Yangi Oʻzbekistonda milliy turizm istiqbollari

    Shahrisabz davlat pedagogika institutida shu mavzuda respublika ilmiy-amaliy anjumani bo'lib o'tdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishda turizm strategik tarmoq sifatida qaralmoqda. Hududlar turistik salohiyatini tadqiq qilish, turizm uchun istiqbolli tumanlarni aniqlash, sayyohlik turlarini diversifikatsiya qilish eng asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

    Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, «Oʻzbekiston noyob bir mamlakat boʻlib, uning hududida eng qadimgi tamaddun va madaniyatlar yuzaga kelgan, rivojlangan, oʻz jozibadorligi jihatidan dunyodagi dam olish va sayohatlar uchun eng yaxshi maskanlardan qolishmaydigan ulkan turizm salohiyatiga ega mamlakatdir».

    Joriy yilning 12-iyun kuni Shahrisabz davlat pedagogika institutida tashkil etilgan «Yangi Oʻzbekistonda milliy turizm istiqbollari» mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjuman ayni shu masalalarga qaratildi. Shahrisabz davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat transport universiteti va Qarshi davlat universiteti hamkorligida oʻtkazilgan mazkur anjumanda Rossiya Federatsiyasining Tyumen Davlat Universiteti, Turkiya davlatining Karabuk davlat universiteti yetakchi professorlari va mutaxassislari, respublikamiz oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, olimlar, tadqiqotchilar hamda institutning iqtidorli talabalari ishtirok etdi. Nufuzli anjumanni Shahrisabz davlat pedagogika instituti rektori Ж.Шоназаров va Toshkent davlat transport universiteti birinchi prorektori Д.Баратов kirish soʻzi bilan ochib berdi.

    Ushbu ilmiy-amaliy konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekiston Respublikasining turizm va rekreatsiya salohiyati, turistik yangi yoʻnalishlarni ishlab chiqish, uning infratuzilmasini rivojlantirish, tabiiy geografiya, iqtisodiy va ijtimoiy geografiya, gidrologiya, va iqlimshunoslik, marketing sohalarini rivojlantirishdagi dolzarb muammolarni yechishdan iboratdir.

    Konferensiyaning ochilish marosimida TDTU vakillari Ziyodulla Rahmatov, Maʼsudjon Masharifov, Karabuk davlat universiteti dotsent Ali Konak, Tyumen davlat universiteti dotsenti Boyarkina Yuliya Anatolevna, SHDPI professor-oʻqituvchilari Maqsud Fayzullayev, Luiza Tursunova hamda QarDU Turizm va marketing kafedrasi hamkori «Kitob sayyoh» turistik kompaniyasi rahbari Oʻrta Osiyo Turon Fanlari akademiyasi akademiki Ahad Berdiyevning mavzu yuzasidan maʼruzalari tinglandi.

    Kunning ikkinchi yarmida anjuman quyidagi 5 ta shubalarga boʻlingan holda oʻz faoliyatini davom ettirdi.

    Anjumanda mamlakatimizning ulkan turizm salohiyatidan yanada samarali foydalanish, turizm sektorida raqamli texnologiyalarni joriy etishning xorij tajribasi va ichki imkoniyatlari, mintaqada turizmni rivojlantirishda transport va marketing kommunikatsiyalari, xizmatlar sohasida aholi bandligini taʼminlashdagi asosiy muammolar, turizmga yondosh boʻlgan iqtisodiyot tarmoqlarini klaster usulida rivojlantirish hamda milliy turizm brendini rivojlantirish boʻyicha kompleks ishlar olib borish va boshqa shu kabi dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

    Mazkur anjumanda koʻrilgan masalalar va bildirilgan takliflar Oʻzbekiston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatida ham turizm xizmatlari koʻlamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish, turizm industriyasini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholining daromadlari, yashash darajasi va sifatini oshirish hamda mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligi va nufuzini yaxshilashga xizmat qiladi.