Bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari yoshlari bilan oʻqishda ham, ishda ham, kasb-hunar sportda ham bellashishga qodir boʻlib yetishayotgan yoshlarimiz shu davrning mevalaridir. Boisi, Muhtaram Prezidentimiz hamisha yoshlarimizda zamonaviy bilimlarni mustahkamlash, ilm sifatini va salohiyatini oshirish, professional taʼlimni kuchaytirish, sport sohasini dunyo miqyosida rivojlantirish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida eʼtibor qaratadi. Kelajagimiz vorislari ongu shuuriga singdirayotganimiz – “Najot taʼlimda, najot tarbiyada, najot ilmda” ekanini bugun taʼlimning tinchlik va taraqqiyot yoʻlidagi ahamiyati yaqqol koʻrsatib turibdi.
Insoniyatning hamisha ilm-maʼrifatga, foydali mehnat qilib, hunar egallashga, sogʻlom muhitga tashnaligi jamiyat irodasi bilan chambarchas bogʻliq jarayondir. Aynan shu izlanuvchan insonning jamiyatda oʻrni, hurmati, qadr-qimmati boʻladi.
Bugun har bir oila idealiga aylangan va yaqinda Parij afsonalarida paydo boʻlgan oʻzbek farzandlari ham boshini baland koʻtargan, millatning gʻururi va shaʼni ne ekanini yurakdan chuqur anglagan, “gʻalaba – men uchun” deya marrani katta olgan yoshlarimizning bir boʻlagidir. Hali bu millatda millionlab Diyoralar, minglab Lazizbek va Asadxoʻjalar, Yorqinbek kabi mohir farzandlarimiz yetishib kelmoqdaki, kelgusida jahon maydonlarida “Oʻzbekiston” degan nom qayta va qayta jaranglaydi.
Parij-2024 XXXIII Para Olimpiya oʻyinlari oltin medali sohibi Yorqinbek Odilov oʻsha faxrli damlarni yodga olar ekan, uning har bir soʻzi yoshlarimiz uchun muhim motivatsiya va mashʼal boʻla oladi:
— Sogʻlom odamlar safiga qoʻshilish oson boʻlmadi. Lekin hammasini uddaladim. Parij-2024 oʻyinlari men uchun alohida ahamiyatga ega maydon boʻldi. Allohga shukur, shunday gʻalabaga qodir qildi va prezidentimiz, xalqimiz, oilam oldida yuzim yorugʻ boʻldi. Har safar olimpiada oʻyinlarida ishtirok etganimda yonimda xalqim turganini his qilaman va bu menga ilhomlantiruvchi kuch beradi”, — deydi Yorqinbek Odilov.
Shunday oʻgʻlonlarimiz misolida bugun xalqimiz farzandlariga bergan mehri va muhabbati, tarbiya va koʻmagining mevasini tatiyotgani haqiqat.
Yangi Oʻzbekiston tarixida roʻy bergan quvonarli voqelik — Abduqodir Husanovning muvaffaqiyati esa butun xalqimizga faxr-iftixor bagʻishladi. Abduqodir oʻz harakati, intilishi va mahorati bilan mamlakat rahbari sport rivoji uchun qilayotgan islohotlarning yurtga, millatga nima berishini amalda koʻrsatib qoʻydi. Ikkita turli “kuchli beshlik” chempionatida oʻynagan birinchi oʻzbek futbolchisining jurnalistlar savollariga bergan javoblari esa bugun hech bir vatandoshimizni befarq qoldirmayapti.
“Siz Premer Ligada oʻynaydigan birinchi oʻzbek oʻyinchisiz. Bu gʻurur oni boʻlsa kerak?
— Ha, bu faqat men uchun emas, butun Oʻzbekiston uchun. Birinchi oʻzbek Manchester Citida. Bu hali boshlanishi. Oʻzbeklar hali koʻp keladi Angliyaga.
— Jahon chempionatiga Oʻzbekiston biror marta ham chiqmagan. Qanday rivojlanyapti futbol u yerda?
— Juda yaxshi rivojlanyapti. Bir qadam qoldi Jahon chempionatiga chiqishimizga.
Mana, koʻz oʻngimizda haqiqiy kelajak egasining javobi! Umid yuqori, ishonch baland, eng muhimi esa, sportni qanchalik sevsa, yurtini shu qadar sevadi, yutuqlarini kutadi.
Eʼtirof etish zarurki, shunday vatanparvar, shijoatli yoshlar uchun bu yurtda munosib ragʻbat bor, ochilmagan eshikning oʻzi yoʻq. Imkoniyat deysizmi, imtiyoz deysizmi, farzandlarimiz uchun hamisha shay. Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim va tarbiya va sport ekanligini yosh-qari chuqur anglagan davrda yashayapmiz.
Fikrimizning yorqin dalili sifatida sport bilan birgalikda professional taʼlim tizimiga eʼtibor qaratsak:
Yoshlarni kasb-hunar bilan taʼminlash borasida qilinayotgan ishlar professional taʼlim tizimiga ham katta oʻzgarishlar olib kirdi. Oʻzbekiston Respublikasida Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uygʻunlashgan yangi boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimi hamda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlari joriy etiladigan yangi professional taʼlim muassasalari tarmogʻi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Quvonarlisi, endilikda kasb-hunar oʻqitish koʻlami kengayib, yoshlarning taʼlim olish imkoniyatlari yanada kengaydi, kechki, sirtqi va dual taʼlim shakllari yoʻlga qoʻyildi.
Oʻtgan yilning oʻzida kasb-hunarga oʻqitish amaliyoti joriy etilgan maktablar soni 289 taga, yangi baholash tizimi joriy etilgan maktablar soni 1 500 taga, ikkinchi xorijiy til oʻqitiladigan maktablar soni 354 taga yetkazildi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda 704 ta (330 ta kasb-hunar maktabi,
166 ta kollej xamda 208 ta texnikumlar) professional taʼlim muassasalarida 375 ming nafardan ortiq oʻquvchilarga kasb-hunarga oʻqitilmoqda.
Maktablarda xorijiy tillarni ommalashtirish maqsadida xorijiy davlatlardan 500 nafar chet tili fani oʻqituvchilari jalb etildi. Til bilish boʻyicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega xorijiy til oʻqituvchilarining soni 29 ming nafardan oshirildi. Inklyuziv taʼlim joriy etilgan maktablar soni 947 taga yetkazilib, unga 2 ming nafarga yaqin oʻquvchi qamrab olindi. Dual taʼlim yoshlar uchun muhim dastak boʻlib, amaliyot bilan nazariya uygʻunligini koʻrsatib bermoqda. Hozirda 15 ming talaba 957 ta tegishli korxonalarga biriktirilgan. Shunday qoʻllab-quvvatlash va kasb-hunarga toʻgʻri yoʻnaltirish natijasida yoshlarimiz oʻz sohasida ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.
Jumladan, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali AQSH va Buyuk Britaniyaning eng nufuzli universitetlarini 50 nafar yigit-qiz bitirdi. Bugungi kunda ularda oʻqiyotgan vatandoshlarimiz 200 dan oshdi.
Bu natijalarni tahlil qilar ekanmiz, yoshligida bahodirlar, Toʻmaris malikalar, alplar toʻgʻrisida ertagu dostonlar eshitib, alloma-donishlar, dunyo tamadduniga beshik boʻlgan ilm dargʻalari hikmatlarini uqib ulgʻaygan dono xalqning farzandlari yo oʻqishda, yo hunarda va yo sportda shu ona Vatanning koriga yarashni yuragiga farzandlik burchi, maqsadi qilib joylayotganiga dildan quvonamiz.
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori,
professor
Hamkorlik materiali