Xorijlik ekspert bilan O‘zbekiston ta’lim tizimiga joriy etilayotgan XXI asr ko‘nikmalari hamda zamonaviy ta’lim muhitini yaratishdagi vazifalar, sohaning o‘ziga xos jihatlari hamda kelajak ta’limi haqida suhbatlashdik.
— Ushbu suhbat orqali Milliy o‘quv dasturi haqida fikringizni keng jamoatchilikka yetkazish hamda bu dasturning asl mohiyati, maqsadini ko‘rsatib berishni niyat qildik. Xalqaro mutaxassis sifatida ayting-chi, zamonaviy ta’limning g‘oyasi, poydevori qanday, falsafasi nimadan iborat?
— Bugungacha ta’lim muttasil o‘zgarishga uchrab kelgan. Jumladan, o‘qitish mazmuni, texnologiyalar o‘zgargan. Biroq ta’limning asosini mustahkamlaydigan omil bir xilligicha saqlanib qolaverdi. Shu bois, ta’limni takomillashtirishda bir qancha omillarni inobatga olish kerak, degan xulosaga kelingan.
Maqsad esa bitta: kelajak uchun, mamlakat iqtisodiyoti uchun xizmat qilishga shay, siyosiy faol, o‘z fikr-mulohazalarini ifoda eta oladigan, madaniy jihatdan yetuk fuqarolarni tayyorlash.
Bugun deyarli barcha davlatlar, hukumatlar o‘zining o‘qitish strategiyasi qanday bo‘lishi kerakligi haqida bosh qotiryapti. Ta’lim qamrovi nuqtai nazaridan juda ham ko‘p imkoniyatlar yuzaga keldi. Bundan ellik yil oldin bolalarning barchasida ham ta’limdan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan. Mana shu ming yillik va barqaror rivojlanish davrida davlatlar oldiga ta’lim bilan barchani teng qamrab olish maqsadi qo‘yilgan. Bu masaladagi muvaffaqiyat, albatta, e’tirofga loyiq.
Maktabga qamrab olish ta’lim sifati bilan chambarchas bog‘liq. Hamma bolalar ham yuqori sifatli ta’lim bilan ta’minlanmaydi. O‘qitishning sifatini ta’minlash ustuvor, undan foydalanish imkoniyati barchada teng bo‘lishi kerak. Davlatning o‘tmishi, ijtimoiy, iqtisodiy holatidan qat’i nazar, sifatli ta’limdan foydalanishda to‘siq bo‘lmasligi kerak.
— Ta’limni takomillashtirishda hukumatning roli qanday bo‘lishi lozim?
— Bu yo‘nalishda to‘plangan ma’lumotlar hozircha yetarli emas. Hukumatning ta’limni takomillashtirishi bilan bog‘liq muammolar hamma joyda — rivojlangan davlatlarda ham, rivojlanayotgan davlatlarda ham mavjud. Misol uchun, Sharqiy Osiyodagi Singapur, Tailand, Janubiy Koreya kabi davlatlarda Osiyoning boshqa qismidagiga nisbatan ta’limni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi ancha yuqori. Bu mahalliy sharoitlarsiz andaza ko‘chiriladi, degani emas. Biroq hukumat hamma sharoitni qilib berishi kerak, degan tushunchadan qochish joiz. Albatta, hukumat o‘z aholisini maktab ta’limi bilan qamrab olishi shart. Biroq bu yerda hukumatga ko‘mak beradigan boshqa tashkilotlarning ham alohida o‘rni bo‘lishi lozim. Buyuk Britaniya, Malayziya kabi davlatlarda ta’limning asosiy qismini hukumat emas, xususiy sektor tashkillashtiradi. Mantiqan olganda, o‘qitish sifatiga nodavlat tashkilotlarning ta’lim masalasidagi faolligi orqali erishish mumkin.
Samarali ta’lim muhitini ta’minlovchi asosiy omil — sinf va mahoratli o‘qituvchi. Albatta, infratuzilma, texnologiya, resurslar haqida gapirishimiz mumkin. Biroq bularning barchasini birlashtiruvchi omil muallimdir. Afsuski, hamma vaqt ham tajribali o‘qituvchilarni topish, ularni tayyorlash oson emas.
— O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi islohotlarning o‘ziga xos jihatlarini nimalarda ko‘rasiz?
— O‘zbekistonda ta’lim islohotlariga undagan sabab, menimcha, birinchi navbatda, kelajakka umid. Umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qitilayotgan ta’lim mazmuni, sifati yoshlarning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadini amalga oshirishi uchun yetarli bo‘lmagan. Hozir bu kamchilikni to‘g‘rilash yo‘lidagi jiddiy sa’y-harakatlarga guvoh bo‘lib turibmiz.
Keyingi masala oliy ta’lim bilan bog‘liq. Bu yo‘nalishda ham hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar yechimi topilishiga umid bor. Zotan, O‘zbekiston o‘zining bor salohiyatini to‘liq namoyish qilish yo‘lida izchil qadam tashlamoqda. Kun sayin o‘zgarib, rivojlanib bormoqda.
Mamlakatimizda juda ko‘p fanlar o‘qitiladi. Lekin bu asosiy fanlarni o‘rgatishga ketadigan vaqtni olib qo‘yadi. Yana bir muammo — baholash masalasi. Bunga yondashuv o‘zgacha bo‘lgan. O‘qituvchilar muayyan kunda muayyan fan va mavzuni o‘rgatavergan. Vaholanki, bu o‘quvchida yetarli ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilmagan. Bugun qo‘llab-quvvatlanayotgan tizimda esa shu kompetensiyalarni baholash asosiy o‘rinda turadi.
— Sizningcha, qaysi davlatda o‘quvchilar XXI asr talablariga to‘liq javob bera oladigan etib tayyorlanmoqda?
— XXI asr hamma narsani o‘zgartiradi, deb aytolmaymiz. Albatta, ta’lim negizi aslicha saqlanib qoladi. Yuqorida aytganimizdek, Singapur ta’limidagi yutuqlarni boshqa davlatlarniki bilan qiyoslay olmaymiz. Yoki u yerda qo‘llangan usullar boshqa joyda samara berishiga ham ishonchimiz komil emas. Masalan, AQSHda oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar ham sanoat yoki boshqa tarmoqlarda maktabda egallagan ko‘nikmasi asosida malakali mutaxassis bo‘lib ishlay oladi. Shu bois, ham kasb-hunar ta’limiga, ham oliy ta’limga birdek e’tibor qaratish kerak. Buyuk Britaniyaga qaraydigan bo‘lsak, u yerda davlat maktablarini tamomlagan o‘quvchilar yetarlicha muvaffaqiyatga erisha olyapti, deya olmaymiz. Britaniyada, asosan, kam ta’minlangan oilalar farzandlari davlat ta’limidan foydalanadi va ular yetarlicha ko‘nikmani o‘zlashtira olmayapti. Aholining 7 foizigina xususiy ta’limdan foydalansa-da, mamlakatdagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabalarining 50 foizini aynan ular tashkil etadi. Britaniyada xususiy sektor bu masalada muvaffaqiyatga erishgan. O‘zbekiston ham shu sohani rivojlantirishga e’tibor qaratsa, nur ustiga nur bo‘ladi.
Mohira NURULLAYEVA
suhbatlashdi