Atrofimizni oʻrab turgan bu turfa olamning har bir neʼmati inson uchun yaratilgan. Bir qarashda cheksiz-chegarasiz, poyonsizdek tuyulgan bu zaminu koinotda aslida hamma narsa oʻlchovli. Ana shu jihat eʼtiborga olinib, muqaddas manbalarimizda tabiatdan foydalanishda tejamkor boʻlish, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik qayta-qayta uqtiriladi.
Afsuski, kishilik jamiyati rivojining oʻtgan davrida bu hayot haqiqatiga toʻla amal qilinmadi. Natijada bugungi kunga kelib ilm-fan taraqqiyotining yuksak bosqichlari bilan yuzlashib turgan insoniyat qator ekologik noxushliklar girdobiga tushib qoldi. Choʻllanish, ekotizimlar yemirilishi, oʻrmonlar kamayishi, iqlim oʻzgarishi, tuproq, havo, suv ifloslanishi kabi holatlar bunga misol.
Bugungi hayotimiz va taraqqiyotga raxna solayotgan ekologik muammolar sayyoramizning taqdirini oʻylaydigan har qanday insonni tashvishlantirmay qoʻymaydi. Shu bois, jahon hamjamiyati tomonidan global ekologik muammolarga qarshi kurashish va barqaror rivojlanishga erishish yoʻlida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Chegara bilmas, hudud tanlamas ekologik muammolar mintaqamizni ham chetlab oʻtmayapti. Shu bois, soʻnggi yillarda jamiyatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida tabiiy muvozanatni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilib, ekologiya sohasidagi ishlarni tashkil etish borasida huquqiy va tashkiliy asoslar zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirildi. Oxirgi yillarda bu yoʻnalishda Prezidentimizning 20 ga yaqin farmon va qarorlari, davlat dasturlari, strategiyalar qabul qilindi. Sohada ishlarni tashkil etishning moliyaviy manbalari aniq belgilab berildi.
2019–2028-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasining “Yoʻl xaritasi”da muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni mamlakat hududining 12 foizini tashkil etishiga erishish belgilab berilgan edi. Keyingi yillarda amalga oshirililgan keng qamrovli chora-tadbirlar natijasida 2022-yilning oktyabr oyi holatiga bu koʻrsatkich 14,08 foizga yetkazildi.
“Yashil Orol dengizi” dasturi doirasida 742 ming gektar yerda yashil qoplamali oʻrmonzor, Nukus, Urganch va Xiva shaharlari atrofida “Yashil belbogʻ”lar barpo etildi. Orol dengizi suvi chekingan salkam 1,6 million gektarda shoʻr va qurgʻoqchilikka chidamli koʻchatlar ekildi. Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmon xoʻjaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida oʻrmon fondi yerlari maydonini bugungi 11,2 million gektardan 14 million gektarga yetkazish vazifasi yuklatilgan boʻlib, bu borada keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Bajarilayotgan ana shunday muhim loyihalarga qaramay, sohada hali yechimini kutayotgan vazifalar ham talaygina. Bu muammolarni bartaraf etishning maqbul yoʻllaridan biri va eng asosiysi – tabiat muhofazasi bilan bogʻliq ishlarni umumxalq harakatiga aylantirish, yosh avlodni ajdodlarimizning ezgu qadriyatlariga sadoqat ruhida tarbiyalash. Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish ana shunday ezgu va insoniy qadriyatlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
BIRNI KESSANG, OʻNNI EK
Oʻzligimizni, ajdodlarimiz teran tafakkurini, xalqimiz bunyodkorlik va yaratuvchilik salohiyatini namoyon etuvchi qadriyatlarimiz bisyor. Ular orasida inson va tabiat uygʻunligini taʼminlashga qaratilgan bir qator urf-odatlar hali-hamon hayotimizga yoʻldosh boʻlib keladi. Masalan, oilada farzand tugʻilsa bobolar, otalar unga atab nihol qadaydi. Ona bolasini qanday asrab-avaylasa, ota bogʻdagi nihollarni qahraton sovugʻiyu saraton jaziramasidan eson-omon olib oʻtib, daraxtga aylanishi uchun bor kuchi va mehrini beradi. Shu taxlit inson va tabiat uygʻun holda rivojlanib boraveradi, ham rizq yaratiladi, ham olamga goʻzallik baxsh etiladi.
Inson nega bu qadar yashillikka intiladi? Tiriklik uchun yashil olamning ahamiyati nimada? Keling, bu savolga javob berish uchun quyidagi maʼlumotlarga eʼtibor qarataylik: Katta yoshdagi daraxt bir mavsumda yil boʻyi oʻn kishi isteʼmol qiladigan miqdorda kislorod ishlab chiqaradi. Bir gektar daraxtzor bir kunda 220–280 kilogramm karbonat angidrid yutadi va 180–220 kilogramm kislorod beradi. Daraxtzorlar havodagi chang miqdorini kamaytiradi va shovqinni pasaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Manzarali daraxt ekilgan bogʻda yarim soatlik sayr qilish bir necha turdagi dori vositalari oʻrnini bosadi.
Kuchli sanitar sifatida daraxt va butalarning yashil yuzasi is gazini yutib, inson hayoti uchun zarur boʻlgan kislorod chiqaradi. Daraxtlar ham barcha tirik mavjudodlar kabi oʻziga xos quvvat manbaiga ega. Chunki inson daraxtlardan taralayotgan ifordan bahramand boʻlib, kayfiyati koʻtariladi. Xullas, daraxt insonning toʻlaqonli yashashi uchun muhim hayotiy ahamiyatga ega va tabiatga, insonga bemisl naf keltiradi, hayot davomiyligini taʼminlaydi. Shu bois, ota-bobolarimiz daraxtning soyasi jonga, mevasi tanga darmon, deya eʼzozlaydi. Birni kessang, oʻnni ek, deya tabiatni asrashga, yaratuvchilikka daʼvat etadi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi ana shunday ezgu qadriyatlarimiz davomiyligini taʼminlash va barqaror rivojlanishga erishishda muhim omil boʻlmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻtkazilishi anʼanaga aylangan ushbu ekologik loyiha doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta koʻchatini ekish va shu orqali mamlakatimiz yashil maydonlarini amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingan.
Mazkur umumxalq tadbirini amalga oshirishning xuquqiy asoslari 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsadlarida, Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida mustahkamlandi.
2021-yil kuz mavsumida boshlangan “Yashil makon” loyihasi va “dolzarb 40 kunlik” tadbiri natijalari boʻyicha mamlakat miqyosida 85 million dona daraxt va buta koʻchatlari ekildi. 2022-yil yil bahor mavsumida esa xuddi shu tartibda 125 million tupdan oshiq daraxt koʻchati oʻtqazildi.
Koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari jarayonida koʻplab yangi tashabbus va harakatlar boʻy koʻrsatdi. Bu xalqimizning azaliy qadriyatlarga sadoqati, tabiatga boʻlgan mehr-muhabbati ifodasidir. Xususan, respublikamiz boʻyicha 197 mahallada “kashtan koʻchasi”, “eman koʻchasi”, “chinor koʻchasi” va boshqa turdagi namunaviy koʻchalar tashkil etilib, 160 ming tupdan ortiq manzarali va mevali koʻchat ekildi.
Gʻuzorda “Shoʻrtangazkimyo” korxonasi tomonidan 74 , Arnasoyda “Oʻzavtosanoat” AJ tomonidan 105 gektar maydonga koʻchat ekildi va tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etildi. Andijon tumanida ommaviy hashar yoʻli bilan 93 gektarga pavloniya koʻchati oʻtqazildi. Ekilgan daraxt va buta koʻchatlarini parvarishlash uchun “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va ishsiz fuqarolar jalb etilib, ularning mehnatiga 14,3 milliard soʻm ish haqi toʻlandi. Albatta, bunday xayrli tashabbuslar barcha hududlarda amalga oshirildi. Natijada yangi-yangi bogʻlar, yashil maydonlar, sayilgohlar barpo etildi.
Ayni paytda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tizimida ekilgan nihollar nobud boʻlmay, unib-oʻsishi uchun monitoring yuritilyapti. Oʻtgan mavsum tahlili shuni koʻrsatdiki, ayrim hududlarda koʻchat toʻgʻri kelgan joyga tartibsiz ekilgan, moliyalashtirish manbasi aniq belgilanmagan. Qolaversa, koʻchat ekish jarayonida tuproq-iqlim sharoiti va sugʻorish tizimiga yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan, ekilgan koʻchatlarni saqlash va parvarishlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish boʻyicha tizim yaratilmagan.
Albatta, bunday kamchilikka yoʻl qoʻygan masʼullarga tegishli chora koʻrildi. Ekologiya organlari mutaxassislari bu muammoni bartaraf etish uchun masʼullarga tegishli koʻrsatma berdi. 753 mutasaddi shaxsga 1 milliard 156 million soʻm miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanildi. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida hududlarda hokimlar va sektor rahbarlari tomonidan koʻchat sugʻorish ishlariga 743 ta maxsus suv tashish transport vositasi jalb etilib, ertalabki va tungi sugʻorish yoʻlga qoʻyildi.
Bundan tashqari, joylarda “Ekologik patrul” tizimi ishlayapti. Milliy gvardiya, ichki ishlar va ekologiya organlari xodimlaridan iborat 90 ta guruh tashkil etilib, barcha tuman (shahar)lar toʻliq qamrab olindi. Ular tomonidan ekologiya sohasida sodir etilayotgan huquqbuzarlikning oldini olish maqsadida 25,7 mingta tezkor-qidiruv va maqsadli reyd oʻtkazildi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli choralar koʻrildi. Bundan tashqari, “Ekologik patrul” xodimlari ommaviy axborot vositalari orqali 3735 marotaba chiqish qildi hamda “Ekologiya va tabiatni asrashga barchamiz masʼulmiz!” shiori ostida uchrashuvlar oʻtkazdi.
Respublika boʻylab ekilgan daraxt koʻchatlari va butalarni barcha parametrlar asosida nazorat qilish hamda hisobini yuritish maqsadida “Yashil makon” platformasi shakllantirildi va uning mobil ilovasi ishga tushirildi.
Oldimizda turgan mavsumda ekilgan nihollar qurib qolishi bilan bogʻliq holatning oldini olish maqsadida hududlar kesimida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xarita”lari ishlab chiqilib, tegishli tartibda tasdiqlandi. Bu jarayonda, avvalo, har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan koʻchatlarni tanlab, ularni yetishtirish uchun koʻchatxonalarni koʻpaytirish, koʻchat zaxirasini yaratish ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan 186 tuman va shaharda 2022–2024-yillarda jami 1278 gektar, shundan 2022-yilda 584 gektar maydonda “Yashil bogʻlar”, 184 tuman va shaharlardagi 306 obyektda 2022–2024-yillarda jami 1082 gektar maydonda yangidan “Yashil jamoat parklari”ni barpo etish belgilangan.
Bugungi kunda “Yashil bogʻlar” barpo qilinadigan yer maydonlarini xatlovdan oʻtkazish va loyihasini moliyalashtirishni qisqa muddatda yakunlash masalasi mahalliy xokimiyat organlari tomonidan koʻrib chiqish ishlari yakunlanmoqda. “Oʻrmonloyiha” loyihalash instituti xodimlari mahalliy hokimlik va tegishli idoralar bilan birgalikda joyida koʻrib, zarur parametrlarni aniqlash va loyihalash ishlarini olib bormoqda.
YAXSHIDAN BOGʻ QOLADI
Prezidentimiz raisligida joriy yil 11-oktyabr kuni mahallalarni obod qilish va aholini oʻylantirayotgan masalalarni hal etish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida hududlarni koʻkalamzorlashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy va kelgusi mavsumda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab berildi. Xususan, bu yil yakunigacha 75 million tup, kelgusi yil bahor oylarida yana 125 million tup mevali va manzarali koʻchat ekish vazifasi qoʻyildi. Oʻtgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20-oktyabrdan 1-dekabrgacha koʻchat ekish boʻyicha “Dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi.
– Daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozim, – dedi davlatimiz rahbari.
Bu chora-tadbirlarni amalga oshirish har birimizning zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi. Zero, koʻchat ekish, bogʻ yaratish yurt obodligi, el farovonligi, hayot davomiyligini taʼminlaydigan ezgu amaldir.
Barcha yurtdoshlarimiz qatorida qoʻmitamiz mutaxassislari ham bu xayrli ishga munosib ulush qoʻshishni maqsad qilgan. Bu yil qoʻmitamiz tashabbusi bilan hududlarda aholi yashash punktlarida yashil maydonlarni tashkil etish boʻyicha manzilli dastur tasdiqlandi. Unga muvofiq, har bir hududda bittadan mahalla tanlab olinib, u yerda yashil maydon yaratiladi. Bu yashil hududlar maydoni 22,5 gektarni tashkil etishi koʻzda tutilyapti. Hozirda buning uchun hududlarda joylar tanlangan. Rejaga muvofiq, 21 ming 450 tup manzarali koʻchat ekiladi.
“Yashil makon” loyihasi tadbirlari uyushqoqlik bilan, ilmiy va amaliy tajriba asosida tashkil etilishini taʼminlash maqsadida ekolog, dendrolog, tuproqshunos, entomolog, fitopatolog, oʻrmonchilik sohasi olimlari va mutaxassislaridan iborat ekspertlar guruhi shakllantirildi. Ular ishtirokida joylarda ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etilmoqda. Bu jarayonga hokimlarning masʼul oʻrinbosarlari, sohaga daxldor tashkilotlar rahbarlari, fermerlar, dehqon va bogʻbonlar qamrab olinyapti.
Shu bilan birga, mutaxassislarimiz “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish jarayonida ilgari yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni chuqur tahlil qilgan holda hamda belgilangan ustuvor yoʻnalish va topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida tegishli tavsiyalar ishlab chiqib, targʻib etmoqda. Belgilangan rejaga asosan, 2022-yil kuzda 75 million, 2023-yil bahorda 125 million tup tuproq-iqlim sharoitiga mos, suvsizlikka chidamli manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari va qalamchalar ekilishi maqsadga muvofiq. Bu jarayonda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlar, Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining hududiy filiallari va aholi tomorqalarida qalamcha yetkazib berilishi tashkil qilinmoqda.
Yashil bogʻlar va yashil jamoat parklarini tashkil etish tadbirlariga zarur mablagʻ ajratilishini taʼminlash va bu yoʻnalishdagi ishlar reja asosida amalga oshirilishi zarur. Qoʻmitamiz mutaxassislari ekilgan nihollarni parvarishlash jarayonini doimiy ravishda aerokosmik tasvirlar va uchuvchisiz apparatlar yordamida kuzatib, tuman (shahar)larni koʻkalamzorlashtirish holatini oʻrganadi.
OBODLIK YARASHGAN MANZILLAR
Yaxshi niyat va havas bilan amalga oshirilayotgan bunday xayrli amallar asta-sekin boʻy koʻrsata boshladi. Yurtimizning turli hududlarida yangi bogʻlar, yashil hududlar koʻpaymoqda. Buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan bogʻlarga yangidan hayot baxsh etilyapti. Masalan, Samarqandda Amir Temur bogʻlarini qayta tiklashga kirishildi.
Bunyodkorlik ishlari qatorida zamonaviy madaniyat va istirohat bogʻlarini barpo etishda ham keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 247 ta madaniyat va istirohat bogʻi mavjud boʻlib, ular turli vazirlik va idoralar tasarrufida faoliyat olib boradi. Yaqin yillarda koʻplab tuman va shaharlarimizda zamon talablariga mos ravishda madaniyat va istirohat bogʻlari barpo etildi.
Fidoyi va tashabbuskor yurtdoshlarimiz saʼy-harakati bilan hududlarda bogʻ yaratish bilan bogʻliq yangi tajribalar shakllanmoqda. Suvsiz sharoitda bogʻ yaratish va parvarish qilish borasida Koʻkdala pedagogika kolleji tajribasi bunga misol. Bu taʼlim muassasasi direktori Moʻmin Azimov va jamoa ahlining saʼy-harakati bilan yaratilgan bogʻda nihollar baravj oʻsmoqda. Yaqinda kollejda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil kuzgi mavsumda belgilangan vazifalarni hududlar iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda toʻgʻri va tizimli tashkil etish, imkoniyatlardan unumli foydalanish yuzasidan tadbir oʻtkazdik va taʼlim muassasasining tajribasini ommalashtirdik. Bunday yangicha tashabbus va gʻoyalar barcha hududlarda shakllanmoqda. Bu ham, oʻz navbatida, ezgu tashabbuslarga ulkan qanot baxsh etayotir.
Ekologiya bilan bogʻliq yana bir masalani aytib oʻtish kerak. Bugungi kunda ekologik muammolar xalqaro tashkilotlarning yurtimizda oʻtayotgan tadbirlari yakuniy hujjatlarida ham strategik masala sifatida oʻz aksini topmoqda.
Joriy yil sentyabr oyida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitida Oʻzbekiston yana bir bor ekologik masalalarga jahon hamjamiyati eʼtiborini qaratib, barchamiz uchun oʻta muhim boʻlgan ushbu sohada amaliy hamkorlikning yangi mexanizmlari va shakllarini yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Prezidentimiz tomonidan oʻz tarkibida siyosatchilar, jamoat arboblari, olimlar va ekspert-ekologlar, biznes vakillarini birlashtira oladigan SHHT Iqlim kengashini tuzish taklifi bildirildi.
Bunday format iqlimga moslashish loyihalarini ilgari surish, choʻllanishga va tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishdagi hamkorlik samaradorligini oshirish, Orol dengizi ekologik fojeasining halokatli oqibatlarini bartaraf etish nuqtayi nazaridan alohida dolzarb ahamiyatga ega.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Ertangi kunni, kelajakni oʻylab amalga oshirilayotgan ushbu ezgu tashabbusning koʻplab xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholanayotganini ham munosib eʼtirof etish joiz.
Xulosa oʻrnida shuni aytish lozimki, atrof-muhit musaffoligini saqlash va tabiiy resurslar muhofazasini amalga oshirish, nafaqat davlat organlarining, balki, har bir insonning vazifasidir. Eng avvalo, har birimiz tabiat va jamiyat oldidagi masʼuliyatni teran anglasak, yaratilgan neʼmatlarning qadriga yetsak, ona tabiat ham bizdan saxovatini ayamaydi. Bugun havas bilan ekkan nihollarimiz yangi-yangi bogʻlarga aylanib, kelgusi avlodlar uchun sof va musaffo tabiiy sharoit yaratiladi.
Narzulla OBLOMURODOV,
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish
davlat qoʻmitasi raisi