Koʻpkarida chavandoz horigan otni qoʻyib undan-da yaxshiroq otni maydonga soladi. Har holda mantiqan shunday.

Bilishim boʻyicha yurtimizda oʻtgan asrda matbuotga qiziqish katta boʻlgan, kuzatilgan. Eng yaxshi uloqchi ot tomoshabinlarning eʼtibor va eʼtirofiga sazovor boʻlganidek, matbuot ham katta mavqega ega boʻlgan. Bugun esa, nazarimda, maydonda oʻzgarish boʻlganga oʻxshayapti. Bu oʻrinda baʼzi mulohazalarni keltirib oʻtish oʻrinli, deb oʻylayman.

Hozir taraqqiyot asrida yashayapmiz. Har bir sohada katta oʻzgarishlar kuzatilyapti. Kimdir aytgan edi, texnologiyalarning rivojlanishida dangasalarning oʻrni katta, deb. Emishki, ular biror ishning osonroq yoʻlini izlab topar va bu orqali taraqqiyotga vosita boʻlar ekan. Boʻlsa bordir!

Matbuot gullab-yashnagan davrlarda uning asosiy vazifasi koʻproq yangilikni yetkazish boʻlgan. Bugun bu vazifani ijtimoiy tarmoqlar bajarmoqda. Bir suhbatda tanishlarim gazetalarni faqat xos kishilargina oʻqiyotganini aytdi. Bu rost boʻlsa, demak, matbuot ancha yangilanishga muhtoj.

Iqtisodiyotda talab va taklif degan tushunchalar bor. Unga koʻra, talabga qarab taklif shakllanadi. Bozor iqtisodiyoti davri deya atalmish ayni paytda bu tushunchalarni matbuot sohasida ham qoʻllamoq kerakka oʻxshaydi. Izohli lugʻatimizda matbuotga “...bosma asarlar: gazeta, jurnal, kitob va sh.k. majmui”, deya taʼrif berilgan. Biz eʼtibor qaratayotganimiz gazeta va jurnaldir.

Men yangilik oʻqish uchun gazeta sotib olgan emasman! Yangiliklardan xabardor boʻlish uchun matbuot doʻkoniga borib gazeta xarid qilgandan koʻra mobil qurilmamdan foydalanishni afzal bilaman.

Xoʻsh, bu masalada nima qilish kerak?

Ustozim aytgan fikrlarga baʼzi mulohazalarimni qoʻshib yozadigan boʻlsam, fkirimcha gazetalarda sharh, tahliliy maqolalar chop etish kerak. Masalan, biror yangi qonun chiqdi yoki biror voqea sodir boʻldi. Bu — yangilik. Uning odamlarga, mavjud tizimga, jamiyatga qanday aloqasi borligi yoki boʻlishi mumkinligi sharhlansa, tahliliy maqola yuzaga keladi. Yangilik texnologiyalar vositasida ommaga tez yetib boradi. Oʻquvchilar uni gazetalarda yana oʻqishni istaydi, deb oʻylamayman. Ammo unga yozilgan izoh yoki sharh koʻp narsani oydinlatishi mumkin. Yangilikni har kim yetkazishi mumkin, sharhni har kim ham yozolmaydi. Bu masʼuliyatni hammaga ham yuklab boʻlmaydi. Ishonchli manbalar bu usulni qoʻllab, oʻquvchilar eʼtiborini tortsa, nazarimda, uni mutolaa qiluvchilar koʻpayadi. Tahlil, sharh, izoh — bular odamlarni oʻziga tortadi. Soddalashtirilgan narsalarni xush koʻruvchilar koʻp boʻlsa kerak.

Keyingi masala — matbuot va oʻquvchi robitasi. Koʻpchilik kioskka borib gazeta xarid qilishga erinsa kerak. Xoʻsh, unda nima qilish kerak? Bu borada gazetaning elektron shakli qoʻl keladi, deb oʻylayman.

Bir qiziqchi guruhning konsertining soʻngida bularning barchasi hazil ekani aytiladi. Shunga qiyosan aytish mumkinki, yuqorida yozganlarimiz ham shaxsiy mulohazalar...

Samariddin YOʻLDOSHEV,

OʻzJOKU talabasi