Haqiqatan, bu fasllarda tabiatning koʻrki va manzarasi oʻzgacha boʻladi. Lekin kuz-qish mavsumida ham togʻlar jozibasiga mahliyo boʻlishning gashti oʻzgacha. Shu bois, Zomin milliy tabiat bogʻining qish faslidagi manzarasini kuzatish niyatida safarga chiqdik.
Zomin markazidan yuqoriga oʻrlagan yoʻlda, suv omboridan oʻtgach, qirlar bagʻridagi oppoq qor qalinlasha boshladi. Duoba, Togʻterak qishloqlarini ortda qoldirib, Oʻriklisoyga yetib keldik. Zomin milliy tabiat bogʻining chegarasi shu yerdan boshlanadi. Milliy bogʻning ramziy darvozasi ham Oʻriklisoyda.
— Bogʻ tuman markazidan 30 kilometr, aeroportdan 40 kilometr, Dashtobod shahridan 55 kilometr uzoqlikda joylashgan, — deydi Zomin milliy tabiat bogʻi ilmiy kotibi Saidrasul Barakayev. — Qishning qirovli kunlari qor qalin yoqqanda turli jonivorlar ozuqa axtarib qoladi. Shu bois, hududimizda biotexnik tadbirlar oʻtkazib turamiz. Yaqinda Oʻriklisoy aylanmasi atrofida mana shunday tadbir uyushtirdik. Yovvoyi hayvonlar va qushlar uchun dagʻal xashak, don, tuz tashlab chiqdik. Bu tadbir, asosan, hayvonot olamini qoʻriqlash, ularni qish mavsumidan betalafot olib chiqishga qaratilgan.
Bilasiz, qorli kunlarda turli hayvonlar tashqariga chiqadi. Hozir uyquda yotgan ayiqlardan boshqa barcha yirtqichlar harakatda. Bu atrofda koʻp uchraydigan yovvoyi choʻchqa, togʻ echkisi, yovvoyi quyon, boʻri, silovsin, kabutar, kaklik kabi hayvon va qushlar ana shulardan oziqlanadi.
Yoʻlda davom etdik. Tekis yoʻl chetida suhbatlashib turgan maxsus xizmat kiyimidagi odamlarga koʻzimiz tushdi.
— Jamoamizda 71 xodim ishlaydi, 34 nafari nazoratchi, — suhbatimizni davom ettirdi hamrohimiz. — Ularning har biriga alohida hududlar biriktirilgan, shu joylarni nazorat qiladi. Barcha fasllarda daraxt shoxini sindirmaslik, turli oʻt va giyohlarni uzmaslik dam oluvchilarga tushuntiriladi. Shuningdek, faqat ruxsat etilgan va belgilangan joylarda dam olish va sayr etish borasida sayyohlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatamiz. Milliy tabiat bogʻimizning ichki tartib intizom va qoidalariga amal qilishni eslatamiz. Togʻlarimizda mehmonlar va sayyohlar eʼtiborini tortadigan maskanlarimiz koʻp. Shuni hisobga olib, ekoturizm xizmatini yoʻlga qoʻyganmiz. 20 dan ortiq sayyohlik yoʻnalishi mavjud. Sayyohlar dam olishi uchun alohida joylar tayyorlangan. Turli maishiy chiqindilar uchun maxsus qutilar oʻrnatilgan.
Aylana yoʻllardan Zomin sanatoriysi atrofiga yetib keldik. Yozda odamlar gavjumligidan oyoq bosishga joy topilmaydigan sharshara atrofi siyrak. Beligacha qorga koʻmilgan archalar goʻyo qishning qahraton ayoziga ham bardosh berishga qodirligini koʻz-koʻz qilgandek koʻkka magʻrur boʻy choʻzib turibdi. Yon-atrofda oʻzgacha bir jimjitlik va sokinlik hukmron.
Yozda odamlarga zavq-shavq ulashib, toshdan toshga urilib, shovqin soladigan suv ham hozir goʻyo atrofdagi sokinlikka hamohangdek ohista oqmoqda. Balandda zangori osmon bagʻrida burgut qanotini keng yozgancha uchib yuribdi. Tepalikda osma dor yoʻli toʻxtovsiz ishlayapti. 36 ta moʻjaz kabinadan Zomin togʻlarining qishki manzarasini kuzatish zavqiga nima yetsin.
Sufa — Zomin milliy tabiat bogʻining faxri. Bu yerda davlatimiz rahbarining 2021-yil 6-apreldagi “Zomin” turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga asosan, keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. Kelajakda Sufada sayyohlik shaharchasi barpo etilishi rejalashtirilgan. Hozir sayyohlarga dam olish va tabiat manzarasini kuzatish imkoniyati yaratilgan. Osma dor koʻprik, ming oʻrinli amfiteatr, zamonaviy mehmonxonalar, sogʻlomlashtirish va koʻngilochar maskanlar sayyohlar xizmatida. Bu yerda qish uzoq davom etadi, aprel oyida ham qor yogʻishi mumkin. Shularni hisobga olib, qish mavsumida togʻ-changʻi sportini tashkil etish rejalashtirilgan.
Safardan qaytar ekanmiz, mashina goʻyo jilovi boʻshatilgan otdek pastga shitob bilan shoʻngʻiydi. Qorlari eriy boshlagan yoʻlda haydovchi tez-tez mashina “jilovi”ni bosadi. Haydovchi Sardor Egamnazarov Toshkent kimyo texnologiyalari instituti turizm fakulteti 4-bosqich talabasi, ayni kunda milliy bogʻda amaliyot oʻtamoqda.
— Bogʻimiz 1976-yilda tashkil etilgan, maydoni 23429,2 gektar, — deydi Zomin milliy tabiat bogʻi direktori oʻrinbosari Husniddin Hazratqulov. — Milliy bogʻda alohida ekologik, madaniy va estetik qiymatga ega tabiiy archazor va majmualarni muhofaza qilish, tabiatini asrash, bunday goʻzal manzaralarga ega joylarda turizmni rivojlantirish asosiy maqsadlardan biri. Bu yerda, asosan, archaning qora va savr turlari uchraydi. 105 oila, 531 turkumga mansub 1216 tur oʻsimlik oʻsadi, ularning 21 turi xalqaro va Oʻzbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan. 282 turdan ortiq umurtqasiz hayvonlar, 102 turdan ortiq qushlar, suvda va quruqlikda yashovchi hayvonlar uchraydi. Bu yerda xalq tabobati uchun zarur yuzdan ortiq turdagi shifobaxsh va dorivor oʻsimliklar oʻsadi.
Milliy tabiat bogʻida keng koʻlamli tadqiqot ishlari olib borilyapti. Oʻsimlik va hayvonot dunyosi tarkibining toʻliq kadastr kitobini ishlab chiqish, archa va boshqa oʻsimliklar asosiy zararkunandalari hamda kasallik tarqatuvchilarga qarshi kurashda biologik chora-tadbirlarni kuchaytirish, biolaboratoriya ochish shular jumlasidan. Bu borada Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda ishlanyapti. Yaqin kelajakda noyob oʻsimlik va hayvonot dunyosi tarkibini targʻib qiluvchi elektron muzey faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Suhbatlashib tursak, yoʻl chetida archalar oralab chopayotgan jonivorga koʻzimiz tushdi. Olmaxon ekan. Tabiat goʻzalligiga yana bir nigoh tashladik. Daraxt shoxidagi muz parchalari ipga tizilgan marvarid donalaridek yaltirab turibdi. Archalar orasida kaklik sayraydi. Uning aks sadosi tabiat toʻrt faslda ham oʻz jozibasini yoʻqotmasligi, hayot bir zum ham toʻxtamasligini yodga solayotgandek goʻyo. Koʻnglimizda qish havosidek begʻubor tuygʻular joʻsh urib, hayajon va zavqdan oʻzimizni qushdek yengil his etdik. Ertalabdan quyosh yuzini toʻsib turgan bulutlar ham tarqaldi. Oftobning zarrin nurlarida togʻlarda yastanib yotgan oppoq qor koʻzni qamashtiradi. Ana shunday tiniq xayollar va taassurotlar bilan safarni yakunladik.
Abdusattor SODIQOV,
jurnalist