Yuz bilan yuzlashgan jurnalist

    Voqea-hodisalar 24 Yanvar 2021 1945

    Ustoz jurnalist va yozuvchi Farida Usmonova 100 yoshga toʻldi.

    Ustoz jurnalist va yozuvchi Farida Usmonova (1921-yil 23-yanvarda tavallud topgan) kuni kecha yuz yoshni qarshi oldi. Ana shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi oʻrinbosari Xolmurod Salimov, uyushma qoshidagi faxriy jurnalistlar kengashi raisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Jabbor Razzoqov ustoz xonadonida boʻlib, Farida Usmonovani 100 yoshga toʻlgani bilan qutlashdi, sovgʻa-salomlar topshirildi.

    –Uyushmamiz yoshi ulugʻ, ustoz jurnalistlar holidan doimo xabar olib turadi, – deydi uyushma raisi oʻrinbosari X. Salimov. – Ularni bayramlar bilan qutlash, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish anʼanaga aylangan.

    Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor”, degan naql bor. Darhaqiqat, keksalar – jamoa koʻrki, qalbimizni munavvar etuvchi chiroq, beminnat duogoʻyimiz, pand-nasihatlari bilan umrimizni yoritguvchi quyosh, tajriba-yu maslahatlari bilan yoshlarimizga toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi yoʻlchi yulduz. Farida Usmonova matbuot sohasida uzoq yillar mehnat qildi. Onaxon bilan suhbatlashsangiz, dilingiz yayraydi, ilhom va kuch-quvvat olasiz.

    —Jurnalist yonib yashashi kerak. Yonmagan, oʻzidan uchqun chiqarmagan qalb bilan yozish qiyin. Qalamingiz oʻtkir, yuragingiz yonib tursa, xalqning koʻngliga oʻtiradigan materiallar yoza olasiz. Uzoq yillik umrim davomida ne-ne davrlaru, sinovlarni koʻrmadik. Bolaligim Fargʻonaning Qoʻqon shahrida kechgan. Jurnalistikaga boʻlgan havas meni Toshkentga yetakladi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida tahsil oldim. Ijodiy faoliyatimni sobiq “Sovet Oʻzbekistoni” ( hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”) gazetasida boshlaganman. Undan soʻng uzoq yillar “Toshkent haqiqati”da ishladim. Umrim davomida qalamim charxlanib bordi, oʻz ustimda tinmay ishladim. Jurnalistikaning sir-asrorlarini oʻrgandim. Vaqtimni bir zum boʻlsa ham zoye ketkazmaslikka harakat qildim,–deydi Farida Usmonova.

    Farida Usmonova badiiy ijod bilan ham shugʻullandi. “Bahor malikasi”, “Mehri daryolar”, “Yaxshilik umri” deb nomlangan risolalar, “Dil faryodi” romani, “Onanoma”, “Hijron”, “Qiz kelin” kabi qissalar, “Sinov”, “Ona bagʻri”, “Choliqushi” dramalarini yozdi.

    Ustoz ijodkorning oʻzbek matbuoti va adabiyoti rivojiga qoʻshgan xizmatlari inobatga olinib, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

    Farida Usmonova hali ham kitob mutolaa qilish va yozishni kanda qilmagan. Yuzga yaqin nabira, evara va chevaralar qurshovida hayot kechiryapti. Qaytayotganimizda oʻzbekchilikda uydan quruq chiqilmaydi, deb hammamizga oʻzlari yozgan kitoblardan tuhfa qildilar.

    Islom ASILBEKOV,

    Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi.