Piskent tumanimizning “G'ayrat” mahallasi hududida qurilayotgan ko'p qavatli uylarni ko'zdan kechirar ekanmiz, yaqindagina faqat qog'ozda loyihasi turgan uy-joylar bugun rostmana qad rostlayotganini ko'rib, talabalik davrlarimiz yodimga tushdi. O'sha vaqtlarda eng katta muammolarimizdan biri ijara uy topish bo'lib, bu azobni juda ko'p boshdan kechirganmiz.
Ijara uy topishning o'zi bir muammo bo'lsa, xonadon egasining ta'nayu malomatlari, tergashu taqiqlariga chidab yashash yana bir muammo bo'lar va shunday paytlarda, qaniydi kichkinagina bo'lsa ham o'z o'yimiz, o'z boshpanamiz bo'lsa, charchab kelgan vaqtimizda tinchgina hordiq olsak, istagan vaqtimizda chiroq yoqib, istagan vaqtimizda ovqat pishirsak, deb orzu qilardik. Dunyoda o'z uying, daxlsiz qo'rg'oning bo'lishidan ortiq baxt bo'lmasa kerak.
Davlatimiz tomonidan aholini uy-joy bilan ta'minlash bo'yicha olib borilayotgan siyosat tufayli, kechagina o'z uy-joyi bo'lishini orzu qilib yurganlar bugun shinam kvartiralar egasiga aylanayotganini ko'rib, quvonaman. Odamlar uyli bo'lsa, ko'ngli hotirjam, ishida unum bo'ladi. Ayniqsa, aholi soni, yangi oilalar ko'paygani sari uy-joyga talab ham ortib boraveradi.
Joriy yilning 2-noyabr kuni Prezidentimiz raisligida aholini uy-joy bilan ta'minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida bu masala yana bir bor kun tartibiga qo'yilgani bejiz emas. Unda har yili mamlakatimizda 300 000 dan ortiq nikoh qayd etilayotganini hisobga olib, yana 5 yildan keyin aholimiz soni 38 millionga yetishi kutilayotgani, qurilayotgan uylar ko'lamini shunga muvofiq kengaytirishga katta e'tibor qaratilishi zarurligi aytildi. Shahar va tumanlarda “Yangi O'zbekiston” bosh loyihasiga asosan markazlardan chetdagi, qarovsiz va tashlandiq joylarga yangi hayot berib, ko'p qavatli uy-joy massivlari qurish maqsadga muvofiqligi ta'kidlanib, ushbu yo'nalish bo'yicha aniq tavsiyalar berildi. Unga ko'ra, yaqin vaqt mobaynida mamlakatimizda 250 ming oila uy-joy bilan ta'minlanishi kerak. Davlatimiz rahbari bu borada “Bog'dod” tajribasini misol tariqasida keltirar ekan, boshqa joylarda ham shunday massivlar barpo etish bo'yicha ko'rsatma berdi.
Piskent tumanimizda bunyod etilayotgan “Yangi O'zbekiston” turar joy massivi ushbu ulkan tashabbus mahsulidir. Bu majmua “Yangi O'zbekiston” bosh loyihasida belgilangan barcha talablarga mos keladi. 19 gektar maydonda qad rostlayotgan 70 ta 5 va 7 qavatli uylar qariyb 2000 ta oilani uy-joy bilan ta'minlash imkonini beradi. Demak, maqsadlar mushtarakligi to'g'ri yo'lda ekanimizni ko'rsatib turibdi.
Uylarni ko'zdan kechirar ekanmiz, qurilish jadal olib borilmayotgandek tuyuldi. Shunda qurilish mas'ullaridan biri: “To'g'ri, ish biroz sekin siljiyapti, buning ham o'ziga xos sababi bor, nazorat tashkilotlari deyarli har kuni kelib, qurilishda foydalanilayotgan oddiy tuproqdan tortib, g'ishtu tsementimizgacha, barcha qurilish materiallarimizni tekshirib ko'radilar va har bir tekshirish xulosasi, laboratoriya natijalari chiqmaguncha qurilishni davom ettirishimizga ruxsat berilmaydi”, dedi. Bu gapni eshitib, mamlakatimizdagi har bir fuqaroning hayoti, bexatar yashashi davlatimiz zimmasida ekani, yurtimizda inson omili eng oliy qadriyat sifatida belgilab qo'yilganining yana bir isbotini ko'rgandek bo'ldik.
Haqiqatan ham uylar qurilishida eng zamonaviy va yuqori sifatli qurilish materiallaridan foydalanilayotganiga guvohi bo'ldik. Kanalizatsiya moslamalari Rossiyadan keltirilgani, chiqindi suvlar zamonaviy texnologiyalar yordamida sintez qilinishini aytishdi.
E'tiborlisi, ko'p qavatli uy-joylar aholining uy-joylarga bo'lgan talabidan kelib chiqib qurilmoqda. Xonadonlar ehtiyojmand oilalarga moliyaviy ahvoli inobatga olinib, kam foizli va uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida berilayotgani, kam ta'minlangan fuqarolarning boshlang'ich to'lovlari davlat tomonidan subsidiya asosida to'lab berilayotgani katta g'amxo'rlik belgisidir. Massivdagi dastlabki uy-joylar o'z egalariga Navro'z bayrami arafasida topshirilishi belgilangan. Qolgan xonadonlar ham loyiha rejasi asosida 2025-yilgacha qurib bitkaziladi.
Nasib qilsa, “Yangi O'zbekiston” massivi ko'rganlar havas qiladigan yashash maskaniga aylanadi. Aytishlaricha, uy-joylar atrofida juda katta obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Atrof ko'kalamzorlashtirilib, suv bo'yida alleyalar tashkil qilinadi. Maktab, bog'cha, savdo do'konlari, sport komplekslari quriladi.
Massiv atrofidagi 10 gektar yerda issiqxonalar barpo etilib, talabgor xonadon egalariga ajratish ham rejalashtirilgan. Bundan tashqari, limonzor va uzumzor bog'lar yaratish uchun yer ajratish masalasi hal etilmoqda. Qarabsizki, bu yerda istiqomat qiladigan odamlar bir yo'la ham uyli, ham ishli bo'ladi-da!
Shunday qilib, “G'ayrat” mahallasida bunyod etilayotgan “Yangi O'zbekiston” massivi tumanimizning kichik qiyofasi, yangi manzaralarini o'zida aks ettiradi. Bu kabi obod, yangi manzillar esa hammamizni katta marralar sari ilhomlantiradi.
Bashorat SATTOROVA,
jurnalist