Uchrashuv avvalida yoshlar “xalqimizning oltin fondi”, deb atalgani bejiz emas. Zero, farzandlari bilimli, isteʼdodli mamlakatning istiqboli, albatta, yorugʻ boʻladi. Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yigit-qiz kirib kelmoqda. 2030-yilga borib, bu koʻrsatkich 1 millionga yetadi.
Endi Prezidentimiznig tegishli qarori bilan oliy oʻquv yurti bitiruvchilarining bandligini taʼminlash boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar yoʻnaltirilib, yoshlarning tashabbus va gʻoyalarini loyihaga aylantirish boʻyicha bank xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash boʻyicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi.
Hozir dunyodagi nufuzli universitetlarda 1500 dan ziyod oʻzbekistonlik tahsil olayotgani, avvalgi 25-yilda davlat hisobidan 800 yigit-qiz xorijga oʻqishga ketgan boʻlsa, birgina “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali soʻnggi 7-yilda bu koʻrsatkich qariyb uch barobar oshib, 2300 vatandoshimiz shunday imkoniyatga ega boʻldi.
Yigʻilishda chekka hududlarda chet tillarga ixtisoslashgan oʻquv markazlari ochgan malakali yoshlarga 120 million soʻmgacha foizsiz ssuda berilishi, shuningdek, xususiy oʻquv markazlarida xorijiy tillarni oʻrganadigan yoshlarga toʻlovi “2+6” shaklida qoplanishi, kambagʻal oilalar farzandi foizsiz taʼlim krediti, qoʻshimcha grant, shartnoma toʻloviga yordam orqali oʻqishga ragʻbatlantirilishi maʼlum qilindi. Bu barcha yoshlar va ota-onalar uchun quvonchli xabar boʻldi. Zero, buning natijasida koʻplab yigit-qizlarning orzu-istagi roʻyobga chiqadi. Ular ham tengdoshlari qatori bilim olish, yurt rivojiga hissa qoʻshish imkoniga ega boʻladi.
Davlatimiz rahbari yoshlarning taklifini maʼqullab, ularni har doim qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirayotgan, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgan bir paytda biz – taʼlim sohasi vakillari ham islohotlarni qoʻllab-quvvatlash va amalga oshirish yoʻlida kuch-gʻayratimizni ayamaymiz.
Xususan, Andijon davlat chet tillar instituti xorijiy tillarni oʻrganish istagidagi yoshlarni kengroq qamrab olish maqsadida viloyatda “Garvardchilar maktabi”ni tashkil etish tashabbusi bilan chiqmoqda. Ushbu tashabbus orqali hududdagi 10 mingdan ortiq yigit-qiz xorijiy tillarni oʻrganish hamda kelgusida oʻzi istagan oliygohlarga kirish imkoniyatiga ega boʻladi. Institutimiz bu borada yoshlar iqtidorini roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor qaratadi.
Britaniya kengashining yurtimizdagi vakolatxonasi hamda AQSHning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Garvardchilar maktabi”ga tajribali oʻqituvchilarni jalb qilgan holda, innovatsion pedagogik metodikalar va raqamli resurslardan, xususan, interaktiv onlayn platformalardan foydalaniladi. IELTS, TOEFL va boshqa xalqaro imtihonlarga tayyorgarlik uchun maxsus kurslar tashkil etiladi. Xalqaro sertifikatlash markazlari bilan hamkorlik qilinadi. Bunda turli yosh toifalari uchun maxsus dasturlar ishlab chiqiladi. Oʻquvchilar va talabalar uchun interaktiv platforma yaratish koʻzda tutilmoqda.
Yoshlarning iqtidorini roʻyobga chiqarish va chet tillarni oʻrganishini ragʻbatlantirish maqsadida viloyatimizdagi maktablarning 9- va 11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida anʼanaviy tashkil etiladigan “Rektor olimpiadasi” qamrovini avvalgi yillardagi 5000 dan 10 mingga yetkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Shuningdek, maktablarda institutimiz kafedralariga biriktirilgan chet tillarga ixtisoslashgan sinflar ochishni ham koʻzlaganmiz. Bu bizga qishloq va chekka hududlardagi iqtidorli yoshlarni aniqlash va qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi.
Mamlakatimizda yoshlarga yuksak eʼtibor ularning sifatli taʼlim olishi va imkoniyatlarini toʻliq roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi. Oʻz navbatida, yigit-qizlarimizning keng bilim, tafakkur va tajribaga ega boʻlishi Oʻzbekistonning iqtisodiy hamda ilmiy salohiyatini yuksaltiradi, jamiyatimizni yangi bosqichga olib chiqadi. Amalga oshirilayotgan barcha tashabbus va islohotlar kelajakda oʻz samarasini berishiga ishonchimiz komil. Biz esa belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini sifatli, samarali taʼminlashda tashabbuskor boʻlishimiz lozim.
Dilshodbek RUSTAMOV,
filologiya fanlari doktori, professor
Hamkorlik materiali