Uning hududida ekologik, geologik, tarixiy, arxeologik, arxitektura, rekreatsion, sogʻlomlashtirish, gastronomik va monumental turistik resurslar mavjud boʻlib, ulardan faqat bir nechasi sayyohlik firmalari eʼtiborida.
Dunyoda turizm sohasi iqtisodiyotning faol rivojlanayotgan va istiqbolli sohalaridan biriga aylanib bormoqda. U koʻplab mamlakatlarda yuqori daromadli, iqtisodiy oʻsishning yetakchi kuchi sifatida xizmat qilmoqda. Salmoqli sayyohlik resurslariga ega Oʻzbekiston ham mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishda ana shunday ulkan kuchga ega boʻlishi mumkin. Shu bois, mazkur sohaning modernizatsiyalashuvi juda zarur. Toki u milliy iqtisodiyotda yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish, xorijiy valyuta tushumini oshirish, xalqimizning maʼnaviy-madaniy merosini asrab-avaylash va tabiiy resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlasin.
2019–2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan maqsad va vazifalarni bajarish asnosida turizm sohasini iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, hududlarni jadal taraqqiy ettirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholining daromadi va turmush darajasini oshirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini taʼminlovchi strategik tarmoqlardan biri sifatida rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
2019-yilning soʻnggida butun dunyoda turizm sohasi turgʻunligiga sabab boʻlgan COVID-19 pandemiyasi mamlakatimizni ham chetlab oʻtmadi. 2020-yil davomida yurtimiz hududida joylashgan, sayyohlarga xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanayotgan korxona va tashkilotlar tanazzulga uchrashi mumkin edi. Ammo turizm sohasi subyektlari uchun berilgan imtiyozlar vaziyatni moʻtadillashtirishga xizmat qildi. Karantin talablari yumshatila boshlagandan keyin bir muddat uyida oʻtirishga majbur boʻlgan odamlar sayohat qilishga intila boshladi. Natijada 2021-yili turizm sohasida jonlanish sezildi. Oʻtgan yili yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar soni 2021-yildagiga nisbatan 3 barobar oshgan. Ichki turizm dasturlari doirasida 11 milliondan ziyod aholi sayohat qilgan. Yangi turizm markazi barpo etilgani natijasida Samarqandga qoʻshimcha 2 million sayyoh kelgan.
Bu raqamlar nisbati, albatta, quvontirmay qolmaydi, ammo mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini inobatga oladigan boʻlsak, bu koʻrsatkichlar yetarli emas. Bunga asosiy sabab sifatida mamlakatimizning sayyohlik imkoniyati toʻliq tadqiq qilinmagani, sayyohlarni jalb qilishi mumkin boʻlgan, turistik jozibadorlikka ega hududlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keng ommaga maʼlum emasligi, ular toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlarni olish imkoniyati cheklanganini koʻrsatish mumkin.
Joriy yil 29-mart kuni turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida soha rivojiga toʻsiq boʻlayotgan qator muammolar tanqidiy tahlil qilinib, muhim chora-tadbirlar belgilandi. Ularning yechimi sifatida turizm dasturlarining mazmunini oshirish va xorijlik sayyohlarning mamlakatimiz hududida koʻproq qolishiga erishish taklif etildi. Turistik salohiyati mavjud tumanlarning bu jabhadagi faoliyatiga koʻmaklashish uchun 11 ta oliy taʼlim muassasasi biriktirildi.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti zimmasiga Navoiy viloyatining Nurota, Xatirchi va Qiziltepa tumanlari turistik salohiyatini tadqiq qilish va yigʻilishda belgilangan vazifalarni bajarish yuklatildi. Bu topshiriqlarning eng asosiysi va koʻproq mehnat hamda eʼtibor talab qiladigani turizm kontentini yaratish va takomillashtirishdir. Shu oʻrinda “kontent” tushunchasining mazmun-mohiyati ochib berish maqsadga muvofiq. Kontent deganda sayt (elektron portal)ning axborot tarkibi (matnlar, grafik, ovozli maʼlumotlar va boshqalar), shuningdek, kitob, gazeta, maqolalar toʻplami, materiallar va boshqalar tushuniladi.
Qayd etilgan barcha maʼlumotlar turli formatlarda taqdim etilishi mumkin. Masalan, axborot manbasi hisoblanayotgan sayt yoki elektron portal koʻpincha reklama bannerlarini oʻz ichiga oladi. Ammo kontent tarkibi qanchalik yaxshi boʻlmasin, foydalanuvchi koʻrmasa, undan foyda yoʻq. Iloji boricha koʻproq odam maʼlumotlar haqida bilib olishi uchun “mijozni jalb qilish” bilan shugʻullanish kerak. Yaxshi kontentdan samarali foydalanish uchun qidiruv saytlari tomonidan taqdim etiladigan natijalar roʻyxatidagi oldingi qatorlardan oʻrin olish muhim ahamiyatga ega. Ammo yaxshi kontentni yaratish qidiruv natijalarining birinchi qatorida paydo boʻlishga kafolat bermaydi. Afsuski, qidiruv platformalari baholash parametrlarini toʻliq oshkor qilmaydi. Shuni inobatga olgan holda axborot manbalarining kontentini boyitish va ularning targʻibotini kuchaytirishga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq.
Navoiy boshqa hududlar kabi katta turistik salohiyatga ega, ammo ulardan toʻlaqonli foydalanmayotgan viloyatlardan biridir. Uning hududida ekologik, geologik, tarixiy, arxeologik, arxitektura, rekreatsion, sogʻlomlashtirish, gastronomik va monumental turistik resurslar mavjud boʻlib, ulardan faqat bir nechasi sayyohlik firmalari eʼtiborida. Viloyatda mavjud 20 dan ziyod sayyohlik firmasidan 12 tasi samarali faoliyat yuritmoqda. Umuman olganda, viloyatdagi turistik resurslar kiritilgan 12 ta turizm paketi ishlab chiqilgan. Ularning oʻrtacha davomiyligi 1,5 kunni tashkil etadi.
2022-yilda viloyatga 1 million 19 ming sayyoh kelgan boʻlib, ularning 26,2 ming nafari xorijlik hamda 992 mingi mahalliy aholidir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, mahalliy sayyohlarning faqat 0,4 foizi turfirmalar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu 2018-yildagiga nisbatan 6 barobar kam. Sayyohlarning asosiy qismi Nurotadagi Chashma ziyoratgohi, Toʻdakoʻl va Aydarkoʻl suv omborlari atrofidagi dam olish maskani, Sentob turizm qishlogʻi, Karmana tumanidagi Raboti Malik va Sardoba yodgorliklari, Qosim Shayx masjidi, Mir Said Mahram maqbarasi, Mavlono Orif Deggaroniy maqbarasi, Konimex tumanidagi oʻtovli lagerlar, Oltinsoy sanatoriysiga bormoqda. Vaholanki, viloyat miqyosida madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan 437 ta obyekt mavjud.
Shu kabi maʼlumotlarni umumlashtirgan holda Navoiy viloyatida turizm sohasini rivojlantirishda qator muammolar mavjudligini aytish mumkin. Viloyatdagi turistik jozibadorligi mavjud hududlarning sayyohlik salohiyati boʻyicha kontentlar toʻliq ishlab chiqilmagani, aniq tarixiy-ilmiy asoslangan maʼlumotlar kamligi, mukammal maʼlumotlar bazasi mavjud emasligi, turizm imkoniyati yetarli darajada targʻib qilinmagani hamda undan toʻliq hajmda foydalanilmasligi shular jumlasidan. Viloyatning har bir tumani toʻgʻrisida maʼlumotlar jamlangan maxsus kitoblar nashr etilgan, ammo sayyohlar eʼtiborini tortadigan va ularga foydalanish qulay boʻlgan imkoniyatlar mavjud emas.
Viloyat hududida sayyohlarni keng jalb qiladigan turistik manzillarda xorijiy tillarda gaplasha oladigan gid-ekskursovodlar, malakali mutahassislar, tajribali turoperatorlar yoʻq. Shuningdek, sayyohlarga xizmat koʻrsatadigan korxona va tashkilotlarda faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar turizm sohasi boʻyicha yetarli tushunchaga ega emas hamda xizmat vazifalarini yaxshi bilmaydi. Qolaversa, sayyohlar oqimini hisoblashda asosiy dastak boʻladigan mexanizmlar, yaʼni sayyohlik obyektlariga kirish qismida toʻlovlar tizimi yoki tashrif buyuruvchilar oqimini boshqarish imkonini beruvchi turniketlar joriy etilmagan. Natijada ushbu manzillarda sayyohlar oqimining hisobi yuritilmayapti.
Bugun Navoiy viloyatidagi 437 ta madaniy meros obyektidan faqat 24 tasi sayyohlik yoʻnalishi kiritilgan. Jumladan, Karmana tumanidan oʻtuvchi M-37 avtomagistrali yonida joylashgan Raboti Malik va Sardoba turistik obyektlari, Navbahor tumanidagi Sarmishsoy davlat qoʻriqxonasi, Xatirchi tumanidagi Sangijumon, Langar, Angidon hududlari salohiyatidan yetarli darajada foydalanilmayotir. Hududda sayyohlarning erkin harakatlanishi uchun qoʻshimcha qulaylik yaratadigan hamda maʼlumot berishi mumkin boʻlgan yoʻlkoʻrsatkichlar, turistik xaritalar va infokiosklar, har bir sayyohlik obyekti, xususan, ziyoratgohlarning kirish qismida uning tarixiga oid faktlar va boshqa zaruriy maʼlumotlar yetarli emas. Turizm xizmatlarini koʻrsatuvchi korxonalar, taʼlim muassasalari hamda sohaga yondosh tarmoqlar hamkorligi samarali yoʻlga qoʻyilmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Navoiy viloyatining turistik jozibadorligini oshirish, turizm sohasining faoliyatini jadallashtirish va koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida qator chora-tadbirlarni taklif qilish mumkin. Jumladan, sayyohlarga toʻliq va foydali maʼlumotlar beruvchi kontentni shakllantirishda obyekt geolokatsiyasi yoki xaritasi, fotojamlanmasi, obyekt toʻgʻrisida maʼlumot, uning atrofida faoliyat koʻrsatayotgan mehmonxona va shunga oʻxshash joylashtirish vositalari hamda umumiy ovqatlanish korxonalari, shuningdek, obyekt haqida qoʻshimcha va foydali maʼlumotlarni oʻz ichiga qamrab olgan turli tillardagi nashrlarni tayyorlash va keng ommaga yetkazish maqsadga muvofiq. Bu jarayonda ijtimoiy tarmoqlar va turizm sohasiga oid saytlardagi kontentlarni muntazam yangilab borish, sayyohlar diqqatini tortadigan maʼlumotlar bilan toʻldirib borish, kontent matritsasini yaratish va undan samarali foydalanish mexanizmlarini joriy qilish taqozo etiladi.
Viloyat hududidagi turizm sohasida faoliyat koʻrsatayotgan kadrlar taqchilligi muammosini hal qilish uchun Navoiy davlat pedagogika institutida xorijiy tillarni oʻrganayotgan talabalarni, turistik manzillar atrofida yashovchi, xorijiy tillarni mukammal biluvchi shaxslarni Samarqand iqtisodiyot va servis instituti bilan hamkorlikda maqsadli tayyorlash mumkin. Boʻlgʻusi mutaxassislarga qoʻshimcha gid-ekskursovod malakasini berish, turistik infratuzilma tarkibidagi barcha korxona va tashkilotlar xodimlari uchun seminar-treninglar, qisqa oʻquv kurslari tashkil etish imkoni mavjud.
Kelayotgan sayyohlarning aniq sonini hisoblash maqsadida turistik oqimni boshqarish hamda statistik hisobni yuritish boʻyicha hududlarda foydalanish mumkin boʻlgan metodikalar taklifini ishlab chiqish, ziyoratgoh va dam olish maskanlarida imtiyozli kirish chiptalarini joriy qilish va shu orqali turistik oqim statistikasini yuritishning optimal yechimlarini tadqiq qilsa boʻladi. Hududlardagi sayyohlik yoʻnalishlari kiritilmagan obyektlarning imkoniyatini baholash, ulardan sayyohlikda foydalanish mumkin boʻlganlarini tanlab olish va yangi yoʻnalishlar ochish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish kerak. Shuningdek, viloyatda mavjud boʻlgan turistik resurslar jozibadorligini va sayyohlar qiziqishini oshiradigan oʻziga xos yangi turdagi obyektlarni yaratish, ularni sayyohlik yoʻnalishlari tarkibiga kiritish zarurati mavjud.
Buning uchun, avvalo, Konimex, Navbahor yoki Nurota tumani hududidagi toshbaqalar populyatsiyasi katta boʻlgan lokatsiyada toshbaqa shaklidagi binoda joylashgan Toshbaqa muzeyini ochish, uni sudralib yuruvchilarga oid qiziqarli maʼlumotlarni aks ettiruvchi eksponatlar bilan boyitish, yil davomida tirik toshbaqalarni koʻrish imkonini beruvchi pitomnikni tashkil etish mumkin.
Ikkinchidan, Navbahor tumanidagi Sarmishsoy darasida joylashgan dam olish maskanlarida ibtidoiy jamoa tuzumi davridan to oʻrta asrlargacha boʻlgan davrda mahalliy xalqlar turmushida ishlatilgan sopol idishlar yasash, teridan kichik buyumlarni tikish, shuningdek, sunʼiy qoyatoshlarda suratlar chizish ustaxonalarini (oʻsha vaqtdagi toshdan yasalgan uylar koʻrinishida) tashkil etish ham sayyohlar qiziqishini oshiradi.
Uchinchidan, Navoiy togʻ-kon metallurgiya kombinati hududida Oʻzbekiston sanoat turizmi markazini tashkil etish, sayyohlar tomonidan belgilangan masofada ochiq karyer tizimida olib borilayotgan qazilma ishlarini kuzatish imkonini beruvchi infratuzilmani yaratish taklifi mavjud.
Toʻrtinchidan, Xatirchi tumanining “Tasmachi”, “Oltinsoy” “Uchqora” mahalla fuqarolar yigʻinlarida uzumchilikka asoslangan agroturizm yoʻnalishlarini tashkil etish lozim.
Beshinchidan, Navoiy viloyati Karmana tumanidan oʻtuvchi M-37 xalqaro avtomagistralida joylashgan Raboti Malik va Sardoba yodgorliklari yaqinida Malikchoʻl oʻlkashunoslik markazini ochish, uning tarkibida hududning etnografiyasini aks etuvchi oʻlkashunoslik muzeyi hamda choʻl hududida yashaydigan hayvonlaridan iborat hayvonot bogʻini tashkil etish darkor.
Viloyat hududida sayyohlar eʼtiborini tortadigan qator ommaviy tadbirlarni, jumladan, Xatirchi tumanidagi “Sangijumon” MFY hududida milliy kurash va kamondan otish boʻyicha xalqaro ochiq chempionat, Qiziltepa tumanidagi Toʻdakoʻl koʻlida baydarka, akademik eshkak eshish va syorfing musobaqalari, Navbahor tumanidagi Sarmishsoy davlat muzey qoʻriqxonasining qoyatosh suratlari tushirilgan darasida “Tasviriy sanʼat: etnos va arxeologiya” xalqaro tasviriy sanʼat va arxeologiya forumini oʻtkazish samara beradi.
Bundan tashqari, Xatirchi tumanining Angidon ekohududida yoshlar uchun maxsus forum, Xatirchi, Nurota, Navbahor, Karmana va Qiziltepa tumanlararo turizm halqasi boʻylab Markaziy Osiyo ochiq velomarafoni, Nurota tumanining Aydarkoʻl hududidan Orol dengizigacha boʻlgan masofada xalqaro “Great Silk Road Desert Ralli” sahro ralli musobaqalarini tashkil etish mumkin.
Respublika va xalqaro darajadagi ommaviy tadbirlar, animatsion dasturlar tashkil etish rejasini ishlab chiqish, oliy va professional taʼlim muassasalari talabalari ishtirokida besh muhim tashabbus tadbirlarini oʻtkazish, Navoiy viloyatining sayyohlik salohiyati va imkoniyatlarini inobatga olgan holda 2024-yilga moʻljallangan sayyohlik taqvimini ishlab chiqish, unga yil davomida oʻtkaziladigan xalqaro va respublika darajasidagi tadbirlarni kiritish maqsadga muvofiq. Sayyohlik obyektlari, ziyoratgohlar va dam olish maskanlariga olib boradigan yoʻlkoʻrsatkichlar va xaritalar, hududga tegishli reklama bannerlari, ayniqsa, ovqatlanish, motel, hostel, dorixona, avtomashinalarga texnik xizmat koʻrsatish kabi xizmatlar reklamalarini tashkil etish zarurati mavjud.
Qolaversa, hududlarda turizmni jadal rivojlantirish maqsadida turizm xizmatlari koʻrsatuvchi korxonalar, taʼlim muassasalari, qoʻshimcha xizmat koʻrsatuvchi korxonalar va turizm sohasiga yondosh tarmoq/sohalar hamkorligidan iborat klaster yondashuvini joriy qilish sayyohlik imkoniyatini oshirishi shubhasiz.
Muhiddin POʻLATOV,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor