Ilgʻor gʻoya va tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish taraqqiyotga erishishning muhim bosqichi sanaladi. Prezidentimizning 2021-yil 3-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar koʻrsatishni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash orqali tadbirkorlik subyektlariga ilmiy asoslangan axborot, zamonaviy xizmatlarni koʻrsatish, ishlab chiqarishga ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni keng joriy etish, agroxizmatlar koʻrsatish tizimining uzviy integratsiyasi taʼminlanmoqda. Shuningdek, bugungi kunda sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qishloq xoʻjaligi vazirligining tegishli buyrugʻi bilan viloyatlarda agroxizmatlar markazi faoliyati tashkil etildi.
Iqtisodiy oʻsish ham, ijtimoiy farovonlik ham bevosita innovatsiyalarga bogʻliq. Sohada yangilik yaratish, hosildorlik va tuproq unumdorligini oshirish muhim jarayon sanaladi. Bugun yurtimiz qishloq xoʻjaligi rivojlangan mamlakatga aylanib bormoqda. Bunda ajdodlarimiz asos solgan dehqonchilik madaniyati va boy tajribasidan unumli foydalanilayotgani, sohada ilm-fan va ishlab chiqarishni oʻzaro uzviy bogʻlab, erkin bozor munosabatlariga xos tamoyillar joriy etilayotgani qoʻl kelmoqda.
Samarqand viloyati Аgroxizmatlar markazida xizmat turlarini kengaytirish maqsadida Xitoy, Malayziya, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya davlatlari hamda mahalliy tashkilotlar bilan jami 12 ta memorandum imzolanib, hamkorlikda ilmiy, amaliy, metodik xizmatlar koʻrsatib kelinmoqda.
Samarqand viloyati agroxizmatlar markazi tomonidan 2024-yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Hukumatning 19 ta Qaror va Farmonlari tegishli bandlarining ijrosi taʼminlandi.
Chinakam daromad manbaiga ega boʻlish uchun esa yangi texnologiyalar va innovatsion usullardan oʻrinli foydalanish zarur. Axir, zamon oʻzgarib, sohalar jadal taraqqiy etayotgan vaqtda yer bilan til topishish ham oson boʻlmayapti-da.
2024-yilning 3-iyundan boshlab Samarqand viloyatining 14 ta tumanida agromaslahatchilar oʻz ish faoliyatini boshladi. Ular tomonidan muntazam ravishda fermer va dehqon xoʻjaliklariga qishloq xoʻjaligida yangi bilim va innovatsiyalarni joriy qilish natijasida viloyatda 891,1 ming tonna gʻalla, 227,4 ming tonna paxta, qariyb 3,9 million tonna sabzavotlar, 765 ming tonna kartoshka, 189 ming tonna poliz mahsulotlari, 397 ming tonna mevalar, 679 ming tonna uzum, 3,9 ming tonna pilla, 339 ming tonna goʻsht hamda 1,5 million tonna sut tayyorlashga erishildi.
Qishloq xoʻjaligi uchun eng zarur manba suv, albatta. Dunyo boʻyicha 70 foiz toza suv mazkur soha uchun sarflanadi, achinarlisi, uning 50 foizdan ortigʻi isrof boʻladi. Zamonaviy texnologiyalar esa bizga nafaqat oldimizdagi bu kabi muammoli vazifalarni tez va samarali bajarishimizga yordam beradi, balki koʻplab yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Suvni tejash va undan samarali foydalanish maqsadida joriy yilda 47,2 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi.
Shuningdek, joriy yilda birinchi marta paxta maydonlarining 10 foiziga tajriba sinov tariqasida xorijiy paxta navlari ekildi. Tumandagi agromaslahatchilar tomonidan berilgan tavsiyalar hamda agrotexnik tadbirlarni ilm va innovatsion elementlarni toʻgʻri va manzilli joriy qilish oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsatdi. Shu oʻrinda joriy yilda 79 ta fermer xoʻjaliklarida hosildorlik 50 sentnerdan oshdi.
Qolaversa, Ishtixon, Narpay, Paxtachi, Kattaqoʻrgʻon, Jomboy va Bulungʻur tumanlaridagi agromaslahatchilarning tavsiya va maslahatlari natijasida boshoqli don yetishtirishda oʻrtacha hosildorlik gektaridan 87-90 sentnerni tashkil etib, viloyatda 252 ta fermer hosildorlikni 100 sentnerdan oshirdi.
Hozirgi kunda global miqyosda inson faoliyatining deyarli barcha sohalarida raqamli texnologiyalardan foydalanish tez surʼatlar bilan rivojlanib bormoqda. Qishloq xoʻjaligi ham bundan mustasno emas. Shu bois mamlakatimizda ham soʻnggi yillarda tarmoqda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bir qatorda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Joriy yilning 26-avgust kuni Xitoy Xalq Respublikasi Shensi provensiyasi va Samarqand viloyati agroxizmatlar markazi bilan intellektual ishlab chiqarishni rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, biotibbiyot yoʻnalishlarida, innovatsion loyihalarni tijoratlashtirish, ishlab chiqaruvchi subyektlarga yetkazish bilan bogʻliq xizmatlarni tashkil etish maqsadida ikki tomonlama memorandum imzolandi.
Sohada faoliyat olib borayotgan mutaxassis sifatida Jomboy, Pastdargʻom va Narpay tumanlarida yengil konstruksiyali materiallardan foydalangan holda yangi koʻchma bino tashkil etish hamda fitosanitariya, tuproq, suv tahlili hamda kimyoviy tahlil koʻchma laboratoriyalari bilan jihozlashni taklif etmoqchiman. Bunday yondashuv orqali joylarga laboratoriya tahlili asosida xizmatlar koʻrsatiladi. Buning natijasida esa hududlarining tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib qishloq xoʻjaligi ekinlarini navlar boʻyicha toʻgʻri joylashtirishga, oʻsimliklarning kasallik va zararkunandalarga qarshi oʻz vaqtida kurash choralarini koʻrishga hamda yuqori sifatli hosil olishga erishiladi.
Ilm-fan har qaysi iqtisodiy sohaning asosiy natijadorligini belgilaydi. Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda sohadagi oʻzgarishlar jadal tus olib, qishloq xoʻjaligi, uning mahsuldorligi, yer va suv resurslariga boʻlgan munosabatga yondashuv tubdan oʻzgardi. Fermer va dehqon xoʻjaliklaridan tashqari klaster va kooperatsiyalar ham sahnaga chiqib, toʻliq ishlab chiqarish zanjiri yaratildi. Soha vakillari oldida esa innovatsion, resurstejovchi texnologiyalarni yanada keng joriy etib, qoʻshilgan qiymat zanjirini yaxshilashdek muhim vazifa turibdi.
Alisher NARBAYEV,
Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar
milliy markazi huzuridagi
Samarqand viloyati Agroxizmatlar markazi direktori