Madaniyat vazirligi 2025-yildagi istiqbolli rejalarini ochiqladi

    Bugun, 24-dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Madaniyat vazirligi tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2025-yildagi istiqbolli rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Unda, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Avazxon Tadjixanov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev hamda madaniyat vazirligi rahbariyati, markaziy apparati, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.

    Matbuot anjumani avvalida vazir Ozodbek Nazarbekov tomonidan 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga hisobot berib, 2025-yildagi rejalar ochiqlandi.

    Jumladan,

    Teatr va sirk yoʻnalishida, teatrlarda 10 479 ta spektakl namoyish etilib, ushbu tomoshalarga 3,6 mln nafar tomoshabin tashrif buyurganligi, shuningdek, “Oʻzbeksirk” tomonidan 556 ta sirk tomoshalari oʻtkazilib, tomoshalarga 150 ming nafar tomoshabin tashrif buyurganligi maʼlum qilindi.

    Konsert — tomosha yoʻnalishida, 2024-yilda 7 255 ta konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilib, 10 mln 37 ming 200 nafar aholi qamrab olindi.

    Madaniyat markazlari va nomoddiy madaniy meros yoʻnalishida, mamlakatimizdagi 837 ta madaniyat markazlari tomonidan joriy yilda jami 26 mingdan ortiq madaniy-maʼrifiy va konsert-tomosha dasturlari tashkil etilib, 2,5 mln nafar tomoshabin jalb etilgan.

    Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati yoʻlga qoʻyilib, nomoddiy madaniy meros namunalarini tadqiq etish maqsadida, 13 ta mahalliy va 1 ta xorijiy folklor ekspeditsiyalar tashkil etildi va 250ga yaqin nomoddiy madaniy meros namunalarining dastlabki hujjatlari tayyorlandi, internet va ijtimoiy tarmoqlarda targʻib etishga qaratilgan 50 ta audiovizual asarlar yaratildi. Shuningdek, “Rubob yasash va ijrochilik anʼanalari” bilan bogʻliq nomoddiy madaniy meros namunasi YUNESKOning xalqaro reprezentativ roʻyxatiga kiritildi.

    Ijodkor yoshlar va tanlovlar yoʻnalishda, 18 ta respublika koʻrik-tanlovlar va festivallar oʻtkazildi hamda ularga 10 ming nafardan ortiq ijodkor yoshlar qamrab olinib, madaniyat va sanʼat sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan hududlarda 14 ta “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etilib, ularga 1 ming 400 nafardan ortiq yoshlar jalb qilindi.

    Taʼlim yoʻnalishida, madaniyat taʼlim muassasalaridagi 2 000 nafar pedagog kadrlar, professor-oʻqituvchilar hamda rahbar xodimlar malakasi oshirildi hamda kollejlarining 2 600 nafardan ortiq pedagoglari attestatsiyadan oʻtkazildi.

    Prezidentning “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida musiqa madaniyati fani oʻqitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan oʻqituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2024-yil 15-noyabrdagi PQ391-son qarori tasdiqlandi. Shuningdek, Prezidentning «Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 2024-yil 22-noyabrdagi PQ399-son qarori bilan bolalar musiqa va sanʼat maktablarining direktori, direktor oʻrinbosarlari, oʻqituvchi va konsertmeysterlarining ish haqi miqdorlari 2025-yil 1-yanvardan boshlab 10 foizga oshirilishi belgilandi.

    Millatlararo munosabatlar yoʻnalishida,

    6 ta yangi “Oʻzbekiston-Belorus”, “Oʻzbekiston-Ispaniya”, “Oʻzbekiston-Kanada”, “Oʻzbekiston-Shimoliy Makedoniya”, “Oʻzbekiston-Chexiya”, “Oʻzbekiston-Oʻmon Sultonligi” doʻstlik jamiyatlari tashkil etilib, ularning umumiy soni 42 taga yetkazildi.

    Xalqaro yoʻnalishda, 9 ta davlatda Xitoy, Ozarbayjon, Qatar, Tojikiston, Buyuk Britaniya, Gruziya, Qozogʻiston, Turkmaniston, Rossiya “Oʻzbekiston madaniyat kunlari” madaniy tadbirlari yuqori saviyada oʻtkazildi, 4 ta davlat Ozarbayjon, Moʻgʻuliston, Qirgʻiz Respublikasi, Qatarning madaniyat kunlari Oʻzbekistonda yuqori saviyada oʻtkazildi, 8 ta davlatda Rossiya, AQSH, Avstriya, Malayziya, Belgiya, Polsha, Rossiya, Fransiya Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33-yilligiga bagʻishlab madaniy tadbirlar oʻtkazildi, 8 ta xorijiy davlatlar Belarus, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Koreya, Qirgʻiz Respublikasi, Qozogʻiston, Ozarbayjon bilan Anglashuv memorandumlari va hamkorlik dasturlari imzolandi.

    Shuningdek, «Inson qadri uchun» tamoyili asosida 35 nafar madaniyat va sanʼat xodimlariga Toshkent shahri Yashnobod tumanidan 35 ta yangi turar joylar topshirildi.

    Anjumanda vazirlik rahbariyati tomonidan 2025-yildagi rejalar ochiqlandi.

    Jumladan,

    - teatrlar tomonidan namoyish etiladigan spektakllarga 3,8 mln hamda madaniy tadbirlar va festivallarga 10,2 mln tomoshabinlar jalb etiladi;

    Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali, “III Xalqaro hunarmandchilik festivali”, “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali, Xalqaro teatr festivallari oʻtkaziladi;

    - Davlat konsert-tomosha muassasalari tomonidan namoyish etiladigan madaniy tadbirlar va festivallarga 10,5 mln tomoshabinlar jalb etiladi;

    - Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri ijodiy jamoalari tomonidan 14 ta hududda oʻzarolik tamoyili asosida hududlarning 50 dan “Madaniyat kunlari” tadbirlari yuqori saviyada oʻtkaziladi;

    - Hududlarda mashhur xonanda, qiziqchi va boshqa ijodkorlar ishtirokida “Madaniyat karvoni” shaklida konsert-tomosha tadbirlari oʻtkaziladi;

    - Respublika askiya sanʼati markaziga yangi spektakllarni sahnalashtirish va askiya va qiziqchilik yoʻnalishida 5 ta asarga davlat buyurtmasi beriladi;

    - 20 ta madaniyat va sanʼat muassasalari davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi;

    - Madaniyat va sanʼat tizimidagi oliy taʼlim muassasalarining ilmiy darajali va unvonli kadrlar soni qoʻshimcha 30 nafarga koʻpaytiriladi;

    - Madaniyat vazirligi tasarrufidagi 325 ta bolalar musiqa va sanʼat maktablari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tasarrufidagi umumtaʼlim maktablarining musiqa madaniyati fani boʻyicha tayanch taʼlim muassasasi sifatida belgilanadi;

    - 7 turdagi milliy musiqa cholgʻularida kuy ijro etishni oʻrgatish boʻyicha qoʻshimcha adabiyotlar, notalar va videodarslar ishlab chiqiladi;

    - Har bir tuman va shaharlarda bolalar musiqa va sanʼat maktablari hamda milliy va zamonaviy cholgʻu ansambllarining hisobot konsertlari byudjetdan tashqari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yoʻlga qoʻyiladi;

    - Bolalar musiqa va sanʼat maktablarida faoliyat yuritayotgan oliy maʼlumotli oʻqituvchilar 55 foizga yetkaziladi;

    - “Tirik tarix” turkumidagi 54 ta filmlardan 20 yaqini ishlab chiqarishga tushiriladi;

    - Agentlik huzurida Oʻzbekiston xalqaro kinoakademiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;

    - Erkin iqtisodiy kinohududlar tashkil qilish chora-tadbirlari amalga oshiriladi;

    - 30-iyul – Xalqlar doʻstligi kuni munosabati bilan “Doʻstlik” festivali, 16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuniga bagʻishlab “Bagʻrikenglik” haftaligi oʻtkaziladi;

    - 10 dan ortiq davlatda «Oʻzbekiston madaniyat kunlari» madaniy tadbirlari oʻtkaziladi;

    - 5 ta davlatning madaniyat kunlari Oʻzbekistonda oʻtkaziladi;

    - 10 ta davlatda Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33-yilligiga bagʻishlab madaniy tadbirlar oʻtkaziladi;

    - 10 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan Anglashuv memorandumlari va hamkorlik dasturlari imzolanadi.

    Matbuot anjumani yakunida OAV vakillari mutasaddilarga murojaat qilishib oʻzlarini qiziqtirgan sohaga oid savollarga javoblar olishdi.