Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻladi.
Shavkat Mirziyoyev
Axir, yurtimiz baxtiyor yoshlar mamlakati boʻlib, mamlakatimiz aholisining qariyb 64 foizini yoshlar, yaʼni 30 yoshgacha boʻlganlar tashkil etadi. Albatta bu, davlatimiz zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklashini koʻz oldimizga keltirsak, juda katta eʼtibor, gʻamxoʻrlikni talab etadi, ikkinchi tomondan yoshlarimizga koʻrsatiladigan eʼtibor, ertaga ulkan yutuq va natijalarini ham beradi. Chunki hozir Oʻzbekiston mehnat resurslarining yarmidan koʻpi yoshlardir. Kelgusida har uchinchi rahbar ham yoshlardan boʻladi.
Shu bois ham, yoshlar barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida eʼtirof etib kelingan. Sharq Uygʻonish davrida ham, jadidlar faoliyatida ham, jamiyatning yangilanishida yoshlarning oʻrni beqiyos boʻlgan. Shu jihatdan muntazam shakllanib boruvchi bu qatlam doimiy yoʻnaltirib va qoʻllab-quvvatlab turishni talab etadi... Bu esa, davlat tomonidan yoshlarning mamlakat manfaatlari yoʻlida erkin ijtimoiylashuvi va oʻzini samarali namoyon etishi uchun maqbul sharoit va imkoniyat yaratish hamda yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi yoshlarga oid davlat siyosatini anglatadi. Shu bois, mamlakatimizda eng katta eʼtibor mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor,shijoatli yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan boʻlib, bu vazifa Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-4947-son, 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi PF-5106-son, 2018-yil 25-yanvardagi “Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5313-son farmonlari, shuningdek, koʻplab qaror va yoshlarga oid boshqa qonun hujjatlarida belgilangan. Ayniqsa, bu borada “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashning huquqiy mexanizmlarini yaratish sohasidagi yangilik boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi.Maʼlumki, mazkur qonun 4 bob, 33 moddadan iborat boʻlib, davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish, ularning intellektual, ijodiy va boshqa salohiyatlarini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutgan. Unda belgilangan normalar yoshlar huquq va erkinliklarini taʼminlangan.
Xususan; ushbu qonunning 5 moddasida yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilangan. Ushbu yoʻnalishlardan davlat tomonidan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasida qanchalik ulkan vazifalar qamrab olinganligini, endilikda mazkur qonun yoshlarga qanday imkoniyatlarni kafolatlayotganligini koʻrish mumkin.
Shuningdek, qonunda yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari, iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni, yoshlar tadbirkorligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, yoshlar ijtimoiy xizmatiga oid normalar oʻz aksini topgan. Jumladan, Oʻzbekistonda buyuk alloma Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgan, uning mantiqiy davomi sifatida fizika boʻyicha Ahmad Fargʻoniy, kimyo fani boʻyicha Abu Rayhon Beruniy, biologiya boʻyicha Abu Ali ibn Sino, astronomiya boʻyicha Mirzo Ulugʻbek nomlaridagi xalqaro fan olimpiadalari tashkil etilishi, iqtidor va isteʼdodli yoshlarni qoʻllab quvvatlashdir. Mana, amalda bugun ijod, prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablarning faoliyati, oltin,kumush medal joriy etilgani, fan olimpiadasi gʻoliblari, Zulfiya, “Mard oʻgʻlon” “Kelajak bunyodkori” kabi davlat mukofotlarini joriy etilganining tub maqsadi, qonunning hayotiyligi va ijrosini taʼminlashdir. Qonunning ahamiyatli tomoni yana shundaki, unda Yoshlarning tadbirkorlik bilan shugʻullanishlari uchun sharoitlar yaratish, ularni turli zararli illatlar taʼsiridan himoya qilish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish kabi muhim vazifalarni hal etish maqsadida “Yoshlar –kelajagimiz” davlat dasturi doirasida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshida “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi tuzilib, yoshlar biznes tashabbuslarini, startap, gʻoya va loyihalarini amalga oshirishlari uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz miqdorida imtiyozli kreditlar va lizing xizmatlari koʻrsatish; hamda dastur doirasida ajratilayotgan kreditlar miqdorining 50 foizidan oshmagan miqdorda kafilliklar berish kabi imtiyozlarni amalga oshirdi. Shuningdek, dastur doirasida yosh tadbirkorlarning biznes tashabbuslari, startap, gʻoya va loyihalarini amalga oshirishda maslahat, huquqiy, buxgalteriya va boshqa xizmatlar koʻrsatish, forumlar, master klass hamda seminarlar tashkil etish maqsadida “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazlari ham amaliy yordamga yoʻnaltirilgandi.
Ayniqsa, uyushmagan yoshlar uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash, tashabbuslarini ragʻbatlantirish borasidagi chora-tadbirlar soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarildi. Bunda tuman va shaharlarda ushbu hududlar prokurorlari boshchiligida, tuman hokimining yoshlar siyosati boʻyicha oʻrinbosari, ichki ishlar boʻlimi boshliqlarining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shahar kengashlari raislari hamda tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlarining rahbarlari ishtirokida yosh tadbirkorlikni qoʻllab quvvatlash boʻyicha komissiyalar tuzish belgilab qoʻyilgandi. Besh tashabbusning har bir yoʻnalishini tuman va shaharlarda tizimli amalga oshirish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Yoshlarimiz uchun , ayniqsa, qizlarimizning yana-da ilmli boʻlishlari uchun, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga xotin-qizlarni oʻqishga qabul qilish uchun 30 foiz maqsadli kvota ajratish masalasi koʻtarilgan boʻlsa, endilikda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-fevraldagi qarorida Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlariga davlat oliy taʼlim muassasalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasining oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozlar belgilangan edi. Jumladan, terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan tan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga tavsiyanoma asosida: Oliy taʼlim muassasalariga kirishda tanlovsiz, belgilangan qabul parametrlaridan tashqari davlat granti asosida oʻqishga kirish imtiyozi berilgandi.Bu imtiyoz yoshlar uchun kutilmagan eʼtibor: ularda vatanparvarlik va ota-onasiga nisbatan yana-da gʻurur va iftixor baxsh etganining guvohimiz. Chunki, mazkur tavsiyanoma va taqdimnomalarning amal qilish muddati uch yil deb belgilab ham hikmatli qadamdir. Qadimda Aristotel litsey, Aflotun akademiya tashkil etib aholining bilim saviyasini oshirishga xizmat qilishgan boʻlsa, jadidlarimiz oʻz mablagʻi hisobidan maktab ochgan boʻlsa, hozirgi davrda yoshlar masalasi eng dolzarb mavzuligini bir daqiqa ham unutmasligimiz shart va zarur. Aynan ertangi kunimiz unib-oʻsib kelayotgan yoshlarning idroki, dunyoqarashi, bilimi va hunariga bevosita bogʻliq boʻladi. Yoshlarning bilim olish istagini hamisha birinchi galdagi vazifa sifatida qaralishi muhimdir. , 2020/2021 oʻquv yili bakalavr darajasiga 145 mingdan ortiq, yaʼni oʻquv yiliga nisbatan 15,6 foizga koʻproq talaba qabul qilish koʻzlanmoqda, bu yilgi yaʼni 2020/21 oʻquv yili uchun OTMlarga qabulda 8694ta imtiyozli grant kvotasi ajratilgani ham diqqatga sazovordir. Imtiyozli kvotalar 7 xil toifadagi abituriyentlarga berilmoqda.. Yangi oʻquv yilidan boshlab Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega boʻlgan qizlar uchun kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha tasdiqlangan davlat grantlariga nisbatan 4 foiz miqdorda alohida grant oʻrinlari ajratiladi. Shuningdek, 2020/2021 oʻquv yilida “Matematika” va “Tabiiy fanlar” taʼlim sohalari boʻyicha magistratura mutaxassislari uchun davlat buyurtmasi parametrlari toʻliq davlat granti asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, Soʻx tumanida istiqomat qiluvchi umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilariga OTMlarga kirish uchun alohida 500ta davlat granti kvotasi ajratilgani ham xushxabardir. Har tugul davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga oʻqishga kirish, shuningdek, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishni koʻchirish va qayta tiklash uchun hujjatlarni topshirish jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshirilishi ham yoshlar uchun yaratilgan eng maqbul imkoniyatdir. Bu Oʻzbekistonning kelajagi yoshlarimizning umid yulduzidir.
Bunday davlat siyosatini koʻrgan yoshlar albatta, davlatimiz rahbarining Vatan iftixorlari instituti tashkil etish, yoshlar orasida oilaviy ajrimlar sonini kamaytirish maqsadida Faxriylar ibrati maslahat kengashi faoliyatini tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifini qoʻllab-quvvatlaydi. Prezidentimiz 2019-yil 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvida Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligini tashkil etish tashabbusi, oʻsib kelayotgan avlod auditoriyasiga yoʻnaltirilgan tele va radiokanallar, bosma nashrlarni birlashtirib, “Yoshlar media xoldingi” tashkil etish taklifi ayni muddaodir. Albatta, hayotda yoshlar nimani koʻrsa, albatta, unga ishonadi va ergashadi. Xususan, oʻtgan yillar davomida yoshlarga oid ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi 20 dan ortiq qonun, mamlakatimiz Birinchi Prezidentining 30 dan ortiq farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 100 ga yaqin qarorlari qabul qilindi. Xususan, qonun hujjatlarida yoshlar uchun mustahkamlab qoʻyilgan qoʻshimcha kafolatlar: bepul umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi olish, taʼlim muassasalarida oʻqishga imtiyozli kreditlar taqdim etish, taʼlim muassasalarini bitirganidan keyin yoshlarning bandligini taʼminlash, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash, yoshlarning dam olish va sogʻlomlashtirish tashkilotlari tizimini rivojlantirish va boshqa shu kabi muhim masalalar alohida moddalarda koʻrsatilgan.
Shuningdek, mazkur qonun orqali mukofotlar, stipendiyalar belgilash, taʼlim grantlarini taqdim etish, fan, madaniyat va sanʼat sohasida ijodiy ustaxonalar va maktablarni tashkil etishga koʻmaklashish, sport seksiyalari faoliyatini tashkil etish orqali isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalalari ham tartibga solmoqda.
Ayniqsa, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun amalda Oʻzbekistonda yoshlar huquq-manfaatlarining huquqiy kafolatlari yana-da kuchayayotganligini anglatish barobarida ertangi kunda mamlakatimiz yoshlarining yangi-yangi marralarni zabt etishiga, ularning yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishiga zamin yaratmoqda.
Demak, bunday keyin “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonun mamlakatimizda yoshlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini mustahkamlashga, yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar masʼuliyatini kuchaytirishga, ushbu sohada sogʻlom, barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Har bir ota-ona, har bir xonadon, har bir mahalla,bugungi kunda farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasini eng asosiy vazifa sifatida bilib, yoshlarni xalqimizga yot va yangi avlod ongi uchun zararli boʻlgan salbiy taʼsirlardan himoya qilish, millat va davlat taraqqiyotini dunyo hamjamiyatiga koʻrsatishga qodir boʻlgan yosh avlodni tarbiyalashi ham qarz, ham farzdir. Zero, inson hayoti odob-axloq, taʼlim-tarbiya bilan bevosita bogʻliq.
Unutmang, yangi Oʻzbekiston yoshlari - kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori.
Firuza Muhiddinova,
TDYUU professori, yuridik fanlar doktori