Ushbu ish haftasida respublika boʻylab nam havo massasi saqlanib turadi

    Yashil sayyora 9 Iyun 2025 881

    Ushbu ish haftasi davomida Oʻzbekiston hududi boʻyicha nisbatan nam havo massasi sirkulyatsiyasi davom etadi, havo harorati iqlim meʼyorlari atrofida boʻladi.

    “Oʻzgidromet“ agentligining xabar berishicha, bugun 9-iyun kuni respublika boʻyicha baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

    10-11-iyun kunlari Oʻzbekistonning shimoli-gʻarbida, 10-13-iyunda markaziy viloyatlar va Fargʻona vodiysida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Respublikaning choʻl hududlarida va janubida yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 30-35 daraja atrofida, janubda 37 darajagacha boʻladi.

    9-iyun va 12-13-iyunda respublika boʻyicha shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

    Togʻ oldi va togʻli hududlarda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq kuzatiladi. 9-iyunda yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

    Toshkentda: bugun 9-iyunda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda echsadi, 12-15 m/s gacha kuchayishi, baʼzi joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin. 10-iyunda yogʻingarchilik kutilmaydi.

    11-iyunda kechasi va ertalab qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin, kunduzi yogʻingarchilik kutilmaydi. 12-13-iyunda biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Harorat 9-13-iyunda kechalari 21-23 daraja, kunduz kunlari 33-35 daraja boʻladi.