Mamlakatimizda iqlim oʻzgarishining oldini olish, uning salbiy taʼsirini kamaytirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq sohani tartibga soluvchi qonun va normativ baza yaratilmaganligi issiqxona gazlarining chiqarilishini kamaytirishda iqtisodiy, texnologik va ekologik yoʻnalishlar boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini cheklamoqda.
Sohani xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish taqozo etilmoqda.
Qonunda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish natijasida hosil boʻladigan uglerod birliklari muomalasini amalga oshirishning tartibini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishining tizimli nazoratini taʼminlashga eʼtibor qaratilgan.
Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklashning asosiy prinsiplari, monitoringi, hisoboti va verifikatsiya tizimi asoslari, tartibi, qisqartirilgan issiqxona gazlariga egalik qilish huquqlari belgilanmoqda.
Senatorlar tomonidan taklif etilayotgan Qonun bugungi kun uchun juda ham muhimligi, lekin unda qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar ham mavjudligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Jumladan, “issiqxona gazlari” tushunchasini qayta koʻrib chiqish, mahalliy Kengashlar yoki ijro hokimiyatining issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi vakolatlarini aniq taqsimlash, Qonunning ayrim moddalarini chiqarib tashlash lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, Qonunda vakolatli davlat organlarini aniq ochib berish, issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi davlat organlarining vakolatlarini qayta koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Senatorlar Qonun kelgusida huquqni qoʻllash amaliyotida ayrim nomuvofiqliklarni va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmasligi, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga mos kelishi lozim, degan xulosaga keldi.
Muhokama yakunida ushbu Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.