Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy qiyofasi yoxud yorugʻ kelajak poydevori qanday qoʻyilmoqda?

    Мамлакатлар тараққиётида маънавият, маданият бирламчи масалалардан бири ҳисобланади. Айниқса, ҳозиргидек глобал дунёда ўзликни сақлаб қолиш, ягона халқ бўлиб олға интилишда санъат ва маданиятнинг аҳамияти катта. Юртимизда эзгулик, инсонпарварлик тамойилига асосланган “Миллий тикланишдан — миллий юксалиш сари” ғояси кенг тарғиб этилмоқда. Бу жамиятимизда соғлом дунёқарашни ривожлантириб, бунёдкорлик ташаббусини умуммиллий ҳаракатга айлантиришга хизмат қиляпти. Халқимиз қалбида бугунги ислоҳотларга ишонч, тинч ва осойишта кунларга шукроналик, эртанги ёруғ келажакка умидни тобора кучайтирмоқда. Мазкур ислоҳотлар жараёнида маданият ва санъатга, унинг тараққий топишига алоҳида эътибор қаратилмоқда.

    “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gaze­talari tahririyati mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar rahbarlari bilan intervyular tashkil etib, sohadagi oʻzgarishlar, kelajakdagi rejalar, islohotlar mohiyatini ochib berishga harakat qilib kelmoqda. Ushbu anʼanani davom ettirgan holda bu galgi suhbatdoshimiz madaniyat vaziri Ozodbek NAZARBEKOV boʻldi.

    — Suhbatimizni yangi Oʻzbekiston gʻoyasini shakllantirish, rivojlantirishda Madaniyat vazirligi faoliyati, uning oʻrni, ahamiyati haqida boshlasak.

    — Yangi Oʻzbekiston bugun nafaqat madaniyat, balki barcha sohada dunyoga ochildi. Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi, undagi islohotlarni dunyoga tanitishda sport va madaniyat eng koʻp natija ­beradigan soha ekanini barchamiz yaxshi bilamiz.

    Prezidentimiz tashabbusi, siyosiy irodasi sabab dunyo mamlakatlari bilan madaniy aloqalar mustahkamlanib boryapti. Masalan, har yili Oʻzbekistonda toʻrt-beshta davlatning madaniyat kunlari oʻtkazilmoqda. Oʻz oʻrnida, boshqa mamlakatlarda Oʻzbekiston madaniyat kunlari tashkil etilmoqda.

    Avval faqat “Sharq taronalari” xalqaro fes­tivali oʻtkazilardi. Hozir har yili kamida 2-3 ta xalqaro festival tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, soha rivoji uchun huquqiy asos boʻladigan oʻnlab hujjatlar qabul qilindi. Shuning oʻziyoq keyingi yillarda sohadagi keskin oʻzgarishlardan darak.

    Xalqaro darajadagi madaniy tadbirlar Oʻzbekiston imijini yaratishda qoʻl keladi, oʻzbeklar kim, degan savolga javob beradi. Yevropa, umuman, rivojlangan davlatlarda yirik koʻrgazmalar, madaniyat kunlari, teatr­lar namoyishi tashkil etish aynan shu maqsadga xizmat qiladi.

    — Oʻzbek xalqining madaniyati, ajdodlarimiz merosini xorijda keng targʻib qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirilyapti. Bugun yurtimiz madaniyati haqida xorijda ancha keng tasavvur paydo boʻldi. Oʻzimizning bebaho madaniyatimiz boʻlgani holda boshqa xalqlar bilan madaniy hamkorlik qilamiz. Biroq bu hamisha ham ijobiy boʻlmaydi. Ayniqsa, yoshlarimizga salbiy taʼsir koʻrsatib, ularni boshqa yoʻllarga jalb etishga xizmat qilishi mumkin. Qisqacha aytganda, yoshlarimizni mafkuraviy taʼsirlardan himoya qilishda bizga qanday qoʻllanmalar kerak?

    — Bu Madaniyat vazirligini doimiy bezovta qiladigan va hech qachon kun tartibidan tushmaydigan dolzarb masala. Shuning uchun bu borada har kuni izlanamiz, ijobiy javob qidirishdan hech qachon toʻxtamaymiz. Darhaqiqat, mafkuraviy tahdidlar oʻz shaklini kun sayin oʻzgartirib boryapti. Bugun axborot jangida kim kuchli boʻlsa, oʻsha tomon koʻproq gʻolib boʻlyapti. Xatarli tomoni shundaki, ommaviy madaniyatning tajovuzi kun sayin ortmoqda. Afsuski, shunday vaziyatda dunyoda adolat mezonlarini taʼminlashi kerak boʻlgan tashkilotlarning oʻzi adolatsiz qarorlar qabul qilyapti. Buni insoniyat koʻrib, bilib turibdi. Oʻylaymanki, shunday vaziyatda madaniyat sohasi oyoqqa turishi, soha vakillari koʻproq maydonga chiqishi kerak.

    Yodingizda boʻlsa, oʻtgan yili 22-dekabrda Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida davlatimiz rahbari bugun jamiyatning, balki butun insoniyatning maʼnaviy islohotchilarga juda katta ehtiyoji borligi haqida gapirgan edi. Zero, iqtisodiy rivojlangan har qanday davlatda ham maʼnaviy inqirozni koʻryapmiz. Demak, insoniyat hayotida madaniyatning oʻrni juda muhim. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida. Koʻpincha insonlarga individual madaniyat taklif qilinmoqda. Umuminsoniy madaniyatdan voz kechib, mana shunday normalarni qabul qilayotganlar ham topiladi, afsuski.

    Oʻzbekistonda madaniyat sohasida boʻlayotgan islohotlar mana shunday xurujlarga qarshi turishga, hozirjavoblik bilan ish yuritishga qaratilgan. Yurtimizda tashkil etilayotgan xalqaro forumlar, ularda oʻrtaga tashlanayotgan mavzular nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo yoshlarini gʻoyaviy xurujlardan asrashga qaratilgan. Ularda soha vakillari, professor-olimlarning qarashlari, xulosalari oʻrtaga tashlanmoqda. Muammoni hal qilishga qaratilgan yechimlar berib borilmoqda. Madaniyat sohasi strategiyalarida yoshlarni tom maʼnoda oʻzbek farzandi etib tarbiyalash oʻz aksini topgan. Buning uchun, albatta, vaqt kerak. Dastlabki qadamlar natija bera boshladi.

    Mafkuraviy tahdidlarni biror chegara toʻxtatib qola olmaydi. Ular farzandlarimiz ongigacha yetib kelmasligi uchun faqat mafkuraviy qurolgina yordam beradi. Shu bois, bolalarimizni toʻgʻri tarbiyalab, koʻproq buyuk ajdodlarimiz hayoti, faoliyatini oʻrgatishimiz kerak. Genimizdagi insoniy fazilatlarni yanada faollashtirsak, har qanday tahdidga qarshi tura olamiz. Chunki yuksak salohiyatli, isteʼdodli xalq vakili ekanimiz koʻp bora isbotlangan.

    Bir asr davomida oʻzligimizni unuttirishga jiddiy harakatlar boʻldi. Oʻsha hujayralarni uygʻotish davri keldi. Bugun yuritilayotgan siyosat ham aynan yoshlarimizni uygʻotishga qaratilgan. Agar mana shu marraga yetishda davlatimiz rahbari bilan yelkama-yelka tursak, har qanday gʻoyaviy tahdidlar bizni chetlab oʻtadi.

    Farzandlarimizni tarbiyalash, ularning ongida shakllanayotgan zamonaviy shaxs tushunchasi haqida gaplashsak. Yoshlarni zamonaviy shaxs sifatida shakllantirishda teatrlarning oʻrni juda katta. Avvalo, bu maqsadga xizmat qiladigan bosh boʻgʻin — qoʻgʻirchoq teatrlari qanday holatda?

    — Toʻgʻri savol berdingiz. Zero, Behbudiy bobomiz aytganidek, teatr bu — ibratxona. Unda har qanday tomoshabin oʻzini koʻradi. Agar kamchiligi boʻlsa, isloh qiladi. Yutuqlari boʻlsa, quvonadi. Aytmoqchimanki, sahna asarlari, albatta, tomoshabin hayotining qaysidir qirrasini ochib beradi. Qoʻgʻirchoq teatrlarining ishlash uslubi bir oz eskirdi. Kun talabiga toʻliq javob bermaydi. Hozir qoʻgʻirchoq teatrlarining kundalik vazifalarini qayta koʻrib chiqyapmiz. Ular sahnada faoliyat yuritishi bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda ham oʻz kontenti bilan faol boʻlish talabini qoʻymoqchimiz. Har bir viloyatda bittadan qoʻgʻirchoq teatri bor. Ammo farzandlarimizning oʻn foizini ham spektakllarga qamrab olish imkoni yoʻq. Demak, qamrovni oshirishning optimal yechimi — ijtimoiy tarmoqlarda faol boʻlish.

    Teatr jamoalari yoshlarni oʻziga jalb qiladigan kontentlar tayyorlab borishi zarur. Sahnada qanday ishlansa, ijtimoiy tarmoqda ham shunday masʼuliyat boʻlsin. Zero, mazkur yoʻnalishda bolalarimiz uyda kompyuter, telefon orqali foydalanadigan milliy kontentlar kam. Oʻsha boʻshliqni toʻldirish maʼnosida ham qoʻgʻirchoq teatri xodimlarining yangicha shaklda, taʼsirchan mexanizm asosida ishlashini rejalashtiryapmiz. Konsepsiya ishlab chiqqanmiz.

    Koʻpincha nabiralarim bilan suhbatlashib, ularning, bolalarimiz ongida qanday qahramonlar shakllanayotgani bilan qiziqaman. Afsuski, ular orasida milliy qahramonlar deyarli yoʻq. Avvalo, milliy qahramonlarimizni shakllantirish, bolalar ongiga singdirish zarur. Buning uchun qahramonlarni zamonaviy shaklda taqdim etish kerak. Hozir yoshlarda dunyodagi eng yaxshi kontentlarni koʻrish, taqqoslash imkoni bor. Shuning uchun bu borada oldimizda jiddiy vazifalar turibdi. Albatta, bu oson ish emas. Ayniqsa, mutaxassislar masalasi. Biroq bir narsadan xursandman, biz muammolar sababini koʻra olyapmiz. Bu yechimning yarmi degani. Asta-sekin mablagʻ bilan bogʻliq va boshqa masalalarni ham hal qilamiz. Buning uchun besh-oʻn yillik dastur qabul qilishimiz zarur. Yaʼni ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilsa, aniq natijaga erishamiz. Shu maʼnoda, barcha choralarni koʻryapmiz. Avval milliy qahramonlarimizni tanlab, saralab olish kerak.

    Ajdodlarimizni, qahramonlarimizni yoshlarga tanitishda ularni faqat bitta obrazda taqdim etamiz. Masalan, Amir Temurning bolaligi, oʻsmirligi haqida yoshlarga mos kontentlar yoʻq. Yosh bolaga oʻrta yoshdagi qahramon hayoti qanchalik qiziq? Bolaga milliy qahramonlarimizning bolaligi, oʻsmirlarga oʻziga teng yoshdagi holatini ochib berishimiz kerak axir. Yuqorida aytilgan konsepsiyada shular ham nazarda tutilgan.

    — Keling, endi ijtimoiy, maishiy yoʻnalishda ham suhbatlashsak. Bu yil madaniyat sohasi vakillaridan 35 nafariga imtiyozli uylar berildi. Ijod, sanʼat ahliga yana qanday imtiyozlar, yengilliklar, qoʻllab-quvvatlovlar bor?

    — 2019-yilda madaniyat xodimlariga uy qurib berish uchun vazirlikka yer ajratildi. Bunyodkorlik ishlarida tadbirkorlar bilan hamkorlik qildik. Ular bizga arzon narxda uylar qurib berdi. Shundan 35 ta uyni soha vakillariga topshirdik. Nasib qilsa, bahorda yana 40 ga yaqin uyni egalariga berishni maqsad qilganmiz. Bu ham yurtimizda madaniyat sohasiga qaratilayotgan eʼtibor samarasi.

    Ochigʻi, ayrimlar madaniyat-sanʼat vakili deganda katta sahnadagi sanoqli sanʼatkorni tushunadi. Sohaning qolgan 40 ming vakilini ham shunday tasavvur qiladi. Ammo soha vakillari ichida ijtimoiy ahvoli ogʻir boʻlganlar talaygina. Bir necha bor yotoqxonada yashaydigan sanʼatkorlarning uyiga bordim. Ahvolni koʻrib, toʻgʻrisi, achinasiz, bir xonali uyda 5-6 kishi yashayapti. Yigirma yildan beri shu ahvolda yashab kelayotganlar bor. Shu uyda farzandlarni ulgʻaytirgan, el xizmatiga qoʻshgan. Agar ularni shu holida tashlab qoʻysangiz, umrbod shaxsiy uyiga ega boʻlmasligi mumkin. Chunki ular sohaning fidoyilari. Ishini yaxshi koʻradigan insonlar. Qiyinchiliklarga qaramay, maosh kam boʻlganida ham oʻzini biznes yoki boshqa sohaga urmagan. Eng boʻronli, ayozli kunlarda ham sohani yelkasida koʻtarib kelgan aynan oʻshalar. Madaniyat va sanʼatga oʻzini bagʻishlagan odamlar ular. Axir imtiyoz, ragʻbatga eng munosib insonlar shular emasmi?!

    Ilgari madaniyat xodimlari boshqa sohalardagiga nisbatan majburiy mehnatga ikki baravar koʻproq jalb etilardi. Faoliyatga haq toʻlamaslik koʻplab xodimlar hafsalasini pir qilgan edi. Ayniqsa, raqs guruhlari, folklor jamoalari, orkestrlarda, xor jamoalarida faoliyat yuritadigan, faqat maosh evaziga hayot kechiradigan xodimlarga ikki-uch oylab haq toʻlanmasdi. Biroq ular har kuni ishga borardi. Katta tadbirlarga tayyorgarlik jarayonida hatto suv berilmagan vaqtlar boʻlgan. Bugun davlat tadbirlarida ishtirok etayotgan ijodkorlar mehnati haqli ravishda ragʻbatlantirilmoqda. Albatta, muayyan vaqtdan beri hududlardagi tashkilotlar bunday xizmatdan bepul foydalangan. Sanʼatkorlar tekin xizmat qilishi kerak, degan qarash shakllangan. Buni bir yoʻla oʻzgartirish oson emas. Asta-sekin mana shunday eskicha qarashlarga barham berilyapti. Bu jihatlar sohadagi katta masalalar yechimi boʻldi.

    — Soha vakillariga berilayotgan imtiyozlar, qolaversa, ularning huquqlari haqida batafsil tushuncha berganingiz uchun rahmat. Huquqbuzarlik holatlari, korrupsiya va unga qarshi kurash masalalari haqida ham aytib oʻtsangiz.

    — Darhaqiqat, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda Jumladan, Madaniyat vazirligida ham korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish masalasida ish rejalari qabul qilingan. Mazkur yoʻnalishda toʻgʻri yechim har qanday pul operatsiyasida inson omili boʻlmasligida deb bilamiz. Shu bois, sohada mutlaq raqamlashtirish ishlari boshlangan. Ayniqsa, iqtisodiy yoʻnalishlarda raqamlashtirish jadal kechyapti. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimimizda huquq-tartibot organlari xodimlari bilan hamkorlikda targʻibot, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

    Teatrlar, filarmoniyalarning rahbarlari — ijodkorlar. Iqtisodiy bilimi yetarli boʻlmagan kishi bu borada xatoga yoʻl qoʻyish ehtimoli yuqori. Bunday xatolarning oldini olish uchun profilaktik suhbatlar, trening­lar, davra suhbatlari tashkil etyapmiz. Ushbu tadbirlardan koʻrinyaptiki, soha xodimlari yuridik bilim borasida qiynalmoqda.

    Bilim yetishmasligi nafaqat korrup­sion, balki jinoiy holatlarga yoʻl ochadi. Oʻzining huquqini ham bilmay muammolar girdobida qolishga sabab boʻlmoqda. Yuqorida majburiy mehnat haqida aytdik. Ayrim tumanlarda hatto soha vakillari oʻz tashabbusi bilan tadbirlarda tekin ishtirok etib yurgan holatlarga duch kelyapmiz. Agar yuridik bilim boʻlsa, inson adolatsizlikka betoqat boʻladi. Natijada qonunlar barcha joyda birdek ishlashi taʼminlanadi.

    Soha xodimlarining huquqiy bilimlarini Adliya vazirligi bilan hamkorlikda oshirib boryapmiz. Ular belgilangan reja asosida joylarda huquqiy saboq bermoqda. Bu koʻp duch kelishimiz mumkin boʻlgan xatolarning oldini olishda katta yordam ber­yapti. Yuqorida aytganimizdek, islohotlar davom etadi. Kelgusi yil sohani toʻliq raqamlashtirib, korrupsion holatlarga barham berishni reja qilganmiz.

    — Suhbatga tayyorlanish jarayonida muxlislarimizga murojaat qilib, ularni eng koʻp qiziqtirgan savollarga xolis va asosli javob olishni niyat qilganmiz. Shunday savollardan biri mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilgan “Ovoz” tanlovi haqida boʻldi. Tanlov oʻz muxlislarini topdi. U madaniy yoʻnalishdagi ishlarimizni bezadi, desak ham boʻladi. Shu bilan birga, ayrim bahslarga ham sabab boʻldi. Ayting-chi, endi rejalar qanday? Tanlov davom ettiriladimi?

    — Albatta, hozir “Ovoz-bolalar” mavsumi boshlandi. Bu aslida Niderlandiyadan sotib olingan loyiha. Uning franshizasini tadbirkorimiz sotib olgan. Franshiza talabiga koʻra, bolalar mavsumidan keyin

    “Ovoz 60+” mavsumi eʼlon qilinadi.

    Haqiqatan, tanlov jurnalist va blogerlar orasida bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Lekin masalaning mohiyatiga jiddiy qarasak, holat butunlay boshqacha ekani koʻrinadi. Masalan, butun dunyoda ijodkorlarga yelka tutadigan metsenatlar bor. Madaniyat sohasining deyarli 30-40 foizini shu metsenatlar qoʻllab-quvvatlaydi. Yurtimizda madaniyat sohasiga oʻz tashabbusi bilan yordam bermoqchi boʻlgan tadbirkorni uchratish qiyin. Chunki tadbirkorlarimizda bunday madaniyat shakllanmagan. Bizda mazkur yoʻnalishni rivojlantirishga ehtiyoj bor. Xoʻsh, sohaga metsenatlarni qanday jalb qilamiz? Buni oʻsha franshizasini sotib olgan tadbirkorni qoʻllab-quvvatlash orqali taʼminlaymiz. “Ovoz” loyihasida biz tadbirkorning yonida turdik. Agar bu loyiha omadli davom etsa, ertaga yana boshqa yirik rejalarni ham amalga oshirishda koʻmakchi boʻladi. Tadbirkor madaniyat sohasi sabab el orasida obroʻ topsa, foyda koʻrsa, boshqalarda ham sohaga qiziqish uygʻonadi. Kelgusida madaniyat sohasiga metsenatlik qilayotgan tadbirkorlarga imtiyozlar berish borasidagi masalani oʻrganib chiqyapmiz.

    Madaniyat sohasiga tadbirkorlar eʼtiborini jalb qilish butun dunyoda natijador biznes hisoblanadi. Oʻzbekistonda 20 nafar sanʼatkordan boshqa kim shu sohada biznes qilyapti? Teatrlar, filarmoniyalar daromad koʻryaptimi, yoʻq! Ushbu yoʻnalishda ishlar toʻgʻri tashkil etilsa, madaniyat sohasining katta qismi tadbirkorlar hissasi bilan rivojlanadi. Masalan, ayrim davlatlarda teatrlarning 20 foizi davlat zimmasida, qolgan 80 foizi xususiy. Shunday tajriba bor ekan, nega bizda madaniyat sohasiga 100 foiz davlat byudjetidan mablagʻ ajratilishi kerak?!

    Bugun sohaga ajratilayotgan ikki mil­liard soʻm 20 milliard boʻlib qaytishi lozim. Kelgusi rejalarni shunga qarab tuzyapmiz. Hozir Madaniyat vazirligi yuz foiz davlat byudjetidan mablagʻ oladi. Islohotlar toʻla amalga oshishi uchun eskicha shakldan butunlay voz kechib, bozor tamoyillari asosida fao­liyat yuritishimiz kerak. Ha, ­Madaniyat vazirligi sohaga tadbirkorlarni jalb qilish bilan shugʻullanishi zarur. Tabiiyki, sohada majburiyatlar ham bor. Masalan, maqom, folk­lor, askiya yoʻnalishlari. Ular tadbirkor uchun jozibador boʻlmagani tufayli nazardan chetda qolmasligi shart. Biz ana shunday katta marralarni moʻljal olganmiz va uni, albatta, zabt etamiz. Oʻsha kun muqarrar keladi.

    — Muqarrar kun deb ajoyib ibora aytdingiz. “Ovoz”ning keyingi bosqichining muddati aniqmi?

    — Aniq. Bitta mavsum 4 oy davom etadi. Bolalar mavsumi 4 oy davomida oʻtkazilgach, keyin “Ovoz 60+”ga start beriladi. Shu hisobda “Ovoz 60+” kelgusi yil avvalidan ­boshlanadi.

    — Tanlovlar haqida gapirganda bir savol tugʻiladi: katta avlod vakillari “Oltin fond” haqida koʻp eslaydi. Ayt­ganingizdek, “Oltin fond”ni qayta tiklashning muqarrar kuni kelmadimi?

    — Bilasizmi, oʻsha paytda nafaqat ­“Oltin fond”, balki barcha asarlar bir necha muharrir sinovidan oʻtib, efirga uzatilar edi. Oʻsha jarayonda qoʻyilgan talablar ijodkorni charxlardi. Ularning salohiyati oshib borishiga xizmat qilardi. Soʻzni, harflarni toʻgʻri talaffuz qilish masalasi ham jiddiy nazorat qilinardi. Shu bois, “Oltin fond”ga kirish mashaqqatli kechardi. Bugun ham Oʻzbekiston davlat radiosida bu jarayon davom etyapti. Fond radioda joylashgan, komissiya bilan qoʻshiqlarni koʻrib, tekshirib qabul qilyapti.

    “Oltin fond” tom maʼnoda bebaho. Sababi, zabardast ijodkorlar asarlari “Oltin fond”da saqlanyapti. Ular vaqti-vaqti bilan xalqimiz eʼtiboriga havola etilyapti. Bugun “Oltin fond” kabi tahrir, saralash bilan shugʻullanadigan hayʼat yoʻq. Ehtimol, shu bois, bugun qoʻshiqlarning saviyasi tushib ketayotgandir. Tele-radioasarlar ham mazmunan sayoz. Savol tugʻiladi, nega bugungi ijodkorlar shunday boʻlib qoldi? Nima uchun baʼzi jiddiy ijodkorlar ham bachkana qiliqlar qilyapti? Hozir butun dunyoda shunday tendensiya ketyapti. Sanʼat asarlari emas, bachkana narsalar koʻproq muxlislarni jalb qilmoqda. Ijodkorlar esa isteʼmolchi istagan narsani hech oʻylanmasdan tortiq etyapti. Shu bois, bu yerda bir tomonni toʻliq aybdor qilib boʻlmaydi. Qars ikki qoʻldan chiqar ekan, faqat ijodkorlarni ayblash, ularni tartibga chaqirish bilan masala yechilmaydi.

    Prezidentimiz mazkur masalaga yechimni aytgan. Bu borada allaqachon ishlar boshlangan. Yaʼni oʻrta maktablarda musiqa fani chuqurlashtirib oʻtilishi yuqori didli muxlislarni tarbiyalashga qaratilgan. Musiqiy bilim oʻquvchida hech boʻlmasa asarlarni saralay olish borasida boshlangʻich koʻnikmani shakllantiradi. Oʻgʻil-qizlarimizga milliy sozlarga koʻnikma hosil qilish talabi qoʻ­yilmoqda. Maktab oʻquvchisi yettita sozdan birini chala olishi kerak. Bu vaqt oʻtishi bilan ijobiy natija koʻrsatadi.

    Shu oʻrinda bolaligim bilan bogʻliq holatni eslab oʻtmoqchiman. Oʻshanda mahallalarda uchta uydan birida dutor, rubob yoki doira boʻlardi. Demak, soz chalish koʻnikmasi ham ancha-muncha odamlarda shakllangan edi. Sinfdoshlarim misolida oladigan boʻlsam, ular ham, albatta, biror toʻgarakka qatnashardi. Shu bois, ilgari muxlislar saviyasi ham, talabi ham yuqori edi. Masalan, oilamizdagi turli marosimlarda rubob va doirani hamma chalardi. Davradagilar navbati bilan qandaydir qoʻshiq kuylar yoki soz chalib berardi. Ular bir-birining ijrosini muhokama ham qilardi. Vaholanki, ular oddiy kasb egalari, haydovchi, kosib yoki dehqon edi. Ha, musiqa savodi jamiyatda ozmi-koʻpmi shakllangandi. Oʻsha jamiyat oʻz davrining dargʻalarini taqdim eta oldi.

    Yana bir misol, hazrat Alisher ­Navoiy davrida bozordagi xaridor savdogarga bayt aytib murojaat qilsa, sotuvchi ham sheʼriy javob qilgan. Oʻsha joyning oʻzida ijodiy muhit shakllangan. Hamma sheʼr va gʻazallarni yod bilgan va bemalol javob bera olgan. Navoiy bugun yangi gʻazal yozsa, ertasiga butun el ogʻziga tushib yod boʻlgan. Sheʼriyatga, sanʼatga mukkasidan ketgan jamiyat boʻlgan va shuning uchun Navoiyday daho shakllangan. Jamiyatimizda ham musiqiy bilim shakllansa, ijodkor ham, muxlislar ham birdek yuksaladi. Bunday muhitda oʻzlik, milliy sanʼat oʻz-oʻzidan saqlanadi, rivoj topadi.

    Prezidentimiz bugun sanʼat va madaniyatga alohida eʼtibor qaratmoqda. Hatto pandemiya chogʻida ham madaniyatga jiddiy eʼtibor berildi. Demak, mamlakatimizda madaniyat sohasi har qanday vaziyatda ham muhim deb qaraladi. Bu imkoniyat sohadagi koʻp muammolarni yechishda yordam beryapti. Masalan, maqom va baxshichilikka asoslangan oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi. Joylarda maqom, baxshichilikka ­ixtisoslashgan maxsus maktab­lar ish boshladi. Har bir hududda maqom va baxshichilik markazlari, ansambllari tuzildi. Bular bizni haqli ravishda quvontiradi. Endi maktabda musiqa bilimini chuqur oʻrgangan avlod jamiyatga qoʻshilsa, yuqorida aytilgan masalalarning barchasi yechim topadi.

    — Aksariyat muxlislarni qiziqtirgan yana bir masala, sanʼatkorlarga litsenziya berish tartibi haqida. Bilamizki, bu borada ham bahs va munozaralar bor. Qaysidir sanʼatkordan litsenziyasini olib qoʻ­yish yoki qaytarib berish tartibi, omillari qanday?

    — Ilgari, taxminan 7-8-yil avval sanʼat­korlar yiliga 20-30 milliongacha boj toʻlardi. Bugun oʻsha birinchi kategoriyadagi sanʼatkorlar yiliga 6 million davlat boji toʻlaydi. Yaʼni sanʼatkorlardan soliq undirish uchun litsenziya joriy qilingan. Bu jihat ham doim bahslarga sabab boʻlib kelyapti.

    Ijodkorlar daromadini nazorat qilish, ochiq, shaffof tarzda soliq toʻlash tizimi haqida ish olib boryapmiz. Soliq qoʻmitasi bilan hamkorlikda adolatli mexanizm ishlab chiqishni maqsad qilganmiz. Chunki Toshkent shahridagi butun yurtga, kerak boʻlsa, xorijdagi muxlislarga ega sanʼatkor bilan olis tumandagi ijodkor birdek soliq toʻlashi adolat mezoniga doim ham mos kelmaydi. Shu bois, ijodkorlar uchun soliq turini joriy etish masalasi eng ogʻriqli nutqa.

    Litsenziyalarni olish, bekor qilish masalasi, asosan, oʻsha davrda sanʼatkorlarning odob-axloqiga bogʻliq holda koʻrib chiqilar edi. Ochigʻi, avval litsenziyani olish, berish ijodkorlarni boshqarishning oʻziga xos usuli boʻlgan. Hozir litsenziyani bekor qilishni sud qarori bilan amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Buning uchun Adliya vazirligi muayyan talablarni ishlab chiqqan. Vazir sifatida ijodkorlarni mutlaq erkin qoʻyish tarafdori emasman. Chunki har bir ijodkor maʼnaviy qurol. U kimningdir maqsadi yoʻlida xizmat qilmasligi kerak. Ayni damda tartib va chek­lovlar hech kimning huquqini poymol qilmasligi shart. Kelgusida buning ham aniq, sogʻlom mexanizmlarini ishlab chiqishimiz zarur. Ayrim hollarda axloqiy normalar buzilyapti deb chora koʻrsak, jamoat­chilik uni senzura, tazyiq oʻtkazish deb qabul qilyapti. Shu bois, oltin oʻrtaliqni topib, yechim sifatida qaror qabul qilishimiz lozim.

    — Xalqaro tadbirlar Oʻzbekiston imiji uchun nima beradi?

    — Yangi Oʻzbekiston dunyoga ochilmoqda. Dunyo mamlakatlari bilan doʻstona munosabatlar shakllanyapti. Bunday aloqalar yanada mustahkam boʻlishi uchun Oʻzbekistonning imijini takomillashtirish, targʻib etishimiz kerak.

    Ayrim davlatlar fuqarolari, ishbilarmonlari mamlakatimiz Afgʻoniston bilan qoʻshni boʻlgani uchun beqaror davlat deb oʻylaydi. Bunga oʻzim bir necha bor guvoh boʻlganman. Ular, avvalo, sizlarda tinchlikmi, deb soʻraydi. Xalqaro festivallarning Oʻzbekis­tonda oʻtkazilishi, xorijlik mashhur shaxs­lar, vazirlar, professor, olimlar tashrifi shu kabi savollar, shubhalarga barham beradi. Oʻtkazilgan festivallarga kelgan ayrim xorijliklar orasida xavotirim bor edi, adashgan ekanman, tinch va goʻzal davlat ekan, deganlari ham boʻldi.

    Xalqimizning munosabati, mehmondoʻstligini koʻrib, ularning fikri mutlaq oʻzgaryapti. Buning barchasi mamlakatimiz imijiga ijobiy taʼsir qiladi. Ikkinchi tomondan, festivallar oʻtkaziladigan hududda infratuzilma, shaharsozlik yaxshilanadi. Xizmat koʻrsatish, savdo ishlariga ehtiyoj ortib, tadbirkorlar koʻproq daromad topadi. Chunki qariyb 2 ming odam tashrif buyuradi. Yangi ish oʻrinlari sabab aholi daromadi oshadi. Qolaversa, festivallar xalq, mamlakat manfaatini koʻzda tutadigan ezgu maqsad, gʻoyalar asosida oʻtkaziladi. Yuqorida ham bu borada fikr aytdik, takror boʻlsa ham yana qaytarmoqchiman. Globallashuv davrida oʻzga kuchlar har bir insonga individual mada­niyat taklif qilyapti. Bunday qarash nafaqat milliy, balki umuminsoniy qadriyatlarga ham tahdid solyapti. Befarq boʻlsak, bunday kuchlar insoniy madaniyatni tanazzulga olib kelishi mumkin. Biz oʻsha umuminsoniy fazilatlarni saqlab qolish uchun ham madaniyatlar uchrashuvi maydonini asrashimiz kerak. Festivallarda eng koʻp oʻrtaga tashlanayotgan, ilmiy konferensiyalarda muhokamalarga sabab boʻlayotgan mavzu aynan umuminsoniy madaniyatni asrab qolishga qaratilgan.

    Tahdidlarning oldini olish shartlaridan biri xalqlar bir maqsad atrofida birlashishidir. Yakka holda katta tahdidlarga turib berish oson kechmaydi. Buning uchun dunyo xalqlari sanʼati, urf-odatlari va qadriyatlarini qalbida saqlagan holda boshqalar bilan oʻrtoqlashib, kelgusi yoʻlni xalqaro tadbirlarda ilmiy bahslar orqali mustahkamlab olishi kerak.


    Salim DONIYOROV suhbatlashdi.