida hayotga, kelajakka katta umid uyg'otmoqda. Sababi keyingi yillarda Mo'ynoq rivojlanish, Orol fojiasidan jabr ko'rayotgan aholining yashash sharoitini yaxshilash bo'yicha ta'bir joiz bo'lsa, odamlarning yetti uxlab tushiga ham kirmaydigan olamshumul o'zgarish va yangilanishlarga yuz tutdi.
2017–2020-yillarda 5 million aholi yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloq qiyofasi tubdan o'zgargan bo'lsa, joriy yilda bu dasturning ko'lami bir necha bor kengayib, barcha tuman va shaharlardagi 8 mingga yaqin qishloq va mahallada 21 trillion so'mlik qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari dasturi amalga oshirilmoqda. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida qurilayotgan, ta'mirlanayotgan guzar va qishloqlar, yangi madaniyat va istirohat bog'lari ertangi kunimiz porloq ekanidan darak bermoqda.
Millatni jipslashtirgan yil
O'tgan yili yurtdoshlarimiz uchun ham, jahon ahli uchun ham og'ir keldi. Koronavirus balosi, u keltirgan ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz etmaganidek, bir hafta ichida Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida tabiiy-texnogen ofatlar ro'y berdi. Kutilmaganda yuz bergan bunday talofatlar el-yurtimizning irodasini yana bir bor jiddiy sinovdan o'tkazdi.
Aholi punktlari, ijtimoiy soha ob'ektlari, ekin maydonlariga katta zarar etdi. Yuzlab odamlar uysiz va boshpanasiz qoldi. Taassufki, bu hodisalar basma-bas ro'y berdi. Bu tashvishlar esa hammadan ko'proq davlatimiz rahbarining bag'rini ezdi, dilini yaraladi. U kishi shunday og'ir va murakkab sharoitda har ikki hududga zudlik bilan yetib borib, vaziyatni o'z nazoratiga oldi. Zarar ko'rgan aholi bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi, tashvishlariga sherik bo'ldi. “Sabr qilib, og'irlikni elkamizga olib, chidashimiz kerak. Bironta xonadon, bironta odam e'tiborsiz qolmaydi”, deya xalqni ishontirdi.
Vayron bo'lgan mahallalarni nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki undan-da yaxshi qilish, hammaning havasi keladigan maskanga aylantirishga va'da berdi. Eng katta og'irlikni o'z elkasiga olib, talafot oqibatlarini bartaraf etgan holda, hayotni tiklash ishlariga bosh-qosh bo'ldi. Bu esa jabrdiydalarga kuchli dalda, madad bo'ldi. Butun xalqimiz birlashdi. Kimdir mablag'i, kimdir mehnati bilan yordamga keldi.
Qisqa fursat ichida Sardoba tumanining “Do'stlik”, Mirzaobod tumanining “Haqiqat” hamda Oqoltin tumanining “Navbahor” mahallasida ko'p qavatli uy-joylar barpo etildi. Ilgari bu joylardagi ko'p uylarda tabiiy gaz bo'lmagan bo'lsa, endi gaz, suv, elektr energiyasi va boshqa kommunikatsiyalar bilan ta'minlangan. Yangi mavzeda mahalla guzari, do'kon, kutubxona, bolalar maydonchalari barpo etilgan. Uylarga xizmat ko'rsatuvchi servis kompaniyasi tashkil qilingan.
Pandemiya sabab ko'plab davlatlarda odamlar ishsiz, oziq-ovqatsiz qolgan bir paytda, bizda minglab xorijdagi vatandoshlarimiz olib kelindi, ularga ish o'rni yaratildi. Shunday og'ir kunlarda davlatimiz, Prezidentimiz hech bir fuqaroni himoyasiz qoldirmadi, o'z holiga tashlab qo'ymadi. Hatto eng oddiy, ko'pchilik e'tiborga olmaydigan jihatlar ham yurtboshimiz nazaridan chetda qolmadi. O'zbekiston etakchisining uzoqni o'ylab olib borgan siyosati tufayli xalqimiz bu ofatdan, qiyinchiliklardan talofatlarsiz chiqdi.
Tariximizda yangi davrning boshlanishi
Albatta, o'tgan tarixan qisqa davrda islohotlar tufayli erishgan natijalarimiz haqida uzoq gapirish mumkin. Chunki shu davrda O'zbekistonda yuz bergan o'zgarish va yangiliklarni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo hamjamiyati va chet el ommaviy axborot vositalari qo'llab-quvvatlamoqda. Mamlakatimiz rahbari bu demokratik o'zgarishlarni kimlargadir yoqish, maqtanish, turli reytinglarga kirish uchun emas, aksincha, demokratik jarayonlar xalqimizning bugungi hayoti va ertangi istiqbolini o'ylab, milliy manfaatlarimiz yo'lida amalga oshirmoqda.
Bugun Yangi O'zbekistonni demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume'tirof etilgan norma va printsiplarga qat'iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do'stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo'lgan davlat, deya baralla aytolamiz. Bir so'z bilan aytganda, O'zbekiston yana bir uyg'onish davriga qadam qo'ydi. Yangi besh yilda mamlakatimiz inson qadri ulug', huquqlari qadr topgan buyuk davlatga aylanishi muqarrar. Zotan, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Biz — dunyoga, dunyo — bizga ochiq bo'lishi kerak. Bugungi hayot, bugungi taraqqiyotning talabi ham aslida shu. Biz ana shu hal qiluvchi tamoyilni albatta hayotimiz qoidasiga aylantiramiz”.
Salohiddin Isomiddinov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati mas'ul xodimi
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 2021-yil 13-noyabr kungi sonida e'lon qilingan)