“Oʻzgidromet“ agentligining xabar berishicha, 6-7-iyun kunlari respublika hududiga nisbatan salqin va nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. 6-iyunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida, 7-iyunda Toshkent, Surxondaryo viloyatlarida va Fargʻona vodiysi viloyatlarida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Havo harorati asta-sekin pasayishi kutilmoqda. 6-iyunda shimolda, janubda va choʻl hududlarda, 7-iyunda markaziy va sharqiy viloyatlarda harorat 28-33 darajagacha, yomgʻir paytida 25-27 darajagacha pasayadi. 8-iyunda Oʻzbekistonning barcha hududi boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi va harorat 2-3 darajaga koʻtariladi.
Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda. 5-6-iyunda ayrim joylarda baʼzida 20-22 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Toshkentda: bugun kunduzi havo kam bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat 36-38 daraja boʻladi. 6-iyunda havo oʻzgarib turadi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 33 daraja atrofida boʻladi. 7-iyunda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Harorat 27-29 darada boʻladi. 8-iyunda yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat 33-35 daraja boʻladi.