Mazkur maʼruzaning tarixiy ahamiyatini tahlil qilar ekanmiz, Davlatimiz rahbari turkiy dunyoning nufusi eng koʻp davlatlaridan biri — Oʻzbekiston nomidan oʻz ona tili — oʻzbek tilida nutq soʻzlaganini alohida taʼkidlash joiz. Shu bilan birga, Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyatning oddiy ishtirokchisi emas, balki bugungi tahlikali va murakkab vaziyatdan chiqish boʻyicha faol tashabbuskor davlat sifatida namoyon boʻldi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini yana-da rivojlantirish va mintaqada tinchlik oʻrnatish boʻyicha doimo tayyorligini yana bir bor namoyish etdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan xalqaro hamjamiyatni tashvishga solib turgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan konseptual jihatdan mutlaqo yangi 10 ta tashabbus ilgari surildi. Mazkur tashabbuslarning 3 tasi muhim xalqaro huquqiy hujjat qabul qilish, BMT rahbarligida 2 ta institutni tashkil etish hamda xalqaro hamjamiyat muhokama qilishi dolzarb ahamiyat kasb etayotgan xalqaro yigʻilishlarni oʻtkazish bilan bogʻliq.
Jumladan, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va kasallik tarqalishining salbiy oqibatlarini yengib oʻtishda birgalikda harakat qilish hamda global hayotda davlatlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeks qabul qilish taklifi ilgari surildi. Mazkur tashabbus pandemiya sharoitida barcha aʼzo davlatlar va boshqa tuzilmalar, dunyo xalqlari manfaatlarini aks ettirgani bois barchada birdek katta qiziqish uygʻotdi.
Xalqaro miqyosdagi mazkur hujjat yuzaga kelgan tahlikali vaziyatga davlatlarning tezkor va hamkorlikdagi kechiktirib boʻlmas saʼy-harakatlarini oʻzida aks ettiradi. Quyidagi obyektiv omillar mazkur xalqaro dasturiy hujjatning ahamiyatini yana bir bor koʻrsatib turibdi.
Birinchidan, bugungi sinovli davrda inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish katta xavf ostida qolmoqda. Global miqyosda xalqaro yordam va hamkorlik dasturining izchil amalga oshirilmasligi koʻplab mamlakatlarda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni toʻliq amalga oshirishda jiddiy muammolarni yuzaga keltirishi tabiiy.
Ikkinchidan, hozirgi inqirozning asosiy muammolaridan biri aholini zarur oziq-ovqat va dori-darmon vositalari bilan uzluksiz taʼminlash boʻlib qolmoqda. Ishtirokchi davlatlar xalqaro shartnomalarda sogʻliqni saqlash huquqining eʼtiborga olinishini taʼminlashi muhim hisoblanadi.
Uchinchidan, pandemiya sharoitida taʼlim tizimi ham global miqyosda jabr koʻrmoqda. Ijtimoiy saqlanish hozirgacha koronavirus infeksiyasi oldini olishning eng samarali usuli boʻlib qolmoqda. Bu kabi chora-tadbirlar taʼlim muassasalari va tegishli infratuzilmalar ishiga salbiy taʼsir etdi. YUNESKO maʼlumotlariga koʻra, inqiroz avjiga chiqqan paytda 190 dan ortiq mamlakatdagi maktablarning yopilishi sababli 1,6 milliard, yaʼni dunyoning 94 foiz oʻquvchisi jabr koʻrgan. Oliy taʼlim tizimida esa talabalar soni 3,5 foiz, yaʼni 7,9 million nafarga kamayishi mumkin.
Pandemiya bandlik sohasini ham chetlab oʻtmadi. Xalqaro mehnat tashkiloti hisob-kitoblariga koʻra, ishchilarning faqat 18 foizigina masofadan turib ishlashga imkon beradigan joylarda ishlaydi. Taxminan har 10 ta ishchidan 6 tasi norasmiy iqtisodiyot sohasida mehnat qiladi. Global miqyosda aytadigan boʻlsak, pandemiya 2 milliard ishchidan 1,6 milliardining tirikchilik vositalaridan mahrum boʻlishga toʻgʻridan toʻgʻri xavf solmoqda.
COVID-19dan eng koʻp aziyat chekkanlar bu qochoqlar, boshpana izlovchilar, koʻchirilganlar hamda mehnat muhojirlari, shu jumladan, rasmiy hujjatga ega boʻlmaganlar (taxminan 70 million kishi) hisoblanadi. Ularning aksariyati rasmiy va norasmiy lagerlarda, qochoqlarni qabul qilish va vaqtincha saqlash markazlarida yashamoqdalar. Albatta, ular toza suv, sanitariya hamda tibbiy yordam kabi eng zarur neʼmatlardan foydalana olmasligi insoniyatni tashvishga solishi zarur.
COVID-19 fonida tengsizlik mamlakatlar oʻrtasida ham oʻta keskinlashdi. Rivojlanmagan mamlakatlarda aholi sogʻligʻining holati yaxshi emas va sogʻliqni saqlash tizimlari pandemiya bilan kurashishga tayyor deb boʻlmaydi. Masalan, AQSH inqirozga qarshi choralar sifatida trillionlab dollar ajratishi mumkin, lekin Ekvador, Nigeriya yoki Pokiston kabi davlatlar shu kabi keskin choralar koʻrishga iqtisodiy jihatdan tayyor emas. Mazkur qiyosiy tahlil bizga iqtisodiyotni qutqarish boʻyicha global reja kerakligi hamda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish dolzarb ahamiyatga ega ekanini yana bir bor koʻrsatib bermoqda.
2017-yil 19-sentyabrda davlatimiz rahbari BMT oliy minbaridan turib BMTning Yoshlar huquqlari boʻyicha konvensiyasini qabul qilish tashabbusi bilan chiqqandi. Bu tashabbus global hayotga joriy etilayotgani masalaning muhim jihatidir. Bugungi kunda dunyoda yoshlar 2 milliarddan ortiq. Bu esa oʻz oʻrnida jahon hamjamiyatidan inson kapitali hamda innovatsion salohiyatni rivojlantirishda yoshlar imkoniyatlaridan toʻgʻri va samarali foydalanish, shu bilan birga, ular huquqlarini himoya qilishga oid yangicha tendensiyalar va yondashuvlar talab etadi. Joriy yilning 12-13-avgust kunlari azim Samarqandda “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzuyida oʻtkazilayotgan inson huquqlari boʻyicha forumda mazkur hujjat loyihasi 80 dan ortiq xalqaro va hududiy tashkilot hamda 20 dan ortiq milliy institut vakillari ishtirokida muhokama qilinganini alohida eʼtirof etish lozim.
Aytish mumkinki, Yoshlarning rivojlanish indeksi (YDI) yoshlarga oid davlat siyosati xalqaro hamjamiyatning doimiy eʼtiborida boʻlishi lozimligini yana bir bor koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilinishi kutilayotgan mazkur hujjat “Yoshlar – 2030” BMT yoshlar strategiyasini hayotga tatbiq etish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni taʼminlashning muhim omili boʻlib xizmat qiladi. Shu sababli davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyatdan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga yana bir bor chorladi.
BMT Bosh Assambleyasining parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish boʻyicha prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan taklif Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda muhim qadam boʻlib xizmat qiladi. Xalq vakillaridan insoniyat boshiga tushgan global kulfatlarda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlikni rivojlantirish, davlatlarning ezgu maqsad-muddaolarini birlashtirish yoʻlida yangi usul va vositalardan foydalanish, boshqacha aytganda, ishga global tafakkur asosida yondashish talab etiladi.
Soʻngsoʻz oʻrnida aytish mumkinki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar Yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlarning ertasiga, kelajagiga daxldorligi bilan ajralib turadi.
Sardor YUSUPOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra mudiri,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori