Ona tabiat – insoniyatning umumiy uyi va kelajagi

    Fikr 7 Dekabr 2024 519

    Uni asrab qolaylik!

    Biz juda koʻp ekologik muammolar yuz berayotgan tahlikali dunyoda yashayapmiz. Odamzod ehtiyojlari natijasida atmosferaga turli gazlar taʼsiri, biosfera oʻzgarishi, yerdagi harorat oshib borishi, dengiz sathi koʻtarilishi bilan turli tabiiy ofatlar yuzaga kelmoqda.

    Ozon qatlami yemirilishi, chuchuk suv tanqisligi, yerning yashil qoplami kamayishi, issiqxona gazlari chiqindilari koʻpayishi va yerning meliorativ holati oʻzgarishi, tabiiy resurslar kamayishi, shaharsozlik, urbanizatsiya jarayonlari umumbashariy muammolardan hisoblanadi. Eng achinarlisi esa bioxilma-xillikning yoʻqolib ketishi, oʻsimlik va jonivorlar qirilib bitishidir. Bepoyon oʻrmonlar kesilishi, suv va havo ifloslanishi natijasida tabiatda ekotizim muvozanati buziladi. Aytish kerakki, bularning barchasi insonlarning tabiatga koʻrsatayotgan salbiy taʼsiri oqibatidir. Turli sanoat korxonalari, qishloq xoʻjaligi va maishiy chiqindilar nafaqat tabiatga, insonlar salomatligiga ham, albatta, putur yetkazadi.

    Shahar va qishloqlarda chiqindi miqdori ortib borishi turli kasalliklar koʻpayishiga va tabiiy resurslar kamayishiga olib keladi. Bu muammolar yechimi esa murakkab va har tomonlama yondashuvni talab qiladi.

    Avvalo, insonlar orasida ekologik ong va madaniyatni oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatni boshqarish sohasidagi intellektual va ilmiy salohiyatdan toʻliq foydalanish darajasini koʻtarish muhim ahamiyatga ega. Chunki inson bugun tabiatga boʻlgan munosabatining javobini ertaga, albatta, oladi.

    Butun dunyoda kuzatilayotgani kabi mamlakatimizda ham ekologiya bilan bogʻliq muammolar tobora dolzarblik kasb etib bormoqda. Bugungi kunda energetika, qishloq hoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik kabi sohalarda yanada taraqqiy etish, bunday vaziyatlarning ekotizmga taʼsiri oldini olish, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga doir muammolarga yechim topish maqsadida soha mutaxassislari tomonidan qator chora- tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

    Zero, mamlakatimizning bosh qonuni – yangi tahrirdagi Konstiutsiyada belgilab qoʻyilganidek: «Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi».

    Bu borada 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, Prezidentimizning 2022-yil 2-dekabrda “2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining «yashil” iqtisodiyotga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorni qabul qilishi yurtimizning “yashil” istiqboliga keng yoʻl ochdi. Bunda qatʼiy belgilangan issiqxona gazlari qisqartirilishi, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish unumdorligi oshirilishi, elektr energiyasi sarfi hajmi kamaytirilishi, suvdan foydalanish va suv tejovchi sugʻorish texnologiyalari joriy etilishi, yiliga 200 million koʻchat ekish va umumiy sonini 1 milliarddan oshirish, respublika oʻrmon fondi zaxiralari koʻrsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa yetkazish, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini oshirish, sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish kabi ustuvor yoʻnalishlar “yashil” Oʻzbekistonning kelgusi strategik maqsadlarini samarali amalga oshirish mexanizmi boʻlib xizmat qilmoqda. Mamlakatimizning ekologik himoyasini mustahkamlovchi qonunlar va “yashil” islohotlar xalqimiz hayotida bugun oʻz amaliy ifodasini topmoqda.

    Joriy yil 21-oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda rejadagi ishlarning davomi sifatida Nukus, Arnasoy, Qorakoʻl va Muborak tumanlarida keyingi yil suvsizlik va shoʻrga chidamli galofit oʻsimligidan iborat 4 ta bogʻ barpo qilinishi taʼkidlandi. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmning 250 ming gektar choʻlida suv talab etmaydigan saksovul, qandim, cherkez urugʻlari dron bilan ekiladi. Bahor mavsumidan oʻrmon xoʻjaliklaridan sogʻlom onalik plantatsiyasini tanlash orqali yiliga 1,5 ming tonna urugʻ tayyorlanadi.

    Janubiy Koreya tajribasi boʻyicha suvsizlikka chidamli, iqlim sharoitiga mos yopiq ildizli konteyner va in-vitro usulida 2 million koʻchat olish yoʻlga qoʻyiladi. Mahmud Mirzayev nomidagi institutning Samarqand, Xorazm, Toshkent va Fargʻona vodiysidagi yerlarida yiliga 10 million dona mevali daraxt va buta nihollari yetishtiriladi.

    Koʻchat ekish ishlarini tashkil etishda “mahalla yettiligi” vakillari oʻziga biriktirilgan koʻchalarda 100 tupdan jami 6 million dona manzarali daraxt oʻstiradi; boshqa koʻchalar, boʻsh maydonlar va koʻp qavatli uylar atrofida 3 million tup koʻchat ekiladi; umuman, mahallalarda 20 million dona manzarali va mevali daraxt eksa boʻladi.

    Shu vatanda tugʻilib, uni muqaddas deb bilgan barcha yurtdoshlarimizni jiddiy oʻylashga daʼvat etayotgan va bunyodkorlikka chorlayotgan bu kabi vazifalar, albatta, kelajak avlod hayot uchun qilinayotgan ishlardan baʼzilaridir.

    Ona tabiatni uning bagʻridagi yashil xazinalari bilan saqlab qolish va bizdan keyingi avlodlarga musaffo, sof holida yetkazib berish yoʻlida jahon xalqlari birlikda, hamkorlikda harakat qilishi juda muhim. Shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim xatarlarini aniqlash uchun yetakchi davlatlar va xalqaro institutlarning texnik koʻmagini kengaytirish dolzarbdir.

    Davlatimiz rahbarining BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Boku shahrida oʻtkazilgan konferensiyasi (COP29)dagi nutqida iqlim oʻzgarishlari, ekologik muammolar bugungi kundagi global tahdid ekani asosli ravishda taʼkidlandi. Buning taʼsiri, ayniqsa, Markaziy Osiyoda oshib borayotgani va aholi turmush tarzini yuksaltirish va taraqqiyot strategiyalarini roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qilayotgani dadil aytildi. Geosiyosatning keskinlashuvi oziq-ovqat, suv resurslari, energetik xavfsizlik masalalarida muammolarni kuchaytirib yuborishi ochiq bildirildi. Mintaqada havo harorati jadal oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik va joriy yuz yillikda haroratni 1,5-2 daraja atrofida saqlab qolish bosh maqsadimiz ekani taʼkidlangani muammoning umumbashariy va toʻxtatib boʻlmas ekani, zudlik bilan qatʼiy choralar koʻrish talab qilinishini koʻrsatadi. Bu qarash dunyo xalqlarini kutilayotgan tahdid qarshisida birlashishga chorlab, insoniyat, qolaversa, sayyoramizning yashil kelajagini saqlab qolish borasida davlatlararo doʻstlik va hamjihatlikning ahamiyatini koʻrsatib beradi. Zero, inson omili tufayli sodir boʻlayotgan iqlim oʻzgarishlari va ularning zararli oqibatlari hech bir davlatni chetlab oʻtmasligi koʻrinib turgan haqiqatdir.

    Bu borada yurtimizdagi uglerod neytralligiga erishish boʻyicha keng miqyosdagi islohotlar, 2030-yilgacha havoga isciqxona gazlari chiqarilishini 35 foiz kamaytirish rejasi ishlab chiqilgani va bu majburiyatni 2050-yilga qadar yanada kengaytirishga doir koʻrsatmalar mamlakatimiz yetakchisining dunyo darajasidagi islohotchi, kuchli strateg, asl kelajak bunyodkori, insonparvarlik gʻoyalar ijodkori ekanini amalda yana bir bor isbot qildi. Bundan tashqari, Orolboʻyi mintaqasining ijtimoiy-ekologik muammolarini hal etish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, bioxilma-xillikni saqlashga qaratilgan beshta tashabbusning ilgari surilishi jahon davlatlarining eʼtibori va eʼtirofiga sabab boʻldi. Albatta, bugungi kunda butun dunyo olimlari sayyoramizning tabiiy yashil kelajagini saqlab qolish uchun kurashmoqda. Bu borada Londondagi Xalqaro amaliy tizimli tahlil instituti (IIASA) va Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti olimlari tomonidan iqlim bilan bogʻliq xavf-xatarlar yuzaga keladigan hududlarning ilk global xaritasi yaratilishi muhim voqelik boʻldi. Mazkur xarita iqlimdan eng koʻp zarar koʻrgan mintaqalarni aniqlash va misli koʻrilmagan issiqlik tufayli ortib borayotgan xavfni bartaraf etish yoʻlidagi ahamiyati bilan dolzarbdir.

    Mamlakatimizda soʻnggi yillarda “Yashil makon”, “Yashil belbogʻ”, “Mening bogʻim” umummilliy loyihalari doirasida mahalla bogʻlari yaratish, shuningdek, maktab va bogʻchalar, oliygoh va shifoxona hududlariga koʻplab mevali va manzarali daraxtlar ekish, madaniy oʻrmonlar barpo etish boʻyicha kechayotgan islohotlar xalqimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Atrof-muhit ifloslanishi va tabiiy qatlamlar bilan bogʻliq global muammolarni nazarda tutgan holda ekologiya sohasida yangi formatdagi zamonaviy bilim va tajribalar asosida salohiyatli, innovatsion mutaxassislar va ekspertlar tayyorlash, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish maqsadida qator strategiya va konsepsiyalar qabul qilinmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) tashkil etilgani va viloyatlarda mazkur oliygoh filiallari, texnikumlari faoliyatini tashkil qilish bilan bogʻliq amaliy ishlar yurtimiz tabiatini asrashga qaratilgan navbatdagi muhim qadamdir. Quvonarlisi, endi bu ilm maskani xalqaro reytinglarda yetakchi oʻrinlarni egallagan jahonning “yashil” universitetlari bilan strategik hamkorlik aloqalarini oʻrnatishi hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻrmon xoʻjaligi va gidrometeorologiya sohasida yetuk mutaxassislarni, ona tabiatni asraydigan “ishonchli qoʻllar”ni tayyorlashi mumkin. Bunday xayrli loyihalarni yaratish va amalga tatbiq etish ishlari mamlakatimizda davom etmoqda, “Yashil makon”, “Yashil iqtisodiyot” tushunchalari xalqimiz ongiga chuqur kirib bordi.

    Barchamiz toʻgʻri anglagan bir haqiqat borki, yashil sayyora – insoniyatning umumiy uyi, vatani va avlodlar ertasi. Behisob kislorod manbai boʻlgan najotbaxsh yashillikning qurib bitishiga aslo yoʻl qoʻymasligimiz, chuchuk suvni tejashimiz, zaharli chiqindilar tabiatni ayovsiz qirishiga jim qarab turmasligimiz shart. Buning uchun, avvalo, oʻzimizda ekologik madaniyatni shakllantirish, ziyoli sifatida atrofimizdagi insonlarni ona tabiat sofligi yoʻlida ergashtirish va birgalikda harakat qilishimiz asosiy insoniylik burchimizdir.

    Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

    pedagogika fanlari doktori, professor