«Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida»gi Qonunga muvofiq Yogʻ-moy mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy reglament tasdiqlandi va u rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab 3 oy oʻtgach amalga kiritiladi.

Yogʻ-moy mahsulotlari reglamentda nazarda tutilgan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyenik normativlarga muvofiq boʻlishi lozim, ularga rioya etilishi ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish, qadoqlash, saqlash, tashish va muomalaga chiqarishda majburiy hisoblanadi.

Reglament talablari sanoat usulida ishlab chiqarilmagan, shuningdek ozuqaviy boʻlmagan yogʻ-moy mahsulotlariga tatbiq etilmaydi, tabiiy xom glitserin va xoʻjalik sovuni bundan mustasno.

Turli yogʻ-moy mahsulotlari, shu jumladan ozuqaviy va ozuqaviy boʻlmagan mahsulotlar, oʻsimlik yogʻlariga qoʻyiladigan talablar reglamentga ilovada keltiriladi.

Isteʼmolchilar tomonidan identifikatsiya qilish uchun mahsulotlar turli guruhlarining xususiyatlari va ularni tasniflovchi belgilar alohida keltiriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 17.11.2020-yildan kuchga kirdi.

Lola Abduazimova.