Yuqori hosildor xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylarini olib kirish tartibi belgilandi

    Agrosektor 19 Dekabr 2023 1543

    2023-yil 15-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Paxtachilikda urugʻchilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-391-son Qaror imzolandi.

    Mazkur hujjatga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Prezident huzuridagi Paxtachilik kengashi mutaxassislari nazorati ostida tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylarini olib kirish hamda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10 %gacha joylashtirishga, istisno tariqasida ruxsat beriladi. Bunda quyidagilar talab etiladi:

    - karantin ruxsatnomasi, eksport qiluvchi mamlakatning oʻsimliklar karantini va ularni himoya qilish boʻyicha davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitariya sertifikati yoki guvohnomasi mavjudligi;

    - xorijdan keltiriladigan gʻoʻza navlari va duragaylaridan paxta hosili yetishtirishda hamda ularning urugʻlarini koʻpaytirishda import qiluvchi tomonidan intellektual mulkka daʼvo qilmaslik;

    - xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylarini olib kelishda nav originatorlari (patent egasi) bilan litsenziya shartnomasi tuzish talab qilinsa, litsenziya xarajatlarini import qiluvchi korxona tomonidan qoplash;

    - kelgusi yillarda ekish uchun xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylarini mahalliy sharoitda yetishtirishni tashkil etish;

    - navlarning biologik va mexanik ifloslanishining oldini olish maqsadida gʻoʻza navlari ekilayotgan hududlarda nav joylashtirish tartibiga qatʼiy amal qilish.

    Shuningdek xorijdan olib kiriladigan oʻrta tolali gʻoʻza navlari va duragaylariga qoʻyiladigan talablar tasdiqlanyapti.

    2024-yildan boshlab:

    paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan xorijdan keltirilgan gʻoʻza urugʻlarining genetik tozaligini molekulyar-genetik tahlil qilish boʻyicha mahalliy vakolatli laboratoriyalar xulosasi olinadi hamda barcha import qilinadigan gʻoʻza urugʻlarining ekinboplik sifat koʻrsatkichlari baholanadi;

    paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan xorijdan olib kelingan gʻoʻza navlari va duragaylari ikki yillik yetishtirish natijalariga koʻra talablarga mos kelgan hollarda respublika hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritiladi.

    Urugʻlik paxta xomashyosini yetishtiruvchilar (paxta-toʻqimachilik klasterlari, fermer xoʻjaliklari, kooperatsiyalar)ga mahalliy olimlar tomonidan yaratilgan rayonlashtirilgan, istiqbolli va yangi gʻoʻza navlarini originatorlar bilan tuziladigan litsenziya shartnomasi asosida joylashtirish huquqi beriladi, bunda urugʻliklar uchun toʻlanadigan ustama mablagʻlar mazkur subyektlar oʻrtasida oʻzaro kelishuv asosida, biroq 3-12 % royalti toʻlovlaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 18-dekabrdan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.