Samimiy ruhda boshlangan, ochiq muloqot tarzida o'tgan tadbirda “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, universitetning Ommaviy axborot vositalari va nashriyot bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Hasanov globallashuv jarayoni jadal kechayotgan, axborot xuruji kun sayin avj olayotgan, shu tariqa butun dunyoda xavfsizlikka tahdid kezib yurgan tahlikali bir sharoitda xolis axborotga ehtiyoj har qachongidan ham kuchayayotgani haqida gapirdi.
Bugun o'zgarayotgan dunyoda yangi diplomatiya ruhi paydo bo'lgan. Bunday davrda axborot siyosati va siyosiy ogohlik har qanday davlat taraqqiyoti va xavfsizligida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu mavzu atrofida so'z borgan uchrashuvda xolis axborot tarqatishda, aniqlik va ishonchlilik tamoyilida gazetalarning tahliliy quvvati nihoyatda muhimligi qayd etildi. Mutolaa madaniyati va uning yoshlar ongi yuksalishi uchun foydasi haqida hayotiy asosli fikrlar bildirildi.
– Prezidentimiz rahbarligida yangi O'zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans g'oyasini amalga oshirish maqsadida keng ko'lamli ishlar qilinmoqda. Davlatimiz rahbari bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining ham alohida o'rni borligini hamisha ta'kidlab, e'tirof etib keladi. Shu ma'noda, aytish joizki, bugun biz – jurnalistlar oldida juda katta vazifalar turibdi, – dedi Salim Doniyorov. – Shunday ekan, sizlar bilan uchrashuvda yana bir fikrni aytishni joiz bildik. Gap shundaki, bugungi kunda gazetalar o'z ahamiyatini yo'qotdi, deguvchilar ham topiladi. Ammo u yashovchanligini yo'qotmayotgani guvohi bo'lib kelayapmiz. Tarixga qarasak, televideniye yaratilganda radio o'z ahamiyatini yo'qotadi, degan prognoz bo'lgan. Internet paydo bo'lganida esa televideniye umriga shubha bilan qaralgan. Vaholanki, ularning barchasi bugun ham yashamoqda va o'z ahamiyatini yo'qotmagan. Demak, biz gazeta, televideniye, radio, internet saytlari va boshqa axborot manbalarini bir-biridan ajratib xulosa qilishimiz qanchalik adolatdan ekanini ham o'ylab ko'rishimiz kerak bo'ladi. Bu manbalarning barchasi birlashib, biri ikkinchisini to'ldirib yaxlit axborot makonini tashkil etadi, bir maqsad uchun xizmat qiladi, – dedi Salim Doniyorov.
“Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va ularning yorqin samarasi, xalqimiz quvonchi, dardu tashvishlarini ko'p sonli o'quvchilarga yetkazishi tufayli o'tgan qisqa davr mobaynida katta auditoriyani qamrab olgani, tahliliy-tanqidiy mazmundagi maqolalar bilan bugungi islohotlar natijadorligiga munosib hissa qo'shib kelayotgani alohida tilga olindi.
Tahririyat faoliyati, jumladan, gazetalarning yangi qiyofasi, mediakonvergensiya jarayonlari, jurnalistlarning ixtisoslashuvi va ko'p qirralilik qobiliyati haqida batafsil ma'lumot berildi.
“Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bugun nafaqat gazeta chop etadi, balki internetda, ijtimoiy tarmoqlarda ham juda faol. Zamonaviy, katta imkoniyatlarga ega texnologiyalar yordamida faoliyat yuritmoqda. Jumladan, www.yuz.uz veb-sayti, yuz_official Telegram kanali, Instagram, YouTube, Facebook kabi platformalarda ham o'z o'quvchilariga ega. Bu platformalarda tezkor axborotlar, tahliliy materiallar, videointervyular, suhbatlar berib boriladi va ularni har kuni yuz minglab o'quvchilar kuzatib boradi. Shuningdek, tahririyat xodimlari bir vaqtning o'zida internet televideniye yo'nalishida ham ish olib bormoqda. Ular dolzarb mavzularda tahliliy suhbatlar uyushtirib, internet orqali o'quvchilar e'tiboriga tushayotgani ham bor gap.
Tahririyatning alohida bir xususiyati mamlakatimizdagi eng keksa nashr – “Pravda Vostoka” va eng yosh nashr – “Yangi O'zbekiston” gazetalari birligida ham ko'zga tashlanadi. Bu yangi O'zbekistonda tarixga hurmat ruhi qadrlanayotgani va yangilanayotgan jamiyatimizning ulug'vor qiyofasini yaratishda ilg'or tajribalar uyg'unlashayotganidan dalolat beradi.
Talaba-yoshlar gazeta faoliyatiga doir fikrlarini aytar ekan, “Yangi O'zbekiston” gazetasining lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosidagi elektron nusxasi ham yo'lga qo'yilganini e'tirof etib, har ikki gazetaning elektron shakli rasmiy veb-sayt orqali keng omma e'tiboriga taqdim etilayotgani haqida iliq fikrlarini bildirdi.
– “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarini o'qib boramiz, tahririyatning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida berilayotgan xabarlar ham o'zining ishonchliligi bilan ajralib turadi, – deydi universitet talabasi Bekzod Po'latov. – Biz uchun gazetalarda berilayotgan tahliliy maqolalar, ayniqsa, juda muhimdir. Chunki bugungi dunyoda bo'layotgan voqea-hodisalar, mamlakatimizning xalqaro munosabatlardagi qat'iy pozitsiyasini teran anglash har birimiz uchun juda zarurdir. Shu ma'noda, “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati jamoasi bilan bo'lib o'tgan bugungi uchrashuv axborot siyosatiga doir qarashlarimizni yanada boyitdi.
Uchrashuvda talabalarning taklif va savollari eshitilib, ularga aniq misollar bilan javob berildi. Universitet talabalari, yosh tadqiqotchilari bilan ijodiy hamkorlik qilishga kelishib olindi. Yoshlarga tahririyatning esdalik sovg'alari ulashildi.