Yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasi mintaqani rivojlantirishning yangi imkoniyatlarini ochib beruvchi yoʻl

    Fikr 20 Iyul 2021 1215

    Oʻtgan hafta Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mintaqalararo rivojlanish istiqbollariga bagʻishlangan yana bir muhim tashabbusi tarixga bitildi. 15-16-iyul kunlari rasmiy Toshkent yuqori darajadagi “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga mezbonlik qildi.

    Bu konferensiya koʻp jihatdan noyob forum boʻldi. Jumladan, xalqaro maydonda milliy manfaatlarimizni ifodalash masalasida mamlakatimiz rahbariyatining yangi mukammal strategik qarashlarini aks ettirdi. Darhaqiqat, davlatimiz keyingi tarixida ilk bor oʻz tashqi siyosatining yangi yoʻnalishi — Janubiy Osiyo mintaqasi ustuvor ahamiyatga egaligini belgiladi.

    Konferensiyada oʻz ifodasini topgan dasturiy gʻoyalarni amalga oshirish yangi geosiyosiy va geoiqtisodiy reallikni shakllantirishga hamda 2 milliarddan ortiq nufusga ega, sayyoramiz xavfsizligi va barqaror rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatadigan ulkan makromintaqa rivojlanishiga kuchli taʼsir koʻrsatishga qaratilgan.

    Shubhasiz, Toshkentda bunday nufuzli tadbir tashkil etilishi va muvaffaqiyatli oʻtkazilishi soʻnggi yillarda nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki butun dunyoda nufuzi va taʼsiri ortib borayotgan yangi Oʻzbekiston paydo boʻlayotganini aks ettiradi. Inchunun, konferensiya ishida nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari mamlakatlari, shuningdek, boshqa yirik davlatlar ishtirokini taʼminlashga, balki ularning nuqtayi nazarlarini muvofiqlashtirishga muvaffaq boʻlindi.

    Konferensiya yalpi majlislarida, yaʼni uchga boʻlingan sessiyalarda 40 dan ortiq mamlakat xalqaro tashkilotning 250 dan ziyod nufuzli vakili ishtirok etdi, munozaralar deyarli 90 nafar xorijiy jurnalist va koʻplab mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritib borildi. Bu anjuman gʻoyat katta nufuzga ega boʻlganidan darak beradi. Eʼtiborlisi, davlat va hukumat, tashqi siyosiy idoralar rahbarlari bilan birga tadbir ishida mintaqalarimizda, jumladan, xalqaro aloqalar masalalarida oʻrni tobora ortib borayotgan koʻplab davlatlar vakillik hokimiyati organlari masʼullari ishtirok etdi.

    Forumda nufuzli xalqaro tashkilotlar — Yevropa Ittifoqi, YEXHT, MDH, SHHT, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash, YUNESKO, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi, shuningdek, yetakchi xalqaro moliya institutlari rahbarlari faol ishtirok etganini taʼkidlash zarur. Bularning barchasi Prezidentimizning ushbu konfe rensiyani chaqirish tashabbusi oʻta dolzarbligidan va u oʻz vaqtida oʻtkazilganidan dalolat beradi.

    Oʻzbekistonning yangilangan tashqi siyosati va mintaqadagi barcha davlatlar rahbarlarining umumiy siyosiy irodasi tufayli soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda yuz bergan tub oʻzgarishlarsiz ushbu anjumanni tashkil etish imkonsiz boʻlar edi. Shubha-gumonlar, nosogʻlom raqobat, yashirin va baʼzan esa yaqqol dushmanlik kayfiyati oʻrniga ezgu niyat, ishonch va umumiy muammolarni birgalikda hal etish istagi yuzaga keldi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam konsultativ uchrashuvlari tashkil etilishi natijasida konstruktiv muloqot qilish, oʻzaro ishonchni mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratildi. Mintaqalararo savdo hajmi sezilarli darajada oʻsdi: oʻtgan 4 yil mobaynida Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar bilan savdo aylanmasi 5 barobar oshdi. Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi.

    Markaziy Osiyoda vujudga kelgan yangi siyosiy muhit obʼyektiv voqelikdir. Konferensiya mintaqada va qoʻshni hududlarda tinchlik-barqarorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Shuningdek, Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalar oʻrtasidagi aloqalarni yana-da kengaytirish uchun shart-sharoit yaratadi. Bu konferensiyaning ulkan iqtisodiy, madaniy va sivilizatsion salohiyatini toʻlaroq roʻyobga chiqarishning muhim sharti hisoblanadi.

    Davlatimiz rahbari xalqaro konferensiyadagi nutqida Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni tiklash Markaziy Osiyo davlatlari uchun iqtisodiy taraqqiyotga erishishning muhim omili ekani, bu mintaqa xalqlari tinchligi va farovonligini mustahkamlash imkonini berishini ilmiy jihatdan chuqur isbotlab berdi.

    Bugun Janubiy Osiyo yangicha qiyofa kasb etmoqda. Uning jahon iqtisodiyotidagi roli ham ortib boryapti. Bu yalpi ichki mahsuloti deyarli 3,5 trillion dollarni tashkil etuvchi jadal rivojlanayotgan mintaqadir. Mintaqa ishonch bilan jahonning iqtisodiy markazlaridan biriga aylanmoqda. Bugun dunyo hamjamiyati Janubiy Osiyo mamlakatlari shiddat bilan rivojlanayotgani, maʼnaviyatini yoʻqotmay, eng ilgʻor texnologiyalarni oʻzlashtirayotgani, bir vaqtning oʻzida axloqiy qadriyatlarni mustahkamlab borayotganiga guvoh boʻlmoqda

    Konferensiyaning ahamiyati va dolzarbligi yangi tarixiy sharoitda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari hamkorligini tiklash va chuqurlashtirish, deb nom olgan kun tartibi bilan ham belgilandi. Aytish kerakki, bu hududlarda yashovchi xalqlar qadimdan transport-savdo-kommunikatsiya tarmoqlari bilan bogʻlangan. Bu yoʻl orqali nafaqat savdo, balki bilimlar, gʻoyalar va maʼnaviy tushunchalarning ham muntazam almashinuvi yuz berar edi. Bu makromintaqa ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyatning tan olingan jahon markazlaridan biriga aylangani bilan izohlanadi. Afsuski, oʻtgan asrlarda bu kabi aloqalar uzilib qoldi. Bugun Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni yana jonlantirishga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Bu xolisona jarayon barqarorlik va mustahkam taraqqiyotni taʼminlash, ikki mintaqa xalqlarining turmush darajasi va farovonligini oshirish uchun harakatlantiruvchi kuchga aylanmoqda.

    Mazkur jarayonni ziddiyatlar va ijtimoiy-iqtisodiy larzalardan xoli mintaqalararo hamkorlik makoniga aylantirish imkoniyati sifatida baholash mumkin.

    Ushbu konferensiyani tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi, birinchidan, hamkorlikni mustahkamlash, ochiq va konstruktiv siyosat yuritish maqsadidan kelib chiqdi. Bu Markaziy va Janubiy Osiyodagi barcha davlatlarning umumiy manfaatlarini aks ettiradi. Ikkinchidan, bugun Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligida asosiy boʻgʻin hisoblangan Afgʻoniston Islom Respublikasiga Markaziy Osiyodagi mintaqaviy jarayonlarning tabiiy qismi va mintaqalararo loyihalarni rivojlantirishning noyob imkoniyatlari manbai sifatida tobora koʻproq eʼtibor qaratilmoqda. Ularni amalga oshirish Afgʻonistonda tinchlik jarayonini targʻib qilishning yangi misli koʻrilmagan imkoniyatlarini ochib beradi. Uchinchidan, ikki mintaqaning yaqinlashuvi hech kimning manfaatlariga qarshi qaratilmagan. Zero, bugun dunyo shiddat bilan oʻzgarayotgan bir paytda mintaqa xalqlari oldida turgan umumiy tahdidlarni chuqur anglash, muammolarni hal etish yoʻllarini izlash, muloqot va ishonchni mustahkamlash har qachongidan ham muhimdir.

    Boʻlib oʻtgan konferensiya aynan shu maqsadga qaratildi. Tadbirga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq ishlar natijasida Toshkent mintaqalarimiz, boshqa xorijiy davlatlar oʻrtasida koʻp va ikki tomonlama muloqot uchun platforma yaratishga muvaffaq boʻldi. Xalqlar ravnaqining kaliti boʻlgan oʻzaro ishonchni shakllantirish va mustahkamlashga muhim hissa qoʻshildi, bu esa hamkorlik uchun zamin yaratadi.

    Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari muhokamalari natijasida qabul qilingan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonotda oʻrta muddatli istiqbolda Janubiy va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikning umumiy asosiy tamoyillari shakllantirilgan. Bu hukumatlar, parlamentlar, tadbirkorlar, ilm-fan va madaniyat vakillari oʻrtasida muntazam aloqani qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadi. Aynan shu mintaqalararo yirik loyihalarni amalga oshirish sharti sifatida ishonch choralarini mustahkamlash uchun platforma boʻlishi kerak.

    Mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish umumiy muammolar va tahdidlarga qarshi kurashish uchun birgalikda faol harakatlarni talab qilishi tufayli ishtirokchi mamlakatlar tinchlik va barqarorlikka xavf soluvchi transmilliy tahdidlarga qarshi birgalikdagi saʼyharakatlarni amalga oshirishga kelishib oldi. Taqdirlari birbiri bilan uzviy bogʻlangan mintaqalarimizni barqaror rivojlantirish masalasi boʻyicha hamkorlik mexanizmlarini yaratish boʻyicha ham kelishuvga erishildi. Bu atrof-muhit, ekotizimlar himoyasiga koʻmaklashadigan tashabbuslar asosida ekologiya va tabiiy ofatlarni boshqarish masalalarini hal qilish yuzasidan tajriba almashish, chora-tadbirlar rejasini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni nazarda tutadi.

    Iqtisodiyot va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi. Ishtirokchi davlatlar va yetakchi xalqaro tashkilotlar ekspertlari mintaqalararo savdoni rivojlantirish boʻyicha umumiy yondashuvlar ishlab chiqish zarurligini eʼtirof etdi. Garchi koʻp asrlar davomida Janubiy va Markaziy Osiyo makromintaqasi samarali xalqaro mehnat taqsimoti namunasi boʻlib kelgan boʻlsada, mintaqalararo savdo hajmi jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan ancha past edi. Bu esa, oʻz navbatida, mintaqalarimizni bogʻlovchi transport kommunikatsiyasi infratuzilmasini tiklash masalalarini hal etishni talab qiladi. Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yoʻlini qurish loyihasi bu sohadagi asosiy strategik yoʻnalish hisoblanadi. U Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining istiqbolli bozorlarini qisqa yoʻl bilan bogʻlabgina qolmay, milliy iqtisodiyotlarning oʻsishi uchun kuchli ragʻbatlantiruvchi omil yaratadi, oʻzaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikni kuchaytiradi.

    Prezidentimiz oʻz nutqida taʼkidlaganidek, “Bizning oldimizda Markaziy va Janubiy Osiyo, umuman, butun Yevroosiyo mintaqasini barqaror, iqtisodiy rivojlangan farovon hududga aylantirish vazifasi turibdi”.

    Toshkent xalqaro konferensiyasi Oʻzbekistonning ushbu maqsadiga erishish uchun muhim zamin yaratdi.

    Sodiq SAFOYEV,
    Oliy Majlis Senati
    Raisining birinchi
    oʻrinbosari