Oʻzbekistonda Yaponiya texnologiyasi asosida xurmo mevasini quritish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi

    Birlashgan millatlar tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda 83600 tonna xurmo mevasi yetishtiriladi. Yetishtirilgan xurmo mevasining aksariyati dehqon va tomorqa xoʻjaliklar hissasiga toʻgʻri keladi.

    Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti, Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar universiteti hamda “Yaponiya – Oʻzbekiston” assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Samarqandda quritilgan xurmodan foydalangan holda qishloq aholisi daromadlarini rivojlantirish” xalqaro loyihasi doirasida amaliy seminar oʻtkazildi.

    Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar universiteti professorlari xurmoni tabiiy quritish texnologiyasi va bunday quritilgan xurmoning bozor bahosi, daromadi toʻgʻrisida keng maʼlumot berdi.

    Bugungi kunda, Yaponiya texnologiyasi asosida 1 dona quritilgan xurmo bahosi kun chiqar mamlakatda $ 3-10 dollarni tashkil etadi. Shu oʻrinda, Oʻzbekistonda ham bunday texnologiya asosida xurmo mevasini quritish imkoniyatlari mavjud boʻlib, quritilgan xurmoni ichki bozorga hamda eksportga yoʻnaltirish orqali qishloq aholisi bandligi va ularning daromadini oshirish mumkin.

    — Bir tonna xurmo mevasidan 300 kilo quritilgan xurmo olinadi, — deydi institut rektori Shavkat Hasanov. — Sifatli hosil olish uchun avval xurmo daraxtini yaxshi parvarish qilishni bilish kerak. Yaxshi parvarish qilingan daraxtdan katta-katta xurmo mevalari olinadi. Aksincha daraxt yaxshi parvarish qilinmasa, uning mevasi kichik boʻlib ketadi.

    Tadbirda, fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda tomorqa yer egalar, shuningdek institut talabalari ishtirok etdi. Dastlab, seminar ishtirokchilariga yaponiyalik olimlar tomonidan nazariy bilim berildi. Soʻngra xorijlik olimlar qanday qilib xurmo mevasini quritish usullarini amalda koʻrsatib berdi.

    Joriy yilda institutda xurmo mevasini quritish amaliyoti tajriba sifatida olib borilyapti. Bunda 3 tonna xurmo mevasini quritish uchun issiqxona hozirlandi. Xurmo quritishni oʻrganishni istovchi tadbirkorlarga ushbu amaliyot batafsil oʻrgatiladi. Dasturga asosan, loyiha 2026-yilgacha Oʻzbekistonda fermer, dehqon va tomorqa xoʻjaliklarida amalga oshirish rejalashtirilgan.


    Hamkorlik materiali