Soʻnggi yillarda Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur oʻrganish borasida amalga oshirilgan ishlar tahsinga sazovor. Xususan, shoir tugʻilgan kun – 14-fevral sanasi har yili mamlakatimiz boʻylab adabiyot, tarix va ilm-maʼrifat bayrami sifatida nishonlanadi. Boburshunoslik sohasida koʻplab tadqiqotlar, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar muntazam oʻtkaziladi.
Xususan, Toshkent va Andijon shaharlarida Boburning haykali oʻrnatilgani, uning tugʻilib oʻsgan yurti — Andijon shahrida Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi va uning tasarrufidagi “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyi faoliyat koʻrsatayotgani, “Bobur ensiklopediyasi”, “Bobur kulliyoti”, “Babur. Baburidы. Bibliografiya” deb nomlangan salmoqli asarlarning nashrdan chiqarilgani, “Bobur va dunyo” jurnalining tashkil qilingani ulugʻ ajdodimiz xotirasini abadiylashtirish yoʻlida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning davomi boʻldi.
Ulugʻ ajdodimiz oʻtmishining milliy va umuminsoniy mohiyati, uning yosh avlodni vatanparvarlik tuygʻulari, millatga sadoqat ruhi bilan tarbiyalashdagi hayotiy ibrati, farzandlarimizni ushbu tarixiy ideal shaxs namunasida Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari etib yetishtirish borasidagi oʻrni, taʼsiri juda ulkan va ahamiyati bemisildir. Xususan, uning millatimiz tarixida bebaho oʻringa ega “Boburnoma” asari — Oʻrta Osiyo va Hindiston xalqlari oʻtmishidagi noyob ensiklopediya hisoblanib, unda nafaqat geografiya, etnografiya balki, pedagogika sohasida ham qimmatli maʼlumotlar berilgan. Ayniqsa, Boburning taʼlim-tarbiya ilmi xususidagi qarashlari va pandu nasihatlari — oʻgʻli Humoyun Mirzoga yozgan xatlarida yaqqol aks etadi. Masalan, farzandga yaxshi ism qoʻyish ota zimmasidagi katta masʼuliyat ekani, bunda ehtiyotkor boʻlish lozimligi, his-tuygʻu bilan emas, aql bilan ish tutishni taʼkidlaydi. Bundan tashqari, oilada farzandlar orasidagi munosabat, kattalarning kichiklarga rahmli boʻlishlari, oila mulkini asrash, taqsimlashda adolatli boʻlish, ukasi Komron Mirzo bilan ahillikni uqdiradi. Oqil va adolatli podshohga xos boʻlgan sifatlarni shahzodada takomil toptirish bilan birga, yuksak insoniy xislatlarni tarbiyalashga alohida eʼtibor beradi. Hatto, shahzoda oʻgʻliga vaqti-vaqti bilan tanbeh ham berib turadiki, farzandning ota oldida hamisha itoatda turmogʻi farz ekani, nasihatlarni tinglash odobi foydalari koʻrsatiladi.
Shuningdek, komil farzand tarbiya qiladigan ota-onaning oʻzi maʼnaviyatli, ilmli va axloqli boʻlishi zarur ekani Bobur mulohazalarida ustunlik qiladi. Masalan, bir maktubida Humoyunning fikrlaridagi gʻalizlikni tanbeh qilib, toʻgʻri va ravon soʻzlash, yozish, soʻzlarni ortiqcha bezatmasdan aniq ifodalash haqida koʻrsatmalar beradi. Ammo imlosi yaxshi ekanini ham taʼkidlaydi. Bundan koʻrinadiki, Bobur ota sifatida nafaqat farzandiga puxta moddiy taʼminotchi, balki ilm bobida ham maʼrifatparvar, talabchan tanqidchi va zakiy ustoz boʻla olgan.
Ulugʻ shoh va shoir farzandlariga hamisha el-ulus holini bilmoq, har ishni kengashib bajarmoq, tajribali kishilar bilan oʻrtoqlashish, yurt soʻrashda adolatni mahkam tutishni eslatadi. Ayniqsa, aka-ukalar orasida mehr-oqibat mustahkam boʻlishini aytib, tez-tez bir-biri bilan hamfikr boʻlishni soʻraydi.
Tarbiya borasida muhim jihatlardan yana biri — elga hamisha yaxshilik qilish, yaxshi muomalada boʻlish zarurligini taʼkidlab, insondan qoladigan eng katta meros yaxshilik va yaxshi nom ekanini aytib oʻtadi. Bu fikrlar Bobur gʻazalining quyidagi baytida ham oʻz tasdigʻini topgan:
“Bori elga yaxshiligʻ qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiligʻ.”
Darhaqiqat, koʻrinadiki, turkiy hukmdor Zahiriddin Muhammad Bobur tarixiy shaxsi bosib oʻtgan zalvorli va mardonavor yoʻl, ibratli hayot, yurt ishqida oʻtgan sogʻinchli taqdir yosh avlodni yanada barkamollikka, vatanparvarlikka, insonparvarlikka daʼvat etadi.
Ha, bu asl turkiy shahanshohning hayot haqiqati va hech kim inkor etolmaydigan tarixiy faktdir. Zero, Muhtaram Prezidentimiz yuksak ishonch bilan taʼkidlaganlaridek, “Zahiriddin Muhammad Bobur bizning bobomiz, bizning qonimiz, bizning bolalarimizga gʻurur bilan aytadigan buyuk ajdodimizdir.”
Uning xalqparvarligi, doimo odamlarga yaxshilik qilish gʻoyasini ilgari surgani, oʻzga tuproqda ham mustahkam oʻzlik, milliy oriyat bilan yashagani — barchamiz uchun tarixiy saboq, chin hayotiy tarbiyadir.
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori
Hamkorlik materiali