Uchrashuvda Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligining asosiy yoʻnalishlari muhokama etildi. Ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonchli munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning mustahkam poydevori ekanligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, yoshlar va kadrlar siyosati masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va rahbarlarning yangi avlodini tarbiyalash boʻyicha tajriba almashish va qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishdan tomonlar manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Taʼlim sohasidagi hamkorlikning ijobiy surʼati qayd etildi: Rossiya oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar soni tobora ortib bormoqda. Oʻzbekistonda Rossiyaning bir qator yetakchi universitetlari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.