Yurakka koʻmilar asl shoirlar

    – Uzr, doʻstim, oʻtkazvoring, menga navbat berishdi, – dedi kimdir yelkamdan turtib. Qarasam, uzun sochlari oʻziga yarashib turgan shoir Muhammad Yusuf jilmayib menga murojaat qilyapti – shundoqqina ortimda turgan ekan, yana ayb ish qilib qoʻygandek oʻzini noqulay sezyapti. Menga – oʻrta maktabning 9- sinf oʻquvchisiga “doʻstim” deb yuzlanganidan kalovlanib, yoʻl berdim.

    ***

    Adabiyotning inson tarbiyasidagi oʻrni va ahamiyati naqadar beqiyos ekani ijtimoiy hayotimizda, ayniqsa, keyingi yillarida koʻz oʻngimizda bor boʻy-basti bilan namoyon boʻlmoqda. Bugun ulugʻvor mamlakatning azim poytaxti Toshkentning qoq markazidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida beqiyos va benazir Adiblar xiyoboni barcha yoshlar, kitobxonlar, sayyohlar va ziyoratchilar bilan hamisha gavjum. Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan koʻrkam maskan oʻzbek adabiyoti boʻstoniga aylangan.

    Ushbu bahavo, keng adabiyot dargohida Muhammad Yusufning oʻychan va magʻrur haykali ham qad rostlab turibdi. Navqiron sheʼriyatga qoʻyilgan bu qutlugʻ yodgorlik poyidan biror kun, biror soat ham saodatmand oʻgʻil-qizlarimizning qadami uzilmaydi.

    Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf bilan uchrashish, hamsuhbat, davradosh boʻlish baxtiga musharraf boʻlganlarning biri ekanimni doim faxr bilan taʼkidlab kelaman. Soʻz bilan inson koʻngli tubiga kirish yuragi toshdan boʻlganlarni ham eritish mumkin. Muhammadjon aka oʻz soʻzi bilan xalqimiz yuragi qatidan oʻziga makon yasagan, soʻzi bilan haq gapni ayta olgan ijodkor, katta qalb sohibi edi. Uning Vatan, muhabbat, tabiat, tarix, millat mavzularidagi sheʼrlarini oʻqisangiz, xuddi qoʻshiq kuylayotgan odamdek sel boʻlasiz.

    ***

    Oʻsha paytlari bolalar nashrida boʻlim mudiri boʻlib ishlaydigan taniqli shoir Hamza Imomberdiyev “Yosh qalamkashlar” toʻgaragiga asos solgan. Poytaxtdagi yuqori sinflarning 5-10 oʻquvchisi shu toʻgarak aʼzosimiz. Respublika oʻquvchilar saroyi huzuridagi mashvaratga sal boʻlsa-da ijodga qiziqqan, oʻzicha nimalardir qoralab, erta-indin shoir-yozuvchi boʻlaman, degan umiddagi havaskorlar jam boʻlgan edik. 1986-yil 29-dekabr kuni Hamza aka Yozuvchilar uyushmasida anʼanaviy “Yangi yil mushoirasi” boʻlishini, qiziqqanlar bemalol borishimiz mumkinligi aytib qoldi.

    Bordik. “Oʻzbekiston” mehmonxonasining yon tomonidagi uyushma binosi katta zali gʻala-gʻovur, odam tumonat – oʻtirishga joy yoʻq. Zalning yarmi sheʼriyat shaydolari boʻlsa, yarmi tirik afsonalar – zamonasining ilgʻor shoir, yozuvchi, adabiyotshunoslari bilan toʻlgan. Orqada tikka turganlar safiga qoʻshildik. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad davrani boshqarmoqda. Mushoira boshlanib, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Usmon Azim, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Sadriddin Salim Buxoriy va boshqa taniqli shoirlar navbati bilan yangi ijod namunalaridan oʻqib berishga kirishdilar. Har sheʼr yakunlanganda yigʻilganlar gulduros qarsaklar bilan olqishlab turishibdi. Orada hofiz Sherali Joʻrayev “Sochingda qasding bormidi” qoʻshigʻini “premyera” qildi. Zal yana bir qalqib oldi.

    – Endi navbatni yoshlarga bersak, – dedi Said Ahmad aka zalga murojaat qilib. – Bugun ancha tanilib kelayotgan yosh iqtidorlarning ijodiga ham baho berasiz. Demak, navbat yosh isteʼdodli shoir Muhammad Yusufga!

    Bu paytda Muhammad Yusufning nomi ancha tanilib qolgan, 2-3 ta kitobi chop etilgan, sheʼrlari birin-sirin qoʻshiq boʻlayotgan, matbuotda sheʼrlari tez-tez eʼlon qilinib turgan payt edi. Biz ham “Yosh qalamkashlar” toʻgaragida shoirning sheʼrlarini bir necha marta muhokama qilgandik, lekin faqat gazeta-jurnallardagi suratini koʻrgandik, xolos.

    – Uzr, doʻstim, oʻtkazvoring, menga navbat berishdi, – dedi kimdir yelkamdan turtib.

    Qarasam, uzun sochlari oʻziga yarashib turgan shoir Muhammad Yusuf jilmayib menga murojaat qilyapti – shundoqqina ortimda turgan ekan, yana ayb ish qilib qoʻygandek oʻzini noqulay sezyapti. Menga – oʻrta maktabning 9- sinf oʻquvchisiga “doʻstim” deb yuzlanganidan kalovlanib, yoʻl berdim.

    Shoir sahnaga chiqib, bir shoir va nosirdan boʻlak hech kim kiymay qoʻygan doʻppi haqidagi sheʼrini oʻqishni boshladi.

    Bu qandayin koʻrgulik savdo,

    Doʻppi kiymay qoʻydi xaloyiq.

    Boshga loyiq doʻppi yoʻqdir yo —

    Bosh qolmadi doʻppiga loyiq.

    Shoir sheʼr oʻqiyotganida arining uyasi boʻlib yotgan zal sukunat bagʻriga choʻmdi, sheʼr tugadi, hamon jimlik. Birdan zal gumburladi – qarsak, hushtak, olqish... Odamlar Muhammad Yusufdan yana sheʼr talab qilishardi.

    – Uzr, barchangizga tashakkur, taʼzimdaman, – dedi shoir. – Bu mushoira hali uzoq davom etadi, hali sheʼr oʻqimagan ustozlarim, doʻstlarim bor. Hammaga navbat beraylik, iltimos.

    Shoir shunday deb, oʻsha turgan joyiga – toʻppa-toʻgʻri yonimga qaytdi. Qarsagu olqishlar uzoq davom etdi. Davraboshi Said Ahmad odamlarni tinchlantirib, navbatni boshqa shoirlarga berdi. Ammo kamsitmagan holda aytishim kerak – keyin oʻqilgan sheʼrlar shunchaki tinglandi. Oʻzim esa yonimda turgan shoirdan koʻz uzolmadim. Uzoq termulib qolganimni sezib, Muhammad aka menga jilmayib koʻz qisib qoʻydi. Men qoʻlimni koʻksimga qoʻyib “rahmat”, dedim.

    ***

    1993-yil Matbuotchilar koʻchasidagi mashhur tahririyatlar binosining 5-qavatida joylashgan yoshlar nashrida ishlab yurgan kezlarim. Gazetamizda “Beshinchi qavatdagi uchrashuvlar” sahifasi tashkil qilingan boʻlib, unda elimiz suygan taniqli shoirlar, yozuvchilar, xonandayu sportchilar, olimlar mehmon boʻlishar, jamoamiz aʼzolari ishtirokida ular bilan chiroyli davra suhbatlari oʻtkazilar va bu gazeta orqali yoritib borilardi.

    Bosh muharrir bilan maslahatlashib, Muhammadjon akani navbatdagi uchrashuvga taklif qiladigan boʻldik. U kishi bu paytda binoning 3-qavatidagi tahririyatda ishlayotgan edi. Maqsadimni aytgandim, rozi boʻldi. Kuni va vaqtini kelishdik.

    – Beshinchi qavatda uchrashguncha, – dedi shoir oʻsha oʻziga yarashgan samimiy tabassum bilan.

    Bosh muharrir xonasida jamoaning oʻttiz chogʻli aʼzosi yigʻildi. Aytilgan vaqtda shoir yonida sanʼatkor Rustam Ubaydullayev va uning oʻgʻli Doston bilan davraga kirib keldi. Oʻshanda 9-10 yoshlardagi Doston butun Oʻzbekistonning mashhur va taniqli shirintoy-erkatoy oʻgʻli, qoʻshiq, sheʼr, hajviy chiqishlari bilan barchaning mehrini birdek qozongan paytlar edi. Shunday boʻlsa-da, bu menga biroz yoqmadi. Shoir bilan alohida gurung boʻlishini istagandim, shekilli.

    – Men bu shirintoyni faqat televideniye va kinofilmlarda koʻrinavermay, odamlar orasiga ham kirsin, deb oʻzim bilan olib keldim, – dedi Muhammadjon aka xuddi xayoldagi fikrlarimni uqqandek. – Men ham uni sizlar kabi judayam yaxshi koʻraman, muxlisiman.

    Xullas, shoir Doston haqida yana yaxshi gaplar gapirdi, davraga chaqirib, unga sheʼr, qoʻshiqlar ayttirdi. “Biz tomonga bir-bir qarab qoʻy”, “Tulpor” qoʻshiqlariga doirada dadasi joʻr boʻldi. Bizning yengil savollarimizga Doston quvnoq kayfiyatda kattalardek burro-burro javob berib, barchamizni kuldirdi. Keyin davra jiddiylashdi. Muhammad Yusuf milliy ruh, millat taqdiri, tarixning qora kunlari haqida gapirdi, shu mazmundagi sheʼrlaridan oʻqidi.

    Jadid bobolarimizning achchiq qismati, mashaqqatli hayot yoʻli va yurt ozodligi orzu-armonlariga toʻla ijodi Muhammadjon akani hamisha iztirobga solgan. Aynan shu mavzuda koʻplab sheʼr va dostonlar bitgan. Ayniqsa, qatagʻon qurbonlari xotirasiga bagʻishlangan “Qora quyosh” dostoni shoirning cheksiz mehr-muhabbati, Vatan farzandlari, millat va davr fojeasiga nisbatan yuksak shoirlik munosabatidir. Shoir uchrashuvda ushbu dramatik dostondan parchalar oʻqidi. Asarda Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Usmon Nosir singari ulugʻ ziyolilarimizning ichki kechinmalari, millat va xalq dardida yongan hasratlari ifodalangan.

    Oʻlsa oʻzi oʻlar, Soʻzi oʻlmaydi,

    Hamisha barhayot nasl shoirlar.

    Haqiqiy shoirning qabri boʻlmaydi,

    Yurakka koʻmilar asl shoirlar.

    “Beshinchi qavatdagi uchrashuv” tafsilotlari yoritilgan bir sahifalik salmoqli maqola chop etilgan kun tushga yaqin ichki telefon jiringladi. Olsam, Muhammadjon aka:

    – Doʻstim, gazetani koʻrdim, rahmat, juda chiroyli beribsizlar. Rustam aka ham telefon qilib, minnatdorlik bildirdi. Ayniqsa, Doston rosa xursand boʻlibdi.

    Shunda oʻylamasdan bir gap aytib yubordim:

    – Muhammadjon aka, oʻzi oʻsha kuni nega Dostonni boshlab keldingiz? Oʻzingiz bilan alohida uchrashganimiz maʼqul emasmidi? Ularni keyinroq alohida chaqirsak ham boʻlar edi...

    Javob qisqa boʻldi va shu bilan goʻshak qoʻyildi:

    – Keyin eslab yuradi!

    Oradan salkam 30 yil oʻtdi. Doston Ubaydullayev hozir bularni eslaydimi-yoʻqmi, bilmadim, ammo men oʻshanda shoirning bagʻrikengligiga daxl qilmoqchi boʻlganim uchun hali ham oʻzimdan xafa boʻlib kelaman.

    ***

    Oddiy odamlarda buyuklikka erishish imkoni koʻproq, buyuklar esa doim oddiy boʻladilar. Muhammad Yusuf ishga jamoat transportida qatnaydi. Oʻzini katta olmaydi, xalq orasida, odamlar orasida yuradi doim. Bundan sira ogʻrinmaydi. Muxlislari har qadamda yoʻlini toʻssa-da, u bilan bir ogʻiz soʻzlashish, nigohini oʻziga qaratish uchun intilsa-da, shoirga bu erish tuyulmaydi.

    Ertalab ishga kelayotib, koʻpincha metroning Mustaqillik maydoni bekati chiqaverishida Muhammadjon aka bilan koʻrishib qolamiz. Tahririyat binosigacha gurung qiziydi. Shoir yangi yozgan sheʼrlaridan parchalar oʻqiydi, gohida erib, tantiligi tutib ketsa, hali siyohi qurimagan qoʻlyozmasini beradi:

    – Sizlarga ilindim, bersanglar, minnatdor boʻlaman, – deydi.

    Ishxonaga keliboq, matn teruvchilarga beraman, asl nusxani oʻzimga (hamon xazinam toʻrida) saqlab qoʻyaman. Sheʼrlari chop etilgan kun shoir yosh boladek quvonadi, undanam koʻproq biz – tahririyatdagilar xursand boʻlamiz.

    Bir kuni metrodan chiqishda yana toʻqnash keldik. Ketyapmiz. Soat 10 ga yaqinlashgan. Men qadamimni tezlataman. Muhammad aka shoshilmaydi. Darvoqe, oʻsha birinchi murojaati oʻz kuchida qolgan, yaʼni menga doim “doʻstim”, deb yuzlanardi.

    – Doʻstim, sekinroq yuraveraylik, – deb tirsagimdan tortadi u. – Bugun ham baribir ishning oxiriga yetolmaymiz. Boramiz-da.

    Demak, hozir yangi yozgan sheʼridan oʻqiydi yoki qoʻlyozmasini beradi. Yoʻq, boshqa mavzularda gaplashib, borgan sari qadamimiz sekinlashib ketaverdik. “Zarafshon” restorani yonidan oʻtayotganimizda bezovtaligim ortayotganini sezadi.

    – Iltimos, sekinroq yuraveraylik, anavi qizchadan oʻtib ketmaylik, – deb bizdan sal narida ketayotgan ayolga imo qoqadi shoir.

    Gapning mohiyatini tushunmaganimni koʻrib, qoʻshimcha qiladi:

    – Sal oqsoqlanib yurarkan, biz uni quvib oʻtsak, koʻngliga keladi. Men ham sogʻ boʻlganimda, bular meni yonimdan bunday oʻtib ketmagan boʻlar edi, deb koʻngli oʻksiydi.

    Qarasam, oʻsha qiz rostdan ham biroz oqsoqlanib, chap tomonga gavdasini tashlab, biroz qiynalib qadam tashlayapti. Yuragimda nimadir “chirt” etib ketdi, shoirning buyukligi va ulkan qalb egasi ekaniga yana bir karra amin boʻldim.

    ***

    Qaysidir yili Navroʻz bayrami bahona Navoiy viloyatida yoshlar gazetasi kunlari oʻtkaziladigan boʻldi. Tahririyat aʼzolari, yozuvchi-shoirlar va sanʼatkorlardan iborat 15-20 chogʻli guruh safarga otlandik. Oramizda Muhammad Yusuf ham bor. Shoir bilan 3-4 kun hamsuhbat boʻlish imkoniyatidan koʻpchilik qatori mening ham ogʻzimning tanobi qochgan.

    Navoiy shahri va qator tumanlarda oʻtkazilayotgan Navroʻz sayllarida qatnashdik, ijodiy uchrashuvlar oʻtkazdik. Hozir balki bunga birov ishonmas, lekin mashhur xonandayu qiziqchilarning chiqishlari bir, Muhammad Yusufning chiqishlari bir boʻlib qolardi. Odamlar qoʻshiq tinglab, qiziq hangomalardan zavqlanib, qarsak chalish bilan kifoyalanishsa, shoir sheʼr oʻqiganda junbushga kelishardi, sahnadan tushirishni istamay, qayta-qayta sheʼr soʻrashardi.

    Sochimda oq, men bahordan oʻtindim,

    Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.

    Qor qoʻynidan zoʻrgʻa senga yetindim,

    Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.

    Jon ustida asrab yuray koʻkni men,

    Toʻyib-toʻyib koʻzga suray koʻkni men,

    Yana senga yetamanmi, yoʻqmi men,

    Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.

    Nurota tumanidagi ijodiy uchrashuvdan keyin Chashma qadamjosini birga ziyorat qildik. Yaratganning moʻjizalaridan yana bir bor hayratga tushdik. Oʻshanda Muhammad aka qoʻqqisdan aytgan bir gap xotiramda abadiy muhrlanib qoldi:

    – Ming yillardan beri oqib turgan mana shu chashmaning muzlashi hech kuzatilmagan. Istardimki, inson haqidagi xotiralar ham hech qachon muzlamasin. Insondan yaxshi xotiralar qolishi va u oʻchmasligi kerak.

    Ne tongki, bugun shoir oʻzidan oʻchmas xotiralar qoldirib ketdi.

    ***

    Qozogʻistonlik jurnalist Baurjon Bigaliyev bilan 10 yillar avval bir xalqaro tadbirda tanishib, doʻstlashib ketganmiz. Olmaotaga bir-ikki borganda men, Toshkentga yoʻli tushib qolsa u bir-birimizni yoʻqlaymiz. Boshqa payt internet – ijtimoiy tarmoqlar orqali gaplashib, maslahatlashib, baʼzan ijodiy hamkorlik ham qilib turamiz.

    Bir kuni Baurjon menga oʻzbekchani oʻrgat, deb qoldi. Unday boʻlsa, bir shartim bor – sen ham menga qozoqchani oʻrgatasan, dedim. Kelishdik, kulishdik. U menga bir necha qozoqcha qoʻshiq joʻnatdi, eshitib, tushunmagan joylaringni soʻra, dedi. Men ham oʻndan ortiq oʻzbekcha qoʻshiqni saralab, unga yubordim. Oradan ikki yo uch kun oʻtdi. Telegram kanali orqali undan quyidagi qisqacha mazmunda maktub keldi:

    “Sen shafqatsiz ekansan. Menga qanday qoʻshiqlarni yubording. Tinglasam, boshqa olamga tushib qolyapman. Oʻzbekchani bilmasam ham tushunyapman, taʼsirlanyapman. Soʻzlari shunchalar ham dilga yaqin boʻladimi? Nega avvalroq menga bu shedevrlarni tavsiya qilmading? Bu ashulalarning soʻzlari kimniki?”.

    Xalqimiz sevib tinglaydigan oʻnlab qoʻshiqlar ichidan Baurjon maktubida faqat Muhammad Yusuf sheʼrlari bilan aytilgan qoʻshiqlarni sanab oʻtgandi. Gap Nuriddin Haydarov ijrosidagi “Mehr qolur”, Muhriddin Xoliqovning “Asl yorni tushlarimda koʻrdim faqat”, Gʻiyos Boytoyev maromiga yetkazgan “Onaizor”, Mahmudjon Azimovning mashhur “Samarqandga borsam men agar...”, Sevara Nazarxon ijro qilgan va madhiya darajasiga koʻtarilgan “Ulugʻimsan, Vatanim!” va yana boshqa bir necha qoʻshiqlar haqida ketayotgan edi.

    Doʻstimning maktubiga javoban shoir haqida bilganimcha maʼlumot berib, uning sheʼrlari bilan aytiladigan qoʻshiqlardan yana joʻnatdim. Baurjondan navbatdagi iltimos keldi: “Menga ushbu qoʻshiqlarning matnini ham yubor”. Yubordim. Bilishimcha, qozogʻistonlik hamkasbim qoʻshiq tinglash asnosida Muhammad Yusufning chin muxlisiga aylanib qolgan edi.

    ***

    Muhammad Yusuf ijodidagi Vatanga muhabbat, uni tarannum etish mavzusi alohida bir dunyo. Shoir qalbidagi Vatanni sevish, anglash, unga boʻlgan muhabbat haqidagi dilga yaqin satrlar uning yuksak isteʼdod sohibi ekanini koʻrsatadi. Ushbu mavzudagi sheʼrlarini oʻqiganimizda qalbimizda yurtga oʻzgacha muhabbat, oʻzgacha taft his etamiz. Misralari sodda boʻlsa-da, samimiy, jumlalari balandparvozlikdan yiroq, tashbehlari oʻziga xos. Shu bois, xalqimiz Muhammad Yusuf sheʼrlarini jon-dili bilan oʻqiydi.

    O, ota makonim,

    Onajon oʻlkam,

    Oʻzbekiston, jonim toʻshay soyangga.

    Senday mehribon yoʻq,

    Seningdek koʻrkam,

    Rimni alishmasman bedapoyangga.

    Muhammad Yusuf uchun har bir soʻz, hayotidagi har bir hodisa sheʼriyat edi. U goʻyo osmonlarda qanot qoqayotgan qush kabi juda yengil va yorqin hayot kechirdi. Ammo shoir hayoti juda erta uzildi – 2001-yilning 29-iyul kuni 47 yoshida vafot etdi.

    U beshikdan bu beshikka yalangtoʻsh,

    Koʻcharmizda, oʻzga iloj koʻrmadim.

    Kelarda ham, ketarda ham qoʻli boʻsh,

    Koʻmik boshda koʻkargan toj koʻrmadim.

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri