Albatta, xato qiladi, oʻrganadi, tajriba toʻplaydi va asta-sekin charxlanib boradi. Mening tadbirkorlik faoliyatim ham shunday shakllangan va rivojlangan deb bilaman.
Bolaligimizda tadbirkorlikka munosabat bugungiday emasdi. Asrlar davomida xalqimizga xos boʻlgan ishbilarmonlikka illat sifatida qaralgan. Sobiq sovet tuzumi davrida “xususiy mulk” degan tushuncha yoʻq, boylik orttirish esa jinoyat edi. Tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlganlar “chayqovchi”, “tovlamachi”, “firibgar”, “olib sotar”, “oʻgʻri”, “jamiyat dushmani” degan tamgʻalar bilan kamsitilardi. Biz shunday ogʻir muhitda voyaga yetganmiz va tadbirkorlikning illat emas, aksincha, xayrli ish ekanini anglab yetishimiz uchun ancha yil kerak boʻlgan. Ehtimol shu tufaylidir, yoshlikda qilayotgan ishlarimiz tadbirkorlik ekanini yaxshi tushunmaganmiz. Kundalik ehtiyojlarni qanoatlantirish, tirikchilik, yashash, oila va farzandlarning moddiy taʼminoti asosiy maqsadimiz boʻlgan. Bora-bora oʻzimizning kim ekanimiz, nimalarga qodirligimiz, kattaroq maqsadlar uchun yashash haqida oʻylay boshlaganmiz. Bu maqsadlar bizni jamiyatga foyda keltirish, xalq uchun xizmat qilish, oʻzimizdan keyin bir ezgu meros qoldirishga undagan. Shu maʼnoda, tadbirkorlik yoʻlim — ichki izlanishim, yangiliklarga intilishim, avvalo, oʻzimni topishim va xalqqa xizmat qilishim yoʻlidagi tabiiy jarayon boʻldi. Kichik ishlardan boshlangan saʼy-harakatlar katta imkoniyatlarga yoʻl ochdi. Bugun oʻz mehnatim bilan erishganlarimdan nafaqat moddiy manfaat, balki maʼnaviy qanoat ham topyapman. Oʻz oʻrnida bu mahsuldorlik meni yanada yuksak maqsadlarga chorlamoqda.
Davlatimiz rahbari shu yil 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda koʻksimga taqqan orden tadbirkorlik faoliyatimda hali koʻp yangiliklar qilishim kerakligiga bir ishora boʻldi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Nasib etsa, bor tajriba va salohiyatimiz, kuch-gʻayratimizni iqtisodiyotimiz rivoji, xalqimiz manfaati uchun sarflaymiz. Rostini aytsam, bu mukofot nafaqat men, balki oilam, tadbirkorlik faoliyatimda yonimda yelkama-yelka turib mehnat qilayotgan doʻstlarim, hamrohlarim va butun jamoam uchun ham juda katta quvonch, chinakam ragʻbat boʻldi. Aslida, shunday tinch-osoyishta yurtda, taraqqiyot sari dadil odimlayotgan, inson qadri yuksalayotgan mamlakatda yashash, tadbirkorlarni xalqning tayanchi deb biladigan, bizni qalbi bilan tinglaydigan, tushunadigan va yuksak marralar sari ruhlantira oladigan Prezidentimiz jamoasida xalqqa xizmat qilishning oʻzi har birimiz uchun katta mukofot. Bu yuksak eʼtibor va eʼtirof uchun, avvalo, davlatimiz rahbariga, jonajon xalqimizga cheksiz minnatdorlik bildiraman.
Mazkur mukofot orqali oʻzim uchun ikkita haqiqatni anglab oldim. Birinchi navbatda, “Inson qadri uchun” gʻoyasining roʻyobini faoliyatim misolida koʻrdim. Vatan ravnaqi va xalq farovonligi uchun ozmi-koʻpmi mehnat qilsangiz, albatta, qadr topishi, ezgu tashabbuslar koʻrsatsangiz, qoʻllab-quvvatlanishi, imkon yaratib, yoʻl ochib berilishi hamda inson salohiyatiga ishonch borligiga amin boʻldim. Ikkinchidan, xalqimizning naqadar iliq va yoqimli mehrini tuydim. Inson uchun hayotda eng toʻgʻri yoʻl Vatanga, xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish ekaniga ishonch hosil qildim.
Shu oʻrinda bir voqea esimga tushib ketdi. 2022-yilgi uchrashuvda yosh tadbirkor yigit havas bilan Prezidentimizdan u kishidagi tuganmas energiya, samaradorlik va muvaffaqiyat siri, aniqrogʻi, “hayot formulasi” haqida soʻraganida, davlatimiz rahbari qisqa qilib “Bunda sir yoʻq, sir bitta — Vatanni sevish kerak”, deb javob bergandi. Men bugun shu haqiqatni oʻz vujudimda his qildim. Insonga bu qadar zavqni, bu qadar totli saodatni boshqa hech narsa berolmasa kerak. Ushbu mukofot menga toʻgʻri yoʻlda eka-nimni koʻrsatuvchi bir ishora boʻldi.
Koʻpincha odamlar tadbirkorlarni faqat mol-mulkini koʻpaytirish bilan shugʻullanadigan, boyligi koʻp, har ishga qodir va gʻam-tashvishsiz inson sifatida tasavvur qiladi. Aslida, unday emas, tadbirkorlar ham, avvalo, inson. Ularning ham yuragida insoniy tuygʻular kechadi, oʻz oldiga hayotiy maqsadlar qoʻyadi, koʻnglida yorugʻ orzu-umidlar tugadi. Tajribamdan kelib chiqib aytamanki, pul va boylik tadbirkor uchun asosiy maqsad emas, shunchaki maqsad yoʻlida kerak boʻladigan resurs yoki sarmoya. Agar boylik asosiy maq-sad boʻlganida, hayot mohiyatini yoʻqotib, bir oʻzanda toʻxtab qolardi. Lekin odamning hayoti va insoniylik qiymati boylik orttirish bilan oʻlchanmaydi. Balki kishilarga naf keltira olgani, qanchalik koʻp ezgu ishga ulgurgani, boshqalarga ruhiy kuch bagʻishlay olganida namoyon boʻladi. Shunday ekan, tadbirkorlik yoʻlini insonning oʻz manfaatidan boshlanib, xalq manfaati tomon uzayishida koʻraman. Bu yoʻlning boshida tirikchilik tashvishi, ikkinchi yarmida xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish masʼuliyati turadi. Bugun tadbirkorlik olamiga kirib kelayotgan yosh uka-singillarimiz shuni anglab olmogʻi lozim deb bilaman. Rostini aytsam, bugungi yoshlarning startap, nou-xau, innovatsiya va biznes loyihalar yaratayotganini koʻrib, juda zavqlanaman, havasim keladi. Ular yangilikka, bunyodkorlikka shu qadar oʻchki, bunday yoshlar bilan yurtimizning kelajagi buyuk boʻlishiga ich-ichimdan ishonaman.
Aslida, katta avlod va yoshlar oʻzi bilmagan holda bir-birini ruhlantiradi, oʻsishiga yordam beradi. Katta tadbirkorlar faoliyati, tajribasi, erishgan yutuqlari, muvaffaqiyatlari yoshlarda tadbirkorlikka qiziqish uygʻotadi. Yoshlar bilan muloqotlarda “Falon tadbirkorga havas qilaman” yoki “Falon tadbirkorga oʻxshashni istayman” degan gaplarni koʻp eshitamiz. Oʻz navbatida, kattalar ham yoshlardan ragʻbat oladi. Ulardagi yangilikka intilish, kuch-gʻayrat, shijoat bizni ham ruhlantiradi. Oʻz ustimizda ishlash, zamon talablarini his etish, oʻzgarish va raqobatbardosh boʻlishga undaydi. Shuning uchun haqiqiy tadbirkor faqat oʻz manfaati doirasida harakat qilmay, hayotga sogʻlom nazar bilan qarashi, boshqa tadbirkorlarning yoshidan qatʼi nazar, manfaatlarini hurmat qilishi kerak. Shundagina sogʻlom raqobat muhiti shakllanadi. Prezidentimiz aynan shunday muhit yaratish uchun tadbirkorlarga juda katta eʼtibor qaratyapti. Ular bilan yakkama-yakka suhbatlashib, sohaning ich-ichiga kirib borishning oʻzi tadbirkorlarga alohida munosabat shakllanganining amaldagi koʻrinishidir. Muammolarga yechim izlash, qator imtiyozlar berish, munosib sharoit yaratish uchun ham odam sohani tubdan oʻrganishi, tadbirkorlar oʻrniga oʻzini qoʻya olishi kerak. Yildan yilga imkoniyatlar kengayyapti, sharoit yaxshilanyapti. Shunday ekan, bunga vijdonan baho berib, mamlakat taraqqiyotini, xalq manfaatini oʻylash biz, tadbirkorlarning asosiy maqsadimizga aylanmogʻi darkor.
Tadbirkorlik mehnat va halollik bilan uygʻun tushuncha, yaʼni mehnat va halollikni xush koʻradi. Aslida, ishbilarmonlikning barakasi ham shunda. Sohaga endi kirib kelayotgan, ish boshlagan yosh tadbirkorlarga jamoasidagi ishchilarning mehnatini qadrlash, ishiga yarasha adolatli haq toʻlashni maslahat bergan boʻlardim. Chunki tadbirkor ochgan ish oʻrnida inson mehnat qiladi va u olayotgan haqiga rozi boʻlishi juda muhim. Ishidan, maoshidan qanoat hosil qilgan xodim uchun ish oʻrni qadrli boʻlib qoladi va u bor kuch-gʻayrati bilan mehnat qiladi. Tadbirkorning ishida esa baraka oshib boraveradi.
Bu sohada yana bir muhim talab halollikdir. Gʻirromlik va qingʻir-qiyshiq yoʻllar bilan pul topish tadbirkorlik yoʻlini qisqa qilib qoʻyadi. Uzoqni koʻzlagan tadbirkor shubhali yoʻldan yurmaydi, korrupsiyadan uzoq boʻladi hamda oʻz kuchi va salohiyatiga ishonchi orqali muvaffaqiyat sari xotirjam boradi. Bu esa tadbirkorga ham, xalqqa ham, davlatga ham birdek manfaat olib keladi.
Jahongir ORTIQXOʻJAYEV,
“Akfa Group” kompaniyalar guruhi asoschisi,
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi








