– Birinchidan, oʻtgan yili pandemiya davrida, toʻqimachilik korxonalariga eksportdan valyuta tushumini kutmasdan, qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarib berish tartibi, amalda oʻz samarasini berdi. Oʻtgan yili 482 ta korxonaga qariyb 2 trillion soʻm qaytarilgan. Bu yangilik ham yangi tariximizda birinchi marotaba boʻlayapti.

Joriy yil 1-oktyabrdan ushbu tartib barcha tarmoqlarning halol va intizomli boshqa eksportyorlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Ikkinchidan, koʻplab eksport qiluvchi korxonalarning asosiy muammolaridan biri, bu – aylanma mablagʻ yetishmasligidir. Bu masalani 300 dan ziyod tadbirkorlarning kelib tushgan murojaatlarida ham koʻrish mumkin.

Shuning uchun oʻtgan yili Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilib, eksport uchun 1 million dollargacha moliyalashtirish mexanizmlari yoʻlga qoʻyildi. Bu tizimdan 200 ta korxona unumli foydalanib, qoʻshimcha 210 million dollarlik oʻz mahsulotlarini chetga eksport qildi.

Endi bu imkoniyatlarni yana-da kengaytirib, yiliga 20 million dollardan ortiq eksport qiluvchi korxonalarga 5 million dollargacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Uchinchidan, koʻplab tadbirkorlar yuqori sifat va nazorat tizimiga ega Yevropa Ittifoqi, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlardan sertifikatlangan asbob-uskuna va xomashyolarni olib kelganda milliy sertifikat olish talabi mavjudligini eʼtiroz sifatida qayd etishgan.

Masalan, asbob-uskunalar va xomashyoga sertifikat olishda 2-3 million soʻm xarajat, 5-10 kun muddat talab etiladi.

Shu bois, Umurzoqov boshchiligidagi komissiya bir oy muddatda bunday davlatlar roʻyxatini shakllantirib, ularda sertifikat berilgan asbob-uskuna va xomashyolarga milliy sertifikat olish amaliyotini bekor qilish boʻyicha qaror loyihasini kiritsin.

Toʻrtinchidan, ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish hamda tannarxni kamaytirish maqsadida bojxona bojlarini 2 baravarga pasaytirilganidan barchangiz xabardorsiz.

Shu bilan birga, “Milk yevro fud” (Toshkent viloyati), “Es Di Key” (Andijon), “Vull teks inter” (Surxondaryo) kabi korxonalar tomonidan hozirgi kunda olib kelinayotgan xomashyo importi boj stavkalari tayyor mahsulotga qaraganda yuqori ekani qayd etilgan.

Yaʼni, baʼzi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishdan koʻra, chetdan olib kelish tadbirkorga arzonroq boʻlmoqda, – dedi davlat rahbari.

Shu bois, Umurzoqov boshchiligidagi Hukumat komissiyasiga bir oy muddatda xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar uchun import boji stavkalarini pasaytirish boʻyicha qaror loyihasini kiritish vazifasi qoʻyildi.