Zamin bilan tillashayotgan yoshlar

    Yangiyo'l tumanida shu kunga qadar 2958 nafar yoshga 752 gektar yer ajratildi.

    Bosh kentimiz hududi Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent, Qibray, Yuqori Chirchiq, O'rta Chirchiq, Quyi Chirchiq, Yangiyo'l tumanlari bilan tutashib ketgan. Bu tumanlarning har birida sanoat, xizmat ko'rsatish sohalari qatori qishloq xo'jaligi ham yaxshi rivojlangan. Katta kengliklar bo'ylab yoyilgan lalmi, sug'oriladigan yerlarda pishib yetiladigan meva-sabzavotlarga ichki va tashqi bozorlarda doim talab yuqori.

    Viloyat ahli qadimdan dehqonchilik, bog'dorchilikning hadisini olgan. Shundanmi, ularning aksariyati turli sohalarda faoliyat yuritsa-da, bo'sh qoldi deguncha tomorqasida ekin-tekin ishlari bilan band bo'ladi. Qo'shimcha daromad manbai sifatida ijaraga yer olib, dehqonchilik bilan shug'ullanadi. Nuroniy otaxonlar ham o'z tomorqalarida mehnat qilib, erta bahorda nabiralariga yer chopish, urug'lik ekishni o'rgatadi. Ter to'kib, halol mehnat qilishda ularga namuna bo'ladi.

    Safarimiz Yangiyo'l tumanining Niyozboshi massividan boshlandi. Ko'kat yetishtirishda nom chiqargan bu hudud 9 ta mahalladan iborat. Odamlar uyida bir qarich yeri bo'lsa ham biror ekin ekib, ro'zg'origa ishlatadi.

    Bizga Yoshlar ishlari agentligi Yangiyo'l tumani bo'lim boshlig'i Shahboz Abdug'aniyev hamrohlik qildi. Ayni paytda ko'plab tomorqalarda ko'kat, piyoz va boshqa rezavorlar bo'y ko'rsatib turibdi. Bu yerda ko'p yillik tajriba va iqlim sharoitidan kelib chiqib, asosan, kashnich, shivit singari ko'katlar hamda piyoz etishtiriladi. Yil davomida shu ekin turlari almashlab ekiladi. Suhbatdoshimizning aytishicha, Niyozboshining ko'kat va piyozlari yaqinu yiroqda, ayniqsa, Rossiyada xaridorgir.

    Yangiyo'l tumanining boshqa hududlarida ham dehqonchilik bilan shug'ullanuvchi aholi ko'pchilikni tashkil etadi. So'nggi yillarda ular orasida yoshlar soni ham ortib boryapti. Avvallari ota-onasining yordamida yoki o'zi fermerdan ijaraga yer olib dehqonchilik qilgan yigit-qizlar Prezidentimiz topshirig'i asosida joriy yildan boshlab 1 yil muddatga beg'araz ajratilayotgan yer maydonlarida mehnat qilish imkoniyatiga ega bo'ldi.

    Qariyb 215 ming aholiga ega Yangiyo'l tumanida 18 dan 30 gacha bo'lgan yoshlar 38 ming 611 nafarni tashkil etadi. 2021-yil 27-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida yoshlar bandligini ta'minlash va ularning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlariga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida berilgan ko'rsatmaga binoan, tumanda joriy yilda yoshlarga 1005 gektar yer ajratilishi belgilangan. Fevral` oyidan boshlab bu ishlarni amalga oshirishga kirishildi. Shu kunga qadar 2958 nafar yoshga 752 gektar yer ajratildi. Yana 221 nafar yigit-qiz yer olish istagini bildiryapti. Ayni vaqtda xatlov asosida yer ajratib berish davom etmoqda.

    Talabgorlar ro'yxatidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, dehqonchilik qilish istagini bildirgan, yerga ehtiyoji bor yigit-qizlar o'rin olgan. Ularga suv ta'minoti yaxshi, unumdorligi yuqori va talabgorning yashash xonadoniga yaqin bo'lgan sug'oriladigan yerlar ajratilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz yoshlarga ajratilgan yerlarni o'zlashtirish, agrotexnik tadbirlarni o'tkazish va ularni yerdan daromad olishga o'rgatishga hokimlar, sektor va klaster rahbarlari mas'ul bo'lishi zarurligini ta'kidlagan edi. Tumanda bu ishlar qanday tashkil etilgani bilan ham qiziqdik.

    — Hudud imkoniyatlaridan kelib chiqib, talabgorlar ko'pligini inobatga olgan holda yoshlarga 20-25 sotixdan yer ajratib berdik, — deydi Shahboz Abdug'aniyev. — Yer olgan yoshlarning aksariyati kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari bo'lgani bois, maydonlar fermerlar tomonidan haydalib, ekin ekishga tayyor holda topshirildi. Ularga urug'likni yetkazib berishdan tortib mahsulotni xarid qilishgacha bo'lgan jarayonda ko'maklashadigan eksportyorlar biriktirildi. Ammo ular xizmatidan foydalanish ixtiyoriy bo'lib, imkoniyati etgan yigit-qizlar ekin ekish xarajatlarini o'zi ko'taryapti.

    Mutaxassislar yoshlarga nima ekish bo'yicha zarur tavsiyalarni beryapti. Ular orasida kartoshka va sabzavot ekkanlar ham bor. Lekin yoshlarning ko'pchiligi ketma-ket 2-3 marta ekin ekib, hosil olish maqsadida o'z yerlariga ko'kat va piyoz urug'larini sepgan.

    “Madaniyat” mahallasida yashovchi Zulfiya ayaning nabiralari Nigina Abduxalilova va Sabina Ochilovaga 20 sotixdan yer ajratilgan. Ularning biri shivit, boshqasi piyoz ekdi. Nigina ekkan piyozlar yetildi. Shu kunlarda buvisi boshchiligida yig'ib olinayotgan hosilning xaridorlari ham tayyor. Piyoz dalaning o'zidan olib ketiladi. Bu ortiqcha yo'l xarajatlarini tejaydi.

    11-sinfda o'qiyotgan Nigina bu yil oliy o'quv yurtiga o'qishga kirib, boshlang'ich sinf o'qituvchisi bo'lishni maqsad qilgan. Darsdan bo'sh paytlarida dehqonchilik bilan shug'ullanib, oilasiga ro'zg'or tebratishda ko'maklashyapti. Daladagi ilk hosil ko'ngildagiday bo'ldi. Piyozni to'liq yig'ishtirib olgach, ketidan kashnich urug'larini sepmoqchi.

    23 yoshli Jasur Nishonboev esa o'ziga ajratilgan 20 sotix maydonda pomidor ekishni boshlab yuborgan. Ishsizligi bois “Yoshlar daftari”da turadigan bu yigit bolaligidan dehqonchilikka qiziqadi. Avvallari fermerlardan 1 gektardan yer olib, pomidor yetishtirgan. Oilasining asosiy tirikchiligi ijaraga yer olib foydalanish, chorva mollari boqishdan iborat. Bolaligidan mehnatda toblangan Jasur yoshlarga beg'araz yer ajratilayotganidan o'ta mamnunligini yashirmadi. Barcha ishni o'zi qilgani, pomidor ko'chatlarini ham uyida yetishtirgani bois, unga qo'shimcha mablag' kerak bo'lmadi. Yerni olgani hamon g'ayrat bilan ishga kirishib ketdi. Iyun oyi oxirlarida pishib yetiladigan pomidor hosilidan yaxshigina daromad olishni ko'zlayapti.

    G'ayrat-shijoatga to'la ana shunday yoshlarning yana bir necha nafari bilan suhbatlashdik. Hammasi dehqonchilikka tobora qiziqib borayotgan yigit-qizlar. Yerdan qo'shimcha daromad olishni maqsad qilgan bu yoshlar boshqa sohalarda ham o'qib-izlanyapti. Ko'pchiligi kelgusida oliy o'quv yurtlarida tahsil olib, o'zlari tanlagan sohaning yaxshi mutaxassisi bo'lishni maqsad qilgan.

    Yangiyo'l tumani yoshlarga dehqonchilik uchun yer ajratish bo'yicha respublikada namunali hududlar qatorida turadi. Bu tajriba o'tgan yilda biroz boshqacharoq ko'rinishda boshlangan edi. O'shanda 50 dan ortiq yoshga g'alladan bo'shagan 51 gektar yer maydoni qisqa muddatga biriktirib berildi. Bugunga qadar hududda 7 ta kooperatsiya ham tashkil etilib, 394 nafar yigit-qiz unga a'zo bo'lgan. Kooperatsiyaga yerlar 30 yil foydalanish huquqi bilan berilib, unga jalb etilgan yigit-qizlarni urug'likdan tortib zarur uskunalargacha ta'minlash kooperatsiya rahbari zimmasiga yuklangan.

    — Yangiyo'l tumanida 3420 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ularning bir qismiga yer ajratilgan bo'lsa, boshqalari o'z qiziqishlari asosida turli yo'nalishlarda band qilinyapti, — dedi Shahboz Abdug'aniyev. — Xususan, 856 nafari ishlab chiqarish korxonalariga ishga joylashtirildi, 1355 nafari jamoat ishlariga jalb qilindi. Masalan, ayrimlari mahallalarga inspektor yordamchilari sifatida ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, 117 nafar yigit-qiz 9 ta yo'nalish bo'yicha 10 kunlik kurslarda o'qitildi, hozir yana 55 nafariga zarur bilimlar berilyapti. Kurslarda o'qigani haqida sertifikat olgan yoshlarning ko'pchiligi bankdan 14 foizli imtiyozli kredit olib, o'z ishini boshlashga muvaffaq bo'ldi. Misol uchun, 25 yoshli Sardor Japarov mebel ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi. U yaxshi daromad topa boshlagach, 4 nafar yoshni o'z qavatiga oldi, ish bilan ta'minladi.

    Bir so'z bilan aytganda, aholisi mehatsevarligi hamda mutasaddilarning sa'y-harakati bilan Yangiyo'l tumani yanada obod hududga aylanib bormoqda. Bu yerda o'tgan yilning o'zida 6 ta maktabgacha ta'lim muassasasi qurildi. “Barkamol avlod” bolalar markazining yangi, zamonaviy binosi qad rostladi. Yo'llar ta'mirlanib, yangi maktablar ishga tushirilyapti. Samimiy, dilkash odamlari esa shukronalik, mehnatsevarlik zavqi bilan yashamoqda.

    Maqsad — yigit-qizlar bandligini ta'minlash

    Yangiyo'ldan olgan bir olam taassurotlar bilan yo'limizda davom etdik. Navbatdagi manzilimiz Yuqori Chirchiq tumani bo'ldi. Qariyb 140 ming aholi istiqomat qiladigan bu hududda ham dehqonchilik ko'rsatkichlari yomon emas. Odamlarining aksariyati poytaxtga qatnab ishlagani bois, qishloq xo'jaligi yerlaridan asosan fermer xo'jaliklari hamda klasterlar foydalanadi.

    Aholining 27 ming 766 nafari 18 yoshdan 30 yoshgacha bo'lganlar. Shulardan 1452 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Bu past ko'rsatkich ekanidan avvaliga mamnun bo'ldik. Ammo hududda ishsiz yoshlarning borligi bu borada aniq va manzilli tizim asosida ishlash zarurligini ko'rsatadi.

    Hozirga qadar tumanda 357 nafar yigit-qizga 25 sotixdan yer ajratilgan. Bu Boysun, Qorovulbozor, Qiziriq, Bo'stonliq, Samarqand, Ohangaron, YAngiobod, G'uzor, Zangiota, Buxoro, Angor, Bandixon, Zafarobod, Quyi Chirchiq, Muborak va Toshkent tumanlaridagi kabi nisbatan past ko'rsatkich hisoblanadi. Xo'sh, barcha hududlarga imkoniyat bir xil berilganiga qaramay, nega bu tumanlar, xususan, Yuqori Chirchiqda yer ajratish masalasida sustkashlikka yo'l qo'yilayotganining sababi bilan qiziqdik.

    — Bu, avvalo, yer ajratish jarayonlarining nisbatan kechroq boshlangani hamda yoshlarning talabi bilan bog'liq, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Yuqori Chirchiq tumani bo'limi rahbari Nodir Hojiyev. — Tumanimizda jami 11 800 gektar ekin maydoni mavjud bo'lib, shundan 4800 gektari paxta, 7 ming gektari g'alla dalalari. Yoshlarga paxtadan bo'shagan erlar berilgani bois maydonlarni tayyorlash ishlari biroz kechikdi. Shunga qaramay, fevral oyidan xatlov asosida yerga talabgor yoshlar ro'yxati shakllantirilib, mart oyidan yer ajratish boshlangan. Yigit-qizlar orasida yr olib, mehnat qilishdan ko'ra, talab yuqori kasblarda tahsil olish, ishlash yoki g'alladan bo'shagan maydonlarda takroriy ekin ekishga qiziqish bildirganlar ko'pchilikni tashkil etyapti. Har birining istagi asosida bandligini ta'minlashgae harakat qilyapmiz. Ayni paytda “Yoshlar daftari”da 553 nafar fuqaro qolgan, yil oxirigacha ularning barchasini ish bilan ta'minlash ko'zda tutilgan. Tumanda 1200 ta bo'sh ish o'rni borligini inobatga olsak, bunga imkoniyatimiz yetadi.

    Yer bilan tillashishni har kim ham uddalayvermaydi. Ammo yoshlarni berilayotgan imkoniyatlardan foydalanish, yer olib, dehqonchilik qilishga qiziqtirish uchun targ'ibot ishlari ham zarur. Mutasaddilar tumanda bu borada ishlar olib borilayotganini ta'kidladi.

    Jarayonga yanada ko'proq yoshlarni jalb qilish maqsadida hokim tashabbusi bilan fermerlar ko'magida 217 nafar yoshga yer tayyor holda topshirilib, hatto beg'araz ravishda agrotexnik tadbirlar o'tkazilib, urug' ekib berilibdi. Ular xorijdan olib kelingan jo'xori navlari ekilgan yerda ish boshlayapti. Bu navlardan 1 gektar maydondan 15 tonnadan 18 tonnagacha hosil olish mumkin. Daromad ham shunga yarasha bo'lishi kutilmoqda.

    Hudud ahlining aksariyatida chorva mollari bo'lgani bois, ular yem sifatida foydalanish maqsadida ko'pincha jo'xori ekar ekan.

    “Chirchiq” mahalla fuqarolar yig'inida istiqomat qiladigan 29 yoshli Laziz Ibragimov ham yer olgan yoshlardan biri. Qaramog'ida pensioner onasi bor. Oilasida uch o'g'il. Akasi va ukasi ham o'zi kabi ishsiz edi. Oilasiga hech kim e'tibor bermagan, mahalladan yordam ko'rsatilmagan bu yigit bir necha yil davomida asosan mavsumiy ishlagan. “Yoshlar daftari”ga kiritilgach, unga bir necha yo'nalishlarda o'qish yoki ishlash taklif etildi. Ammo Lazizga yer olib, dehqonchilik qilish ma'qul keldi.

    — Menga va ukamga “Maqsadbek Diazbek” fermer xo'jaligidan 25 sotixdan yer ajratildi, — deydi Laziz. — Bu erda yil yakunigacha foydalanish imkoniyatimiz bor. Zarur agrotexnik xizmatlari ko'rsatilib, xorijdan olib kelingan yuqori sifatli jo'xori urug'i ekib berildi. Barcha jarayonlarning boshida o'zim bo'ldim va qilingan ishlar meni xursand etdi. Aslida IT sohaga qiziqaman. Dasturchi bo'lib ishlash istagim bor. Iyun oyida tumanimizda IT park ishga tushishi rejalashtirilgan bo'lib, o'sha yerda o'qishni maqsad qilganman. Unga qadar dehqonchilik bilan shug'ullanib, oilamizga daromad kiritish harakatidaman.

    Hududda yoshlar bandligini ta'minlash maqsadida g'alladan bo'shagan maydonlardan takroriy ekin uchun 1 gektargacha yer ajratish ham yo'lga qo'yilgan. O'tgan yili 100 nafar yoshga mahallabay tarzda 100 gektar yer maydoni berilgan bo'lsa, bu yil 200 nafar yoshni jalb etish ko'zda tutilgan. Ular sabzavot ekib daromad olishi rejalashtirilgan.

    — Tumanimizda yaxshi tashabbusga qo'l urildi, — deydi Nodir Hojiyev. — “To'raev paxta-g'alla” fermer xo'jaligiga tegishli, xatlovda ortiqcha chiqqan 10 gektar yer ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor 40 nafar yoshga 25 sotixdan shartnoma asosida beg'araz ajratib berildi. Bu yerlarga bug'doy ekilgan, nihollar barq urib o'syapti. Hosil pishib etilgach, savob tariqasida bug'doyni o'rib, to uni yoshlarning uyiga to'kib berishgacha bo'lgan jarayonni ham hokimimiz va fermerning o'zi zimmasiga olgan. Hisob-kitoblarga ko'ra, har bir yoshga 1,5 tonnadan bug'doy to'g'ri keladi. Hosildan qanday foydalanish esa ularning ixtiyorida.

    Tumanda boshqa sohalarning etagini mahkam tutib, oilaviy daromadga hissa qo'shishga intilayotgan yoshlar ham ko'pchilikni tashkil etadi. Ularning ayrimlari xonadonida chorvachilik, parrandachilik bilan shug'ullanayotgan bo'lsa, ba'zilari imtiyozli kredit asosida issiqxonalar qurib, qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtiryapti. Bugungi kunda hududda 100 ga yaqin o'zini-o'zi band qilgan yoshlar bor.

    Ayni paytda yer olib, dala maydonlarida ish boshlagan yoshlarga zarur tavsiyalarni berish maqsadida agronomlar biriktirilib, mahorat darslari tashkil etilmoqda. Mutasaddilar bu orqali yigit-qizlarning vaqtincha dehqonchilik bilan shug'ullanishi emas, balki ularni qishloq xo'jaligiga ixtisoslashtirish, sohada yetarli tajribaga ega bo'lgan bo'lajak fermerlarni tarbiyalashni maqsad qilgan. Amalga oshirilayotgan bu sa'y-harakatlar, yaratilayotgan imkoniyatlar hududdagi boshqa yoshlarda ham yer olib, dehqonchilik qilishga qiziqish uyg'otsa, ajab emas.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri