“Yurtimga soz tuproq, uygʻoq yurak bilan qoʻshilsam deyman...”

    Jadid bobolarimiz siymosi va oʻtli soʻzlarini tarixga muhrlayotgan muzey-ustaxonaga sayohat.

    “7-sinf oʻquvchisiman. Toʻngʻich farzand boʻlganim bois tuman markazidagi bozorga koʻp borardim. Bir kuni yarim qop sabzini orqalab yana bozorga yoʻl oldim. Oʻzimni katta odamlardek his qilib, sabzini peshtaxtaga joylar ekanman, atrofdagilar bilan soʻrashgan boʻldim. Shunda bir chol yonimga kelib, “Oʻgʻlim, juda dadil yigit ekansan, qaysi qishloqdansan?” deb soʻrab qoldi. Oʻgʻiloy enam doim qishlogʻimizni hamma taniydi, oʻsha mashhur ming qoʻyli jaloyir urugʻidanmiz, deya koʻp tayinlagani bois “Jaloyirdanman”, dedim faxr bilan. Shunda chol “Qayerda ekan bunday qishloq?” dedi hayron boʻlib. Bu gap menga shunchalar taʼsir qildiki, bozordan toʻgʻri enamnikiga bordim-da, eshikdan kira solib bor ovozda alam bilan gapira boshladim: “Enaaa, enaaa, nega yolgʻon gapirardingiz? Qishlogʻimizni hech kim tanimas ekan-ku...”.

    Gaplarimni eshitgan enam ancha oʻylanib qoldi. Keyin asta jilmayganicha boshimni silab, “Bolam, agar qishlogʻingni odamlar tanishini, tan olishini istasang, sen oʻqishing, ziyoli boʻlishing, tanilishing kerak. Qishlogʻimizdagi odamlarning koʻplari dehqonchilik bilan shugʻullanadi. Ularni hamma ham taniyvermaydi-da”, dedi. Shartta oʻrnimdan turdim-da, “Mana koʻrasiz, enajon, men qishlogʻimiz – Jaloyirni butun dunyoga tanitaman!” deya yugurib koʻchaga chiqib ketdim”...

    Fargʻona viloyatining Rishton tumaniga kirib borar ekanmiz, “Doʻstlik” ordeni sohibi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi va “Hunarmand” uyushmasi aʼzosi Tohirjon Haydarov aytib bergan ana shu bolalik voqeasi esimizga tushdi. Bugun Tohir kulol muzey-ustaxonasini izlab kelayotgan nafaqat yurtdoshlarimizning, balki xorijlik sayyohlarning-da keti uzilmaydi. Demak, 14 yoshli Tohirjonning orzusi amalga oshib, Jaloyir qishlogʻini dunyo taniyapti!

    — Assalomu alaykum, aziz mehmonlar, xush kelibsizlar, qadamlaringizga hasanot! — deydi bizni koʻrgan usta kulol peshonasiga bogʻlangan oppoq chit roʻmolini qoʻliga olar ekan, quvonchdan yuzlari yorishib. — Sayyoh-mehmonlarimizga hozirgina tandirdan chiqqan yangi ishimni koʻrsatib turgan edim. Nima desanglar denglar-u, oddiy kulol boʻlsam ham Prezidentimizning “Bu kimgadir yoqadimi, yoʻqmi, xalqimiz jadid bobolarimiz boshlab bergan yoʻldan ogʻishmay borishi kerak. Chunki ularning gʻoya va dasturlari yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uygʻun va hamohangdir”, degan soʻzlarini eshitganimdan buyon oʻzimni qoʻyarga joy topolmadim. Negadir yurak-yuragimdan bir tuygʻu toshib kelaverdi-kelaverdi. Oxiri boʻlmadi, men mana shu soʻzlarni igna bilan sopolga oʻyib yozdim. Toki xalqni uygʻoqlikka, jasoratga chorlaydigan bu soʻzlar mangu yuragimizga muhrlansin, dedim.

    Toʻgʻrisi, ortiqcha iltifotni xush koʻrmaydigan jaydari va chapani kuloldan bunday gaplarni eshitib, avvaliga biz ham hayron boʻldik. Keyin hovli yuziga qator qilib terilgan laganlardagi jadid bobolarimiz siymolari va ularning oʻtli misralariga koʻzimiz tushar ekan, kulolning oʻzi taʼriflaganidek, “goʻyo tanamizda chumoli oʻrmalagandek boʻldi”. Oʻz-oʻzidan bizning-da yuragimiz oʻrtana boshladi: “Nega, qachon oʻz millatimiz oʻtmishi, kelajagi va buguni bilan bogʻliq soʻzlar va voqeliklarga nisbatan sovuqqonlik bilan qaraydigan insonlarga aylanib ulgurdik? Nega shu soʻzlarni har kuni esga olmaymiz?”.

    — Usta kulol Tohirjon Haydarovning muzey-ustaxonasiga oʻquvchilarimni tez-tez olib kelaman, — deydi Qoʻqon shahridagi 15-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchisi Nigoraxon Hasanova. — “Jadidlar” ruknidagi yangi ishlarini telegram kanaliga joylashtirganidan soʻng oʻquvchilarim tezroq boraylik, deb holi jonimga qoʻyishmadi. Abdulhamid Choʻlpon hayoti va ijodiga bagʻishlangan darsimizni mazkur uy-muzeyida ochiq havoda oʻtkazdik. Abdulla Qodiriy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Isʼhoqxon Ibrat, Usmon Nosir, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy kabi bobolarimizning sopol laganlarga igna bilan chizilgan, millatimiz erki va ozodligi borasida aytgan soʻzlarini bolalar qoʻllarini harflar ustiga yugurtirib oʻzgacha mehr bilan oʻqishdi. Hatto bir oʻquvchim “Ustoz, jadid bobolarimizning soʻzlari yozilgan laganni bagʻrimga bossam, qalbim yorishib ketgandek boʻlyapti”, deganida koʻzlarimga yosh keldi. Bizga shunday ajoyib muhitni yaratib bergan mohir ustadan juda minnatdormiz.

    Muzeyga kelgan odam borki, qoʻliga loy olib kulol dastgohini bir aylantirib koʻrgisi, oʻz barmoqlari bilan yangi buyum yaratgisi keladi. Bu jarayon, yaʼni koʻz oʻngingda yaralguvchi moʻjaz buyum qalbga oʻzgacha sehr va huzur bagʻishlaydi. Goʻyo tomirlaringda oqayotgan qon tafti dastgoh charxpalagida iylanib, ana shu yaralmish buyum ranglari va shakliga singib ketayotgandek boʻladi...

    – Turmush oʻrtogʻim Maryamxon bilan kulollik buyumlariga juda qiziqamiz, – deydi Erondan kelgan sayyoh Farzod Gʻafforzoda. – Ijtimoiy tarmoq orqali Tohir kulol muzey-ustaxonasi haqida oʻqiganimizda, toʻgʻrisi, juda hayajonlandik. Chunki boshqa yurtlarga borganimizda faqat muzeylarni tomosha qilish imkoniga ega boʻlganmiz. Mazkur muzey-ustaxonada esa jannatga kelib qolgandekmiz. Tohir kulol oʻz qoʻllari bilan oʻchoqda damlab bergan palovning mazasini aytmaysizmi... Birgalikda muzeyda istaganimizcha qolishimiz, kulollik buyumlari tayyorlanishini oʻz koʻzimiz bilan koʻrishimiz mumkin ekan. Hatto oʻz qoʻllarimiz bilan koʻzachalar ham yasadik. Meni taʼsirlantirgan yana bir voqea shuki, Tohir aka nafaqat kulol, balki shoirtabiat inson ekan. 200-yillik tarixga ega boʻlgan Qoʻqon aravani bizga soting desak, dunyodagi eng katta mablagʻni tortiq etsangiz ham sotmayman, chunki bu arava ajdodlarimizga tegishli, deya ona yurt haqida bir sheʼr oʻqidi. Qaniydi shunday vatanparvar va millatparvar insonlar bu dunyoda koʻp boʻlsa...

    Qahramonimiz muzey-ustaxona ochish tashvishiga tushganida unga tuman markazidan yer ajratmoqchi boʻlishgan. Shunda usta kulol muzey uchun joyni oʻzi bolaligidan yalangoyoq yugurib oʻsgan, mehnat qilgan dalaning qoq oʻrtasidan tanlagan. Bu maskanning oʻziga xos jihatlaridan yana biri shundaki, devorlar oddiy loysuvoqdan chiqarilgan, xolos. Tohir aka hatto xonalar va derazalarga ham ortiqcha hech qanday pardoz berilishiga yoʻl qoʻymagan.

    – Bir kuni xorijdan juda badavlat sayyoh keldi, – deydi jilmayganicha Tohirjon Haydarov. – Salobat bilan “eng qimmatbaho mahsulotingizni aytgan narxingizga sotvolaman”, deganday gap qildi. Men muzeyimizda 3 ta qimmatbaho asarim borligini, ularni hech qanday boylikka alishmasligimni, bu asarlar millatimizga, kelajagimizga tegishli boylik ekanini aytdim, ensasi qotgandek boʻldi. Indamadim. Mehmonni devor oldiga chaqirdim-da, mana bu loysuvoq devorni koʻryapsizmi, dedim. Siz bilan men ham bir kuni shunday tuproqqa aylanamiz. Shu bois, men har bir insonni oʻz aka-ukamdek koʻraman. Ezgu niyatli insonlarning tuprogʻi ham toza boʻladi. Agar soz tuproq boʻlsangiz, sizni kulol sanʼat asariga aylantiradi. Agar kulolga roʻbaroʻ kelmasangiz, sizni somonga aralashtirib devorga urvorishadi, dedim. Gaplarimni eshitgan tarjimon ham, oʻsha boyvachcha ham nima demoqchi boʻlganimni anglashdi shekilli, birdaniga jiddiy tortib, ranglari oʻzgarib qoldi. Bir oz sukut saqlaganidan soʻng ikkalasi ham meni quchoqlab, “Ogʻayni, rahmat sizga haqiqatni gapirganingiz uchun. Juda oddiy va samimiy inson ekansiz”, deyishdi.

    Qishin-yozin odam arimaydigan muzey koʻplab ijodkorlarning ham sevimli goʻshasi. Yangi sheʼr yozgan shoir ham, kitobini nashr ettirgan yozuvchiyu musiqiy asar yozgan kompozitor ham Tohirjon akaga dil yorgisi kelib qoladi. Shu bois, muzeyda vodiy ijodkorlarining “Dilkash davralar” deb nomlangan mushoira va munozara kechalari tez-tez oʻtkazilishi anʼanaga aylangan. Bu gal ham qishki mushoiraga tayyorgarlik qizgʻin kechmoqda.

    – Avvalgi mushoiramiz kuz faslida muzeydagi anorlar rosa yetilib pishgan pallada boʻlgan edi, – deydi Uchkoʻprik tumanidan kelgan shoira Shodiya Umrzoda. – Tabiatning oʻziga xos manzarasi va ijodkor doʻstlarimizning yoniq misralaridan ilhomlanib, muzey daftariga yangi sheʼr yozib qoldirgan edim. Mushoiramiz avvalida Tohirjon kulolning yangi asarlari namoyishi boʻlib oʻtdi. Yozib qoldirgan oʻsha sheʼrimni usta kulol laganga igna bilan yozibdi. Juda taʼsirlanib ketdim. Bu ajoyib sopol laganni onajonimga, hamkasblarim va oʻquvchilarimga koʻrsatmoqchiman.

    Ijodiy kechada eʼtirof etilgan yana bir yangilik shuki, Tohir kulol haqida dramaturg Ilhom Oʻrmon “Kulol orzusi” nomli yangi drama yozdi. Ishtirokchilar eʼtiroficha, dramada bugungi oʻzbek hunarmandi yuragidan kechayotgan oʻylar, iztiroblar, orzular oʻziga xos talqinda ifodalangan.

    – Dastlab drama haqida eshitganimda oddiy kulol hayot mezonlari qiyomiga yetkazib ifodalab bera olinganmikin, deya shubhalangan edim, – deydi rejissyor Obidjon Abdullayev. – Muzeyda Tohirjon aka bilan suhbatlashib, hayot tarzini, mulohazalarini tinglab, drama bilan tanishar ekanman, usta kulolning qanchalar oʻziga xos ijodkor ekaniga va bu “Kulol orzusi”da toʻliq aks ettirilganiga guvoh boʻldim. Men bu sahna asariga jiddiy kirishishim, oʻzbek kulolining oʻziga xos hayot tarzini, haqiqatlarini nafaqat Oʻzbekistonga, balki butun dunyoga koʻrsatishim zarurligini angladim.

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Dilshoda Halimjonova bu galgi mushoira ham juda fayzli oʻtganini taʼkidlar ekan, Tohirjon Haydarov 2000-yilgacha respublikadagi eng taniqli jurnal — “Mushtum” bilan ijodiy hamkorlik qilgani borasida soʻzladi. U chizgan karikaturalar 1970-yillardan boshlab chop etila boshlagan. Tohirjon Haydarov har safar tahririyatga borganida jurnal bosh muharriri Neʼmat Aminovning xonasida boʻlib oʻtadigan koʻplab ijodiy suhbatlar va mushoiralarga guvoh boʻlgan. Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid kabi el sevgan ijodkorlar bilan tanishib, suhbatlashgan. Muhammad Yusuf oʻsha mashhur “Parijning eng goʻzal restoranlarin bitta tandiringga alishmasman men”, degan misralarini ham ilk bora oʻsha davrada shoir doʻstlariga oʻqib berganini hayajon bilan eslaydi.

    – Oʻzim oʻrta maʼlumot olganman, xolos, – deydi Tohirjon aka. – Jurnalga xilma-xil mavzularda karikaturalar chizib berardim. 1985-yillardan keyin paxta yakkahokimligi, SSSRning qulashi, Orol dengizi qurishi, oʻsha paytdagi rahbarlarning amal kursisidan tushganidan keyingi holati haqida oʻnlab siyosiy karikaturalar chizganman.

    Bir kuni jurnal bosh muharriri Neʼmat Aminov Tohirjon Haydarovga “Uka, hushyor boʻl, karikaturalaring sabab dushmanlaring ham koʻpaydi. Endi iloji boʻlsa, siyosiy karikaturalar chizmay tur”, deydi. Shunda yosh rassomning boshi qotib qoladi. “Endi nima qilaman, qanday qilsam ichimdagi ijodga boʻlgan ishtiyoqni soʻndiraman”, deb oʻylay boshlaydi. Kunlarning birida, 1987-yil edi oʻshanda, Tohirjon bir yumush bilan Oʻzbekiston xalq ustasi Nabijon Qodirovning kulollik ustaxonasiga borib qoladi. U yerdagi sopol buyumlarni koʻzdan kechirar ekan, unda ham kulollikda oʻzini sinab koʻrish istagi tugʻiladi.

    – Toʻgʻrisini aytaman, garchi oʻzim rishtonlik boʻlsam-da, 25-26 yoshimgacha bir dona ham kulollik buyumi yasamagan edim, – deydi Tohirjon aka. – Oʻzimni karikaturachi rassom bilardim va umrimning oxirigacha faqat qogʻozga karikatura chizaman, deb oʻylardim. Nabijon Qodirovga kulollikka qiziqib qolganimni, agar ustozlik qilsa, bu hunarni jon deb oʻrganishimni aytdim. Oʻzim tayyorlagan sopol buyumlarga ignada miniatyuralar, portretlar chizib, sheʼrlar yoza boshladim. Shu tariqa Rishton kulollik maktabiga yangi yoʻnalish olib kirdim.

    Ot izini toy bosar, deydilar. Tohir kulol qachon ustaxonaga yoʻl olsa, darhol ikki yonida ikki qanoti – oʻgʻillari Elbek va Temurbek paydo boʻladi. Usta kulolning har bir harakatini zimdan kuzatishga, aytilgan vazifani ortigʻi bilan bajarishga intilishadi..Oʻziga xos sanʼat asari dunyoga kelishi uchun har bir hunarmand oʻsha asarga qalb qoʻrini bagʻishlashi zarur.

    Koʻhna hunarimizning yangi yoʻnalishini tez ilgʻay olgan yosh kulol Temurbeknig izlanishlari eʼtiborga olinib, 2021-yilda u “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

    – Esimni tanibmanki, dadam bizga yurtimiz tarixi, ulugʻ ajdodlarimizning shajaralari haqida juda koʻp gapiradi, – deydi Temurbek. – Temuriy shahzodalar, Boburiylar shajarasi haqida soʻzlash bilan birga, ular amalga oshirgan ulugʻ ishlarni ham erinmay hikoya qilib beradi. Millatimizning chin farzandi boʻlishingiz uchun tarixni, maʼnaviyatni, qadriyatni anglashingiz juda zarur, bolalarim, deya bot-bot taʼkidlaydi. Uyimizdagi kutubxonamizda 2 mingdan oshiq kitob jamlangan. Har kuni maktab oʻquvchilaridan tortib nuroniy otaxonu momolarimizgacha kitoblarimizni oʻqish uchun kirib keladi. Shunday paytlarda dadamning koʻzlaridagi quvonch va yolqinni koʻrib juda hayratlanaman. Shunday insonning farzandi ekanimdan faxrlanaman.

    Ayni paytda qahramonimiz oʻz farzandlari bilan yana bir anʼanani yoʻlga qoʻydi. 2023-yildan boshlab Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida hamda Fargʻona viloyatining koʻplab maktablarida ota-bola Haydarovlarning kulollik ustaxonalari tashkil etila boshladi.

    – Kuni kecha Prezidentimiz raisligida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda maktablarda oʻrgatish mumkin boʻlgan 50 ta kasb-hunar roʻyxati tuzilib, har biri boʻyicha oʻquv va amaliyot dasturlari ishlab chiqilishi aytildi, – deydi Tohirjon Haydarov. – Bu gaplar ayni koʻnglimizdagi boʻldi. Endi maktablarda ustaxonalar tashkil etilib, “kasbiy taʼlim ustasi” lavozimi joriy etilar ekan. Men har gal maktablar va kollejlarga borganimda farzandlarimizning milliy hunarlarimizga oʻzgacha qiziqish bilan qaraganiga guvoh boʻlganman. Yoshlikda oʻrgatilgan hunar esa toshga oʻyilgan naqsh kabidir. Oʻgʻil-qizlarimiz qaysi kasbni tanlamasin, qoʻlida hunari boʻlsa, har qanday mashaqqat va qiyichilik oldida sinib qolmaydi.

    Darhaqiqat, qahramonimizning oʻzi ham 1991-yilda Rishton tumanidagi Yoshlar klubida boʻlib oʻtgan koʻrgazmasini katta hayajon bilan eslaydi. Oʻshanda mashhur insonlarning sopol laganlarga chizilgan sharjlari ishtirokchilarda juda katta taassurot qoldirgan edi. Mazkur koʻrgazmada Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad ham ishtirok etgan, biri biridan ajoyib sanʼat asarlarini koʻzdan kechirayotib, “Tohirjon, bolam, sen kulollikda yangi ish boshlabsan. Endi seni “Tohir sopol” deb ataymiz”, deya lutf qilgan edi. Shunda mashhur qiziqchi va soʻz ustasi Muhiddin Darveshov “Baxtingiz bor ekan, sizga xalq yozuvchisining oʻzi nom qoʻyib berdi-ya”, degan soʻzlarini Tohirjon Haydarov faxr bilan eslaydi.

    Maqola avvalida taʼkidlaganimizdek, Tohir kulol juda hushyor va sergak inson. Ayniqsa, oʻtgan yil soʻnggida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishida oʻrtaga tashlangan mulohazalarni ham juda katta eʼtibor bilan tingladi. Hatto tinglaganlariga qanoat qilmay yuragiga tekkan soʻzlarni va belgilangan muhim vazifalarni sopol laganlarga igna bilan yozib, ming daraja haroratdagi olov bilan pishirdi.

    Muzey-ustaxonaga kelganiga uch kun boʻlgan amerikalik Juliya xonim tandirdan endigina chiqqan bu rangin lagan va koʻzalarni koʻzdan kechirayotib, bunday savol berdi:

    – Ayting-chi, kulol janoblari, bu mahsulotlaringiz quyoshda shunchalar tovlanib turishi uchun ularga qanday boʻyoq surgansiz? Bu sayqal necha yil saqlanib turadi oʻzi?

    – Juliya xonim, sayqal yurtimning soz tuprogʻi va yuragimdan chiqqan alanga bilan tovlanib turibdi. Bu boʻyoq shunday sirliki, agar ushbu buyum sinib ketmasa, to qiyomatga qadar quyoshda tovlanib turaveradi. Milliy qadriyatlarimizning asrori shundaki, maʼnaviyatimiz juda chuqur maʼrifiy ildizlardan, ummonlardan suv ichgan. Men bir oddiy kulol boʻlsam-da, har daqiqada ona yurtimga soz tuproq va qaynoq yuragim bilan qoʻshilsam deyman... “Men oʻzbekman”, degan faxrli tuygʻudan har lahza ham chuqur iztirobga tushaman, ham yetti osmon qadar yuksalaman. Chunki men uygʻoq insonman.

    Jaloyirlik jaydari va chapani Tohir kulolning mana shu samimiy soʻzlarini bugungi uchrashuvimizning xulosasi, deb tanladik. Zero, yurakdan chiqqan soʻzgina yuraklarni manzil etgusidir!

    Muxtasar TOJIMAMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri