Oybek Qosimov Osiyo Olimpiya kengashining “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi

    Bangkokda Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) 43-Bosh Assambleyasi oʻz ishini boshladi.

    Dastavval, OOKning amaldagi rahbari Raja Randxir Singx barcha delegatlarni qutlab, kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirdi. Assambleya Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Prezidenti Tomas Baxning OOK oilasiga yoʻllagan murojaati bilan boshlandi.

    Shundan soʻng uzoq yillar qitʼamizda Olimpiya harakati rivojiga hissa qoʻshgan mutasaddilarga OOKning eng nufuzli sovrini – «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni topshirildi.

    Ahamiyatlisi, ulardan biri Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Qosimovga tantanali ravishda taqdim etildi. Oybek Omilovich mukofotni Raja Randxir Singxdan qabul qilib oldi.