Yurt egasidan boshlangan adabiyot bayrami

    Madaniyat 20 Iyul 2023 903

    Yoxud Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari tashabbuskori kim edi?

    Bir odam qazigan ariqdan ming odam suv ichadi. Bahor yomgʻiri son-sanoqsiz maysalarga mador kiritadi. Buloqdan oqib tushgan jilgʻa irmoqqa, irmoqlar daryoga aylanadi. Daryolar dunyoni yashil liboslarga burkaydi. Baland uchgan burgut nigohi togʻning choʻqqisiga ham tushadi. Yoniq soʻz toshni kukunga, tafti gulni butaga, butani daraxtga aylantiradi...

    Kuni kecha yangi Oʻzbekiston zamonaviy adabiyotining navqiron avlodi yigirma yettinchi bor tarovatli Zomin togʻlari bagʻridagi soʻlim Oʻriklisoyga toʻplandi. 27 yil koʻp zamonlaru xoʻb davronlarni oʻlchagan koʻhna tarix soatining “oltin kapgiri” uchun, akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulom yozganidek, “kapalak umriga qiyos etgulik fursat”dir, balki. Ammo bu yigirma yetti yil davomida mustaqil mamlakatimiz turmushi va adabiy hayotimizda yuz bergan beqiyos, olamshumul oʻzgarishlarning “bahosin oʻlchamoq uchun oltindan tarozu, olmosdan tosh” ozlik qiladi.

    Gap yangi zamon sheʼriyatining atoqli vakili, shodlik va baxt kuychisi Hamid Olimjon tugʻilgan Jizzax zamini haqida ketar ekan, bu suluv diyorga qadam qoʻygan kishi vujudini “bir ajib his” qamrab oladi. 27 yil muqaddam kaminai kamtarin bu goʻzal maskanga bir ajib tuygʻular bilan borgan edim.

    Oʻshanda biz – men, Jovli Xushboq, Gulchehra Aliboyeva kabi qator publitsistlar “Turkiston” gazetasining mintaqaviy muxbirlari edik. Oyning oʻn beshi qorongʻu deganlaridek, bir vaqtlari million adad bilan chiqqan gazeta ozgina vaqt bosilmay qoldi. Yangi kelgan Bosh muharrir hammamizni yigʻib, “Birinchi ishimiz — gazetaning avvalgi shuhratini tiklashimiz, adadi va oʻqishli maqolalarni koʻpaytirishimiz kerak!” dedi. Soʻngra yon daftarchasiga bir qarab olib “Mintaqaviy muxbirlarimizni bot-bot Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlariga joʻnatib turamiz. Kundan kun koʻpayib borayotgan vodiy ahlining bir qismini choʻlga chorlash kerak boʻladi!” deb qoʻshimcha qildi.

    Jizzaxga birinchi ijodiy safarimizga Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov bosh boʻldi. Xalq shoiri Normurod Narzullayev menga “Hammamizning nomimizdan maqolaning xamirturushini sen tayyorlaysan, xalqim. Pishitish bizdan!” dedi. Olti muallif nomidan men tayyorlagan maqola bosildi, ijobiy shov-shuvlarga sabab boʻldi. Safardan qaytganimizdan keyin Normurod aka bilan u Bosh muharrir boʻlib ishlayotgan yoshlar nashriyotida gurunglashdik. “Bilasanmi, xalqim, sen bilan qalbim. Jizzax endi avvalgidan ham zoʻr boʻlib ketadi. Mirzo Ulugʻbek tumanining rahbari Shavkatjon Mirziyoyev viloyatga hokim boʻlib bordi. Juda ishchan yigit. Kitobni koʻp oʻqiydi. Kitob oʻqigan odamning hamma ishlari baroridan keladi. Endi sheʼr eshit: “Samolarda yulduzlarni osmon soʻroqlar, Chin insonni koʻngil qoʻyib inson soʻroqlar”. “Juft boʻlsin, ustoz!” deganimdan keyin “Yaxshilik deb yashayman!” sheʼrini ham oʻqib berdi. Bu 1996-yilning 12-sentyabri, atoqli shoir Shavkat Rahmonning tugʻilgan kuni edi. Oʻshanda soʻnggi kunlarini yashayotgan shoir Chilonzorda, V.Vohidov nomidagi koʻkrak jarrohligi shifoxonasida davolanayotgandi.

    1997-yilning yozida shoir Azim Suyun Matbuotchilar koʻchasi, 32-uyga joylashgan tahririyat binosi oldida koʻrishganimizda “Oʻn yil avvalgi qarzimni uzmasam boʻlmaydi. Sizni Jizzaxga olib ketaman!” dedi. Yonida turgan xodimlari ajablanib qoʻyishdi. Chunki ular 1987-yilning fevralida Azim aka va uning shoir hamrohini 4 oy avval “Qoraqalpoq dostoni” trilogiyasi uchun SSSR davlat mukofotini olgan ustozimiz Toʻlepbergen Qaipbergenovning huzuriga olib borganimni, keyin uning hamrohini noqulay vaziyatdan olib chiqqanimni bilmasdilar. “Oʻriklisoyda siz uchun bir “syurpriz”im bor!” deb qoʻshib qoʻydi Azim aka.

    Oʻriklisoy safari unutilmas boʻldi. Togʻning musaffo havosi, soyning zilol suvi, oʻrtasiga sariyogʻ qoʻyilgan patir, kiyik oʻti qoʻshib damlangan choy bir tomon-u, Azim Suyun aytgan “tirik syurpriz” ikkinchi tomon boʻldi. Oʻriklisoyda yashaydigan Husan ismli qirgʻiz yigit “Manas”ni yoddan aytar ekan.

    “Manas”chining aytimlarini tinglab, ogʻzim ochilib qoldi. Shu orada Azim aka ham joʻshib ketdi-da, oʻzimizning “Avazxon” dostonidan bir necha bandni oʻqidi.

    Toshkentga qaytgan kunimizning ertasiga bolalarning sevimli shoiri Quddus bobo Muhammadiy toʻqson yoshida olamdan oʻtdilar. Maʼrakada turganimizda Azim aka “Quddus bobo aslida biolog, SAGUda, keyin tibbiyot institutida oʻqigan. Oʻzbekiston xalq shoiri, bir necha avlod bolalarining sevimli shoiriga aylandi. Quddus aka bir vaqtlar Islom shoir Nazar oʻgʻliga kotiblik ham qilgan”, dedi.

    1997-yil iyul oyining birinchi oʻn kunligi mustaqil Oʻzbekiston adabiyoti solnomasiga oltin harflar bilan yozib qoʻyildi. Shu kunlari Jizzax viloyati hokimi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati Shavkat Mirziyoyev boshchiligida respublika yosh adiblarining birinchi anjumani oʻtkazildi. Anjuman arafasida “Jizzax haqiqati” gazetasi tahririyatiga kirdim. Tahririyatning bir-ikki xodimi uzun boʻyli yoshi ulugʻ oqsoqolning hikoyasini tinglab oʻtirgan ekan. Salomlashdik. “Turkiston” gazetasidan ekanligimni eshitgach, oqsoqol oʻrnidan turib:

    — “Pomidor nega qizil” degan kitobning avtori Ibrohim Donish boʻlaman! — dedi.

    — Yangiboy Qoʻchqorovman.

    — Ie, maqolalaringizni oʻqib turaman. Oshiq Ayoz – Ibroyim shoir bilan suhbatingiz esimda qoldi. Keling, suhbatimizga qoʻshiling.

    Ibrohim Donish bilan uzoq yillar ota-bola boʻldik, Doʻrmonda yoinki Jizzaxda oʻzi barpo etgan bogʻda haftalab suhbatlashdik. U hozir oramizda yoʻq.

    Endi yana oʻsha 1997-yil iyul oyi boshiga qaytamiz. Respublika yosh ijodkorlarining birinchi anjumanini ochar ekan, viloyat hokimi Shavkat Mirziyoyev bunday degan edi:

    “Assalomu alaykum, qadrli adabiy anjuman ishtirokchilari!

    Hurmatli ustoz adiblar!

    Qadrli yosh ijodkorlar!

    Goʻzallik va nafosat kuychisi Hamid Olimjon tavallud topgan tabarruk zaminga xush kelibsiz!

    Hurmatli Abdullajon aka! Mamlakat miqyosidagi adabiyot anjumanini viloyatimizda oʻtkazish haqidagi taklifimizga bosh qoʻshganingiz uchun sizga, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbariyatiga, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan atoqli adiblarga barcha jizzaxliklar nomidan, kitobsevar, sheʼrsevar elimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiramiz. Hammangizga igna bilan quduq qazishdek murakkab ijodiy ishlaringizda yutuqlar tilaymiz.

    Bizda choʻllarda boʻston yaratayotgan dehqonlaru bogʻbonlar, yaylovlarda zahmat chekayotgan chorvadorlar, ishbilarmonu tadbirkorlar, hamma-hammasi kitob oʻqiydi. Biz yangi jamiyat quryapmiz. Buning uchun ilm kerak, zamonaviy texnologiyalar kerak. Ularni esa faqat kitobdan olish mumkin. Ayniqsa, badiiy adabiyot insonning bir umrlik sodiq hamrohidir. Mening oʻzim ham har kuni kitob oʻqiyman. Sheʼriyatga mehrim baland. Albatta, hayotimizga elektron manbalar kirib kelmoqda. Lekin hech narsa odamga kitobchalik bilim, zavq, tarbiya bera olmaydi. Yoshlarimizni kitobga burishimiz lozim. Ular har xil jaholat tasvirlaridan koʻra “Oʻtgan kunlar”ni oʻqisin. Chunki unda insonni komillikka eltuvchi minglab iboralar bor. Asrimiz yakuniga yetmoqda. Yangi asr kitob asri boʻlishi lozim. Viloyatimizda yosh shoir, adiblarga katta eʼtibor bermoqdamiz. Bugun ular barcha viloyatlardan kelgan tengdoshlari bilan birga nazm, nasr, dramaturgiya, badiiy publitsistikada bellashadilar. Uyda devorlar yordam beradi, degan gaplar bor. Lekin bizning yoshlarga Alloh bergan talantlari koʻmaklashadi, deb oʻylayman.

    Yaqinda Doʻstlik tumanidagi bir maktab sinfiga kirganimda bolalardan “Badiiy ijod bilan shugʻullanadiganlar bormi?” desam, teng yarmi sheʼr yozishini aytdi. Demak, bu Navoiy va Bobur, Nodira va Ogahiy, Oybek va Gʻafur Gʻulom, Erkin Vohidov va sizning taʼsiringiz, Abdulla aka. Oʻylaymanki, bugun anjumanga kelgan yoshlar orasidan sizning munosib izdoshlaringiz yetishib chiqadi. Sizga soʻz berishdan oldin shunday istak bildirmoqchi edimki, bugun boshlanayotgan Zomin seminari uzoq yillar davom etsin. Sheʼr shukuhi bizni hech qachon tark etmasin!”.

    Anjumanning ochilishida soʻzga chiqar ekan, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bunday dedi:

    “Hurmatli adabiy mashvarat mehmonlari!

    Qadrli Shavkat Miromonovich!

    Aziz yoshlar!

    Men ijodiy uyushmaning rahbari yoinki koʻpni koʻrgan bir ijodkor sifatida nafaqat siz yoshlarga, balki sizlarga ustozlik qilayotgan adiblarga qarata bir necha marta, hurmatli hamkasblar, bir tup majnuntolni Oʻzbekiston deb oʻylab asar bitmang, yurtning togʻlarini, sahrolarini, daryolarini koʻring, deyman. Mana, sizning taklif bilan biz bugun bu goʻzal togʻlarga keldik. Bu joylar nafaqat navqiron ijod ahliga, balki katta avlod adiblariga ham ilhom beradi.

    Mana, ulkan shoirimiz Maʼruf Jalil oʻtiribdi. Maʼruf akaning “Parizodim, seni izlab togʻlarga bordim”, degan sheʼri bor. Zominga tashrifidan keyin yangi turkum yozadi, deb oʻylayman. Husniddin akaga esa sheʼriy roman yozish choʻt emas. Oʻzi togʻlar qizi boʻlgan Sharifa Salimova ham yangi sheʼrlar yozishi aniq. Yangilik yaxshi narsa. Lekin yangi anʼanani boshlash oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Sizning oʻzingiz, Shavkatjon, qoʻlqanotlaringiz bu anjumanga tayyorgarlik koʻrishda koʻp mehnat qilganingizni bilamiz. Mening birinchi oʻrinbosarim, yaxshi shoir, yaxshi nosir Yoʻldosh Sulaymon ancha kunlardan buyon tinim bilmaydi. Uyushma masʼul kotibi Rahimjon Otayev kamgap, kamtar boʻlgani bilan oʻz ishiga puxta. Ularga ham rahmat deyman. Bugungi anjumanning muhim bir ahamiyati bor. Men ana shu alohida ahamiyatini aytmaslikka haqqim yoʻq.

    Yillar oʻtar, lekin Zomin anjumanining oʻsha ahamiyati asrlarga qoladi. Siz, Shavkatjon, bu anjuman bilan bizlar hammamiz birmiz, bir Oʻzbekistonmiz, bir elmiz, bir adabiyotmiz, dedingiz. Tugʻilgan joy hammaga aziz. Mening koʻzimga Koson, sizning koʻzingizga Zomin issiq koʻrinadi. Ammo biz hammamiz oʻzbekistonlikmiz. Ayniqsa, yosh adiblar Oʻriklisoyda shu shior tagida birlashgani oʻta qadrlidir. Esingizda boʻlsa, shoh va shoir Husayn Boyqaro ulugʻ Nizomiddin Gʻiyosiddin oʻgʻli Amir Alisher Navoiy turk tiliga Masih nafasini kiritdi, deb yozgan edi. Men bugungi anjuman yoshlari, ularning barcha tengdoshlari buyuk ona tilimizni puxta oʻrganishlarini istardim.

    Men davrimizning asosan Qaysin ogʻa, Mustay ogʻa, Dovud ogʻa, Rasul ogʻa, Chingiz ogʻa, Ibroyim ogʻadan iborat adiblar davrasida ishtirok etganman. Boshqacha oʻylashmasin, deb piterlik qahramon shoir Mixail Dudinni boshchi qilib yurishardi. Oʻsha davrada Qaysin Shuvayevich “Ona tilimiz tomirlarimizda oqib turgan qonimiz!” degan edi. Aynan oʻsha kishi mening sheʼrlarimni Tvardovskiyga berib, dunyoga eshik ochib bergan. Biz bugun Husniddin aka bilan qanchadan-qancha yoshlarga oq fotiha beramiz. Oʻz navbatida, biz sizga ham omad tilashdan baxtlimiz. Koʻrib turibmiz, Jizzax xalqini baxtli qilish uchun jon kuydiryapsiz. Allloh shu ezgu ishlaringizning ajrini bersin. Doimo yurt va yurtboshi nazarida boʻling!”

    Anjuman boshlandi. Xotira bobida men ham oddiy odamman. Uygʻun Roʻziyev degan yosh ishtirokchining qoʻlida “Atirgul” degan satirik romanning qoʻlyozmasini koʻrgan edim. U bugun nasrimizning bir boyteragi. Nodirjon Xolboʻtayev degan navqiron yigitga sheʼrini ikki bora oʻqitishdi. Hozir Nodir Jonuzoq adabiyotimizning taniqli vakili. Fargʻonaning Uchkoʻprigidan Shuhratjon Oripov degan oʻninchi sinf oʻquvchisi sheʼr oʻqidi. Ajoyib shoir Shuhrat Orif bugun elimizning ilgʻor soʻz sanʼatkori. Jizzaxning oʻzidan jajjigina bola bor ekan. “Nay” sheʼrini oʻqib berdi. Bu hozirgi, yaʼni yigirma yettinchi bora oʻtayotgan anjuman tashkilotchilaridan biri Shodi Otamurod edi. Kichkinagina qiz chetda jilmayib turardi. Shu joyda muxbirligim foyda berdi, yozib oldim. Shahlo Ahrorova ekan. U bugungi shoiralarning ilgʻorlaridan biri. Birinchi anjumandan boshlab uzoq yillar Sayyora Toʻychiyeva kayvonilik qiladi. U bugun taniqli shoira, falsafa fanlari doktori, professor.

    Anjuman yakunida Abdulla aka jurnalistlar bilan suhbatlashdi. Ustoz menga “Sen biz bilan qolasan!” dedi. Ustoz Pushkindan sheʼrlar oʻqidi. Turob Maqsud gazeta, Sayyora Toʻychiyeva kitob, kimdir ikki varaq sheʼr tashlab ketdi. Haydovchi choy quydi. Shu payt peshayvonga bir dasta kitob koʻtargan gidromuhandis Oʻrish Majidov “Hormanglar!” deb kirib keldi. Abdulla aka Oʻrish akani hurmat qilar, kitobsevarligi va Zarbdordagi uyida “Dastxatlar kutubxonasi” ochgani uchun siylardi. “Keling, Oʻrish aka!” dedi Abdulla aka. Oʻrish aka kulib: “Yoʻlning narigi tomoniga, mening dachamga oʻtaylik!” dedi.

    Xullasi kalom, oʻshanda Abdulla aka “Qachon men Zominga kelsam, hech kimdan soʻramay kelaver!” dedi. “Biz tomonga borasizmi?” dedim. “Boraman, Sen tomonda ham yoshlar anjumani qilamiz!” dedi. Soʻzida turdi. Men bu maqolada oʻsha Oʻriklisoy gurungiga oʻxshash epizodlardan bir nechtasini misol qilib keltirishim mumkin. U haqiqatning koʻzlariga tik boqardi. Hatto buni tili bilan aytmasa ham. Bir gal ikkimiz ovqatlanib oʻtirganimizda:

    Agar hozir men nimani oʻylab oʻtirganimni topsang, xuddi Mirtemir aka “Boʻtam, boʻtam!” deb Nosir Fozilovga kostyum-shim olib berganidek sarpolik boʻlasan! — dedi.

    Uzoq oʻylanib:

    — Men Abdulla Oripov ulugʻ shoir, qahramon, senator boʻlsam-u doʻstni kamaytirib, dushmanni koʻpaytiradigan rais lavozimida boʻlmasam edi, degan xayoldasiz! — dedim tavakkaliga.

    Eski Joʻvaga Zarqaynar tomonidan kirib, biror xaridor yoʻq doʻkondan oqish rangli kostyum-shimlar oldik. Ertasiga Zominga joʻnadik. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Shuhrat Jabborov ustoz bilan ikkimizning kostyum-shimimiz bir ekanini koʻrib, “Abdulla aka! Uchovimiz bir suratga tushaylik!” dedi. Surat keyin “Yoshlik” jurnalida eʼlon qilindi. Yaqinda ulugʻ Rasul Hamzatov haqidagi “Dogʻiston donishmandi” kitobim chiqdi. Uni yozishga Abdulla aka oʻsha Oʻriklisoyda undagan edi. Hech boʻlmaganidan kech boʻlgani tuzuk ekan.

    Abdulla aka bilan mamlakatimizning juda koʻp joylarida safarda birga boʻlganman. Shoir Istanbulga, davolovchi shifokori Ilyosbey afandi huzuriga, keyingi yili Texasga, Xyuston klinikasiga, amriqolik shifokori Pavel janoblarining oldiga ketayotganida, u yerlardan xush kayfiyat bilan ona yurtga qaytib kelganida, nihoyat, 2016-yilda yana oʻsha mintaqaga otlanganida shoir bilan uzoq-uzoq suhbat qurganmiz.

    — Qaytib kelganimda yana bir bora Xivaga, Polvonpirga, keyin Moʻynoqqa, Hakim Ota – Sulaymon Boqirgʻoniy ziyoratiga olib borasan! — degan edi. Endi bu safarlar va diydor qiyomatga qoldi. Olti oqshom tonglar otmadi. Olti oqshom koʻzlarimizda yosh bilan ustozning eshigi oldida turdik. Birinchi kechasi yarim tungacha ustozning akasi, professor Abdurazzoq Oripov Abdulla akaning bolaligi, talabalik davri, Kibriyo opadan Qahhor domla chorbogʻining yarmini xarid qilish tafsilotlarini gapirib berdi. Ikkinchi kechasi Abdulla akaning qudasi Rustam ota Xondamirov bilan uzoq gurunglashdik. Uchinchi kechasi, deyarli tonggacha shoirning jigari, falsafa fanlari nomzodi, professor Abduraim Erkayev oʻz ilmiy asarlari haqida soʻzladi. Toʻrtinchi kecha esa toʻlaligicha akademik Nikolay Konrad, uning “Gʻarb va Sharq” asari, akademik, sharqshunos, Ermitaj direktori Iosif Orbelining Alisher Navoiy hazratlari adabiy merosini muhofaza qilishdagi mardligiga bagʻishlandi. Beshinchi kechada Nasriddin aka Nasaf va Kesh allomalari haqida hikoya qilib berdi.

    Davlatimiz rahbari va hukumatimiz oʻsha ogʻir kunda marhumning oilasiga beqiyos yordam berdi, shoir tobuti solingan samolyot Frankfurt aeroporti orqali kelishi kerak edi. Samolyot Turkiya orqali uchgani uchun shoir tani bir kechayu bir kunduz oldin Toshkentga, oʻzi sevgan “Doʻrmon” bogʻiga keltirildi.

    Janozaga mamlakatning yarmi yigʻildi. Prezidentimiz bu marosimda bir yarim soat davomida ishtirok etib, zamonamizning zabardast soʻz zargari haqida samimiy gaplar aytdi va shoir donolik bilan “Men oʻzbek, sen esa qoraqalpoqsan, turklar dunyosida sen ham urpoqsan”, degan Orolboʻyi zaminiga uchib ketdi.

    ... Keyingi gal Jizzaxga 1998-yilning 23-iyulida bordik. “Sayqal” degan maskanda viloyat yozuvchilari rahbari Sharofat Botirova, viloyat hokimi oʻrinbosari Olimjon Javlonov, Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar boʻyicha oʻrinbosari Muhammadjon Yusupov, Oʻzbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva soʻzga chiqdilar. 24-iyul kuni anjumanni Abdulla aka ochdi. Shavkat Mirziyoyev ajoyib maʼruza qildi. Bu safar ham anjuman oʻta samarali boʻldi. Guljamol Asqarova, Mehriniso Abdurahmonova, Burhon Shermuhammad uyushmaga qabul qilindi. Viloyat hokimi oʻz qoʻli bilan jami 51 ta — 7 ta birinchi, 6 ta ikkinchi, 15 ta uchinchi, 23 ta ragʻbatlantiruvchi mukofot berdi.

    1999-yilning 6-9-avgust kunlari oʻtgan navbatdagi anjumanga alohida toʻxtalmasam boʻlmaydi. Bugungi ajoyib ijodkorlar Jamoliddin Muslim, Goʻzal Begim, qoraqalpoqlik Bahamdulla Nurabullayev, Perdegʻaliy Dobilov gʻolib boʻlishdi. Bahamdulla keyin davlat arbobi boʻlib, Abdulla aka va men bilan birga “Aqchakoʻl ilhomlari” anjumaniga boshchilik qildi. Zomin va Aqchakoʻl anjumani ishtirokchilari orasidan Zulfiya nomidagi davlat mukofotining 20 ga yaqin laureati yetishib chiqdi. 30 ga yaqin yosh Oliy adabiyot kursini bitirdi.

    Tomchida quyosh aks etadi, deydilar. Keyingi yillarda bevosita Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida adabiyot ahliga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, ehtirom va eʼtibor barcha ijodkorlarni birdek xalq, Vatan ravnaqi yoʻlida birlashtirmoqda, ulkan marralar sari chorlamoqda.

    Zomin seminari yuz yillar tursin, navqiron adiblar orasidan yangi asrning abdullalari, erkinlari, ibroyimlari yetishib chiqsin!

    Yangiboy QOʻCHQOROV,

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi