Chunki xonadagi harorat ancha issiq. Uyga qaytganda ham shunday, issiq xonalar gaz bosimi yaxshi ekani, isitish tizimlari ishlayotganini bildiradi. Bundan koʻnglimiz xotirjam ham boʻladi.

Ammo kuz-qish mavsumida baribir bir oz xavotirda turamiz. Boisi, havo harorati pasayishi sabab yurtimiz aholisining gaz va elektrga talabi bir necha barobar orta­di. Natijada umumiy tarmoqlarga koʻproq yuklama tushib, gaz yoki elektrda vaqtincha­lik uzilishlar yuzaga kelishi mumkin. Soha egalari mavsumga yil davomida tayyorgarlik koʻrib, taʼminotda uzilishlar boʻlmasligini taʼkidlashiga qaramay, mavsum kelgach, ayrim cheklovlar oʻrnatilishi hamon saqlanib qol­moqda. Bu, ayniqsa, suyultirilgan gaz taʼmi­notida koʻzga tashlanadi.

Koʻpchilikning yodida, oʻtgan yili sovuq sabab avtomobillarga metan quyish shoxobcha­lari faoliyatiga vaqtincha cheklovlar oʻrnati­lib, ayrim sanoat korxonalarini gazdan uzib qoʻyish holatlari ham kuzatilgandi. Mutasad­dilar bu choralarni birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlash, ularda gaz bosi­mi pasayishining oldini olishga qaratilgani bilan izohlagan. Navbatdagi mavsumda bun­day holatlar takrorlanmasligi uchun jiddiy tayyorgarlik koʻrilgani ham aytilgandi.

Ammo bu yilgi qish mavsumi kirib kelib, havo nisbatan salqinlashishi bilan yana me­tan shoxobchalar faoliyatiga vaqtinchalik chek­lov kiritilib, ularning ish vaqtlari boʻyicha har bir hudud uchun alohida reja-grafiklar eʼlon qilindi. Holatni mutasaddilar qoʻsh­ni davlatdagi gaz tarmogʻida kuzatilgan tex­nik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani bilan izohlab, bu vaqtincha ekanini bildirdi. Bunday vaziyatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obʼ­yektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlash bosh maqsad ekani bois, ana shunday choralar koʻri­layotgani ham qoʻshimcha qilingan.

Xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, odamlarning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlgani tushunarli. Ayniqsa, haydovchilik ortidan tirikchilik qiladigan odamlar uchun metan shoxobchalarda soatlab navbat kutish bir muammo boʻlsa, buning ortidan yoʻqoti­ladigan vaqt, koʻriladigan moddiy zarar yana bir masalaga aylanadi.

Shunday vaqtda odamlarni tabiiy gazning tortilishi xonadonlarni issiqlik bilan taʼminlashda ham muammolarni keltirib chiqarmaydimi, bosim pasaygan vaqtlarda qanday choralar koʻriladi, avvallari boʻlga­ni kabi qishni sovuq uylarda oʻtkazamizmi, degan haqli savollarga javoblar qiziqtir­moqda.

— Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz aholi ehtiyojini qoplash uchun yetarli, faqat buni toʻgʻri taqsimlash kerak, — deydi “Issiqliktaʼminoti” AJ boshqa­ruvi raisi Ilhom Toʻrayev. — Boisi, bu yilgi qish mavsumi qanday oʻtishi, havo harorati­dagi kutilmagan oʻzgarishlar haqida aniq gap aytolmaymiz, ammo ishonch bilan aytishim mumkinki, joriy kuz-qish mavsumiga tayyor­garlik oʻtgan yillardagidan tubdan farq qi­ladi va bajarilgan ishlar koʻlami nihoyatda keng. Bu chora-tadbirlar, birinchi navbatda, odamlarning issiqlik taʼminotiga boʻlgan talabini qondirishga qaratilgan. Yurtimiz issiqlik taʼminoti tizimidagi tub islohot­lar va sohani zamonaviylashtirish ishlari 2017-yildan keyin boshlangan boʻlsa, shundan beri oldimizga qoʻyilgan asosiy vazifa aho­li ehtiyojini toʻla qondirish boʻlib turibdi. Tegishli qaror bilan 2030-yilgacha qilinishi kerak boʻlgan ishlar avvalida ham shu omil birlamchidir. Buning uchun barcha choralar koʻ­rilyapti.

Ayni paytda tizimda mavjud 500 dan ortiq qozonxonaning hammasi tabiiy gazda ishlashga moʻljallangan. Oxirgi ikki yilda qurilgan 3 ta qozonxona muqobil yonilgʻida ham ishlashga moslashtirildi. Bunda, asosan, dizel yonilgʻisi nazarda tutilib, favqulod­da zarur holatlardagina qoʻllaniladi. Lekin shu kungacha muqobil yoqilgʻi zaxirasiga talab boʻlmadi. Chunki gaz bosimi yetarli va oxirgi yillarda kuzatilayotgan anomal sovuq kun­larda ham aholi xonadonlariga tabiiy gaz yetkazib berilyapti. Sovuq mavsumning uzayib ketishi kabi turli holatlarda esa “Hududgaz­taʼminot” AJ bilan hamkorlikda ishlanib, tabiiy gaz bosimini rostlash yoki koʻtarish choralari koʻriladi.

Ochigʻini aytish kerak, yurtimiz issiq­lik taʼminoti tizimiga 2017-yilgacha deyar­li eʼtibor qaratilmagani bois, muammolar toʻplanib qolgandi. Eski qurilmalar orti­dan boshqaruvda avtomatlashtirish tizimi yoʻq boʻlib ketgan. Ana shu muammolar bi­rin-ketin bartaraf etilyapti. Buning uchun katta mablagʻ ajratilyapti. Muhimi, tizimda bitta narsa oʻzgargan — asosiy maqsad inson isteʼmolchilar ehtiyojlarini taʼminlashga qaratilyapti. Buni qishning izgʻirinida ham issiqqina uyda oʻtirgan aholining oʻzi-da bilyapti, sezyapti, tan olyapti.

Tizimda yildan yilga ilgʻor, energiyate­jamkor texnologiyalarni qoʻllash koʻrsatki­chi ortib borayotgani ish samaradorligini oshirmoqda. Xususan, joriy yilgi mavsumga tayyorgarlik davomida nasos qurilmalarga qoʻshimcha uskunalar oʻrnatilib, qozonxonalar toʻliq avtomatlashtirildi, zamonaviy quvur­lardan foydalanilyapti. Bunday quvurlar gaz yoʻqotishlarini 7-8 foizdan 3-5 foizga tu­shirgan. Bu ham issiqlik energiyasi yetkazib berish sifatini yanada oshiradi.

Gaz oʻrniga elektr energiyasi: qachondan amal qiladi?

Xonadon issiq, chiroq doim yoniq boʻlishi ham odamning kun davomidagi kayfiyati, ish samaradorligi, hatto boshqalar bilan mulo­qotiga taʼsir koʻrsatadi. Uyda chiroq oʻchib qolsa, birdan behalovat boʻlamiz, chunki na­faqat yorugʻlik, balki biz kundalik foyda­lanadigan aksariyat texnika ishlashi elektr tokiga bogʻliq. Oddiygina telefonni quvvat­lantira olmay qolsak, qancha asabiylashamiz. Issiqlik taʼminoti ham shunday, qishning sovuq kunida uyimiz issiq boʻlmasa, mavsum­ni oʻtkazish haqiqiy azobga aylanadi.

Ammo suyultirilgan gaz tabiiy manba boʻ­lib, uning zaxirasi abadiy emas. Oqilona, tejamkorlik bilan foydalanilmasa, oxiri koʻrinib qolishi mumkin. Hozircha uning elektr energiyasiniki kabi qayta tiklanuv­chi, muqobil manbalari mavjud emas. Ammo uning oʻrnini elektr energiyasi hisobiga toʻldirish mumkin. Gap yaqinda energetika va­ziri tilga olgan va ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv hamda muhokamalarga sabab boʻlgan yangi isitish strategiyasi haqida boryapti.

Joriy yilning 11-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻt­gan navbatdagi yigʻilishda energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov bundan buyon ta­biiy gaz oʻrniga elektr energiyasi hisobidan isitish tizimiga oʻtib borilishi haqida ga­pirdi.

“Biz bundan buyon koʻproq elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash hisobidan isitish boʻyicha alohida ishlashimiz kerak. Nor­vegiya gaz boʻyicha eng boy davlat, lekin umuman gazda isitmaydi, toʻliq elektr energiyasi. Ularda sovuq kunlar bizga nisbatan koʻproq. Shuning uchun elektr energiyasida isitish davri uchun imtiyozli tariflar joriy qilish boʻyicha hisob-kitob qildik. Qishki mavsumda toʻliq elektr energiyasida isitish uchun 2 ming kilovatt-soat yetarli boʻlar ekan. Shu boʻyicha hozir Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan ishlayapmiz”, dedi J.Mirzamahmudov.

Vazirning mazkur nutqi jamoatchilik orasida birdaniga turli fikrlarni kelti­rib chiqardi. Aholi xonadonlari bosqich­ma-bosqich gazdan elektr energiyasiga oʻtka­zilishi haqida gaplar tarqaldi. Internet tarmoqlarida “Endi gaz oʻrniga ham elektr energiyasidan foydalansak, narx-navo yana­da oshib, isteʼmol ortishi hisobiga elektr toki uzilishlari koʻpayar ekan-da” mazmuni­dagi eʼtirozlar avj oldi. Yangi tartib qa­chondan va kimlar uchun amal qilishi, unga qanday oʻtilishini tushunmaganlar ham koʻp.

Shu kabi ochiq qolgan savollarga javob berish maqsadida Energetika vazirligi st­rategik islohot yuzasidan qoʻshimcha axborot eʼlon qildi. Unda taʼkidlanishicha, xo­rijiy mamlakatlarda uy-joylar qurishda isteʼmolni toʻliq elektrlashtirish omma­lashib bormoqda. Oʻzbekistonda ham energiya isteʼmoli madaniyatini oshirish, yangi barpo etilayotgan koʻp qavatli turar joylarni toʻ­liq elektrlashtirish, ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan taʼminlash, isitish tizimini elektr energiyasiga oʻtkazish hamda tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan koʻp xo­nadonli uylar, yotoqxonalar va gazlashtiril­magan hududlardagi hovlilar uchun imtiyozli tariflarni joriy etish boʻyicha hisob-kitob­larga asoslangan takliflar ishlab chiqilgan.

Loyihaga koʻra, gazlashmagan koʻp qavatli uylar, yotoqxonalar va hududlarda yashovchi maishiy isteʼmolchilarga oylik isteʼmol hajmiga qarab isitish mavsumida 2000 kilo­vatt-soatgacha, isitish mavsumidan tashqari esa 1000 kilovatt-soatgacha boʻlgan qismi­ga amaldagi tarifga nisbatan 50 foizgacha chegirma qoʻllash nazarda tutilmoqda. Bunda aholi subsidiyalanadigan narxlardagi suyul­tirilgan gaz, koʻmir yoki tabiiy gazdan foy­dalanmayotgan boʻlishi lozim.

Yaʼni aholi xonadonlaridagi isitish ti­zimi toʻliq elektr energiyasiga oʻtkazilishi rejalashtirilyapti. Energetika vazirligi maʼlumotiga koʻra, jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. “Ayni paytda qilinayotgan hisob-kitoblar va texnik audit yakuniga koʻra umumiy xulosa shakllantiriladi va shundan soʻng takliflarning amaliyotga tatbiq etilishi taʼminlanadi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Ochigʻi, aholining kundalik hayotda gaz plitalari, elektr tokida ishlaydigan isi­tish qurilmalaridan foydalanishi yangilik emas. Koʻplab foydalanuvchilar elektr pli­talar tabiiy gaz bosimichalik katta quvvat­ga ega emasligi va yuqori hajmdagi elektr energiyasi talab qilishini aytadi. Ammo keyingi yillarda bunday uskunalar oʻrnini ham yuqori quvvatli, energiyatejamkor avlod­lari egallayotir. Qolaversa, uyga issiqlik beradigan qurilish materiallari, yangicha us­kunalar, masalan, oddiy issiq pol xonadon­ni yaxshiroq isitmoqda. Xullas, masalaning oʻziga yarasha plyus va minuslari bor.

Lekin ishlab chiqarish jihatidan mam­lakatimiz energetika tizimi oxirgi yil­larda dunyo eʼtirof etadigan darajadagi koʻrsatkichlarga erishayotganini ham taʼkid­lash joiz. Yaʼni Oʻzbekiston muqobil ener­giya manbalarini ishga tushirish va ulardan elektr energiyasi olish boʻyicha qisqa vaqtda katta tajriba toʻplab, bu yoʻnalishda yetakchi davlatlar qatoriga qoʻshildi. Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda yurtimizda umumiy quv­vati 5582 megavatt boʻlgan quyosh va shamol elektr stansiyalari, 400 megavattli gidroelektr stansiyalar ishlab turibdi.

Mamlakatimiz energetika tizimiga keyin­gi yillarda 35 milliard dollar xorijiy in­vestitsiya jalb qilinib, 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirilgan. Natijada yur­timizda elektr ishlab chiqarish hajmi 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetgan.

Bu quvvatlar yurtimizda ishlab chiqari­layotgan elektr energiyasi hajmini karrasiga oshirmoqda. Jumladan, joriy yil 8-dekabr holatiga koʻra, Oʻzbekistondagi quyosh va sha­mol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 10 mil­liard kilovatt-soatga yetdi. Bu raqamlar aholi xonadonlaridagi isitish tizimini elektrlashtirish oʻzini oqlashi mumkinligi­ni koʻrsatadi.

100 megavattli yangi quvvat

Hozirgi kunda sanoat korxonalari ham asta-sekin muqobil energiya manbalaridan foydalanishga oʻtib boryapti. Hatto issiqlik energiyasi ishlab chiqaradigan korxonalar ham bevosita elektr energiyasiga bogʻlanyap­ti. Masalan, Toshkent shahrida bir vaqtning oʻzida elektr va issiqlik ishlab chiqaradigan qator zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari ishga tushirilmoqda. Ular aholi va iqtiso­diyot obyektlarini qish mavsumida issiqlik va elektr energiyasi bilan barqaror hamda uz­luksiz taʼminlashga xizmat qiladi.

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida shunday yirik quvvatli kogeneratsiya stan­siyasi barpo etilib, foydalanishga top­shirildi. Joriy yilning 16-dekabr kuni davlatimiz rahbari Yunusobod tumanida boʻlib, yangi stansiya faoliyati bilan ham tanishdi.

Sal avvalroq bir guruh jurnalistlar ana shu stansiyada boʻlgan edik. Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan mazkur 4-issiqlik markazini yurtimizda issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarishning yangi bosqichi deyish mumkin. 100 megavatt quvvatga ega bu loyiha Xitoyning “CNTIC” kompaniyasi bilan hamkorlikda 3,5 gektar maydonda amalga oshirilgan. Kogeneratsiya inshootiga Buyuk Britaniyaning “Rolls- Royce” kompaniyasining 70 ta gaz-porshen uskunasi oʻrnatilgan.

Markazda yiliga 876 million kilovatt- soat elektr energiyasi va 858 ming gigaka­loriya issiqlik energiyasi ishlab chiqari­ladi. Yiliga 35 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Asosiysi, endilikda poytaxtning Yunusobod, Olmazor, Shayxon­tohur, Mirzo Ulugʻbek va Yakkasaroy tumanla­rida joylashgan jami 1 ming 846 ta obyekt doimiy issiqlik energiyasi bilan taʼmin­lanadi. Ularning 1 ming 400 tasi aholi xonadoni, qolgan qismi esa ijtimoiy soha obyektlaridir.

Yaʼni bugun aholi soni bilan birga is­teʼmol talabi ham tobora ortib borayotgan sharoitda tabiiy gaz yoki elektr energiyasi boʻlishidan qatʼi nazar, isteʼmolchilarga uzluksiz yetkazib berishda eng tejamkor, maq­bul yechimlarni qoʻllash zaruratga aylangan. Albatta, bu odamlarning turmush farovonli­giga ham, choʻntagiga ham zarar qilmagan hol­da amalga oshirilishi asosiy mezon boʻlishi kerak.

Elektr energiyasi bilan bogʻliq loyihalar esa dunyo boʻyicha keng ommalashyapti. Ularni muqobil energiya manbalari hisobidan qop­lay olayotgan davlatlar esa yanada samarali natijalarga erishmoqda.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri