— Gripp kasalligini davolashda antibiotiklardan foydalanish qanchalik samara beradi?
— Shuni alohida taʼkidlash lozimki, koronavirus, gripp kabi virusli kasalliklarda antibiotiklardan nazoratsiz foydalanish, ushbu xastaliklarga chalingan bemorlarni antibakterial preparatlar bilan davolash klinik amaliyotda keng tarqalgan xatolikdir.
Afsuski, antibiotiklar virusli infeksiyalarga qarshi faol emasligiga qaramasdan, ayrim shifokorlar ushbu dori vositalarini grippning bakterial asoratlarini rivojlanish xavfini kamaytiradi, degan tushuncha bilan bemorlarga keng miqiyosda buyuradilar. Ayrim bemorlar esa shifokorga ham bormasdan uy sharoitida oʻzi bilganicha antibiotiklar bilan davolanishga harakat qiladi.
Qolaversa, virusga qarshi maxsus preparatlarni nazoratsiz qoʻllanilishi natijasida grippning sirkulyatsiya qilib yuruvchi viruslarida chidamlilik rivojlanadi. Shu bois, mutaxassislar ushbu xastalikning keng tarqalishi va uning oldini olish uchun grippga qarshi emlanishni tavsiya etadi.
— Joriy mavsum yurtimizda grippga qarshi emlash tadbirlari qanday tashkil etilmoqda?
— Maʼlumki, Prezidentimizning 2020-yil 26-avgustdagi tegishli qarori va Koronavirus kasalligiga qarshi kurashish Respublika maxsus komissiyasining 2021-yil 25-fevraldagi yigʻilish bayoni bilan gripp yuqtirish va uning ogʻir asoratlarini boshdan oʻtkazish xavfi yuqori boʻlgan barcha MTM tarbiyachilari, maktab oʻqituvchilari va tibbiyot xodimlarini grippga qarshi markazlashgan holda bepul emlash tadbirlarini amalga oshirish belgilangan.
Emlash uchun zarur boʻlgan gripp vaksinalari joriy yilning 15-sentyabriga qadar hududlarga toʻliq yetkazib berildi. Tibbiyot xodimlariga kasallikni yuqish xavfi yuqori ekanligini inobatga olib, birinchi navbatda ularda emlash ishlari tashkil etildi.
Ayni paytda profilaktik emlash tadbirlari yurtimizdagi 2 753 ta emlash punktida olib borilmoqda. Buning uchun 1 065 ta emlash brigadalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Joriy yil sogʻliqni saqlash tizimida 475 ming 357 nafar tibbiyot xodimi grippga qarshi mavsumiy emlanishi belgilangan boʻlib, shu yilning 9-oktyabr holatiga ularning 443 ming 632 nafari (93,1 foiz) kasallikka qarshi vaksina oldi.
— Bugungi kunda yurtimizda gripp va OʻRVI infeksiyasini aniqlash boʻyicha nechta laboratoriya faoliyat yuritmoqda?
— Mamlakatimizda gripp va oʻtkir respirator infeksiyalarini aniqlash boʻyicha Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 15 ta virusologiya laboratoriyalari tomonidan laborator tekshiruvlar oʻtkazilmoqda. Tahlil natijalariga koʻra, aksariyat hollarda grippning A virusi aniqlanmoqda.
Soʻnggi haftalarda aholi oʻrtasida oʻtkir respirator infeksiyalarning mavsumiy koʻtarilishi kuzatilyapti.
Jumladan, Toshkent shahrida OʻRVI boʻyicha epidemik jarayon biroz faollashib, oktyabr oynining dastlabki 7 kunida 10 ming 212 ta holat qayd etildi.
Shuni inobatga olgan holda barcha yuqumli kasalliklar shifoxonalari, perinatal markazlarining intensiv terapiya va reanimatsiya boʻlimlarida yetarli qoʻshimcha bemor oʻrinlari zahirasi tashkil etilib, tegishli sharoitlar yaratildi.