TDYUU huzuridagi akademik litseylar bitiruvchilarini suhbat asosida oʻqishga qabul qilish tartibi belgilandi

    Ta'lim 18 Iyun 2025 1319

    Hukumat qarori (374-son, 18.06.2025-y.) bilan “Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini “yurisprudensiya” yoʻnalishi mavjud oliy taʼlim tashkilotlariga suhbat asosida test sinovlarisiz oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida”gi vaqtinchalik nizom qabul qilindi.

    Nizom 2023/2024 va 2024/2025 oʻquv yillarida TDYUU huzuridagi akademik litseylarga qabul qilingan oʻquvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.

    Bitiruvchilar 20-iyunga qadar oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriatiga suhbat asosida test sinovlarisiz oʻqishga kirish uchun tavsiya qilishni soʻrab maxsus komissiyaga ariza beradi.

    Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

    • bitiruvchining xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat;
    • bitiruvchining shaxsiy yutuqlari, akademik litseyning ijtimoiy hayotidagi faol ishtirokini tasdiqlovchi hujjatlar.

    Tavsiya qilingan bitiruvchilarga oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriatiga suhbat asosida test sinovlarisiz oʻqishga kirish huquqi dastlabki 2-yil uchun amal qiladi.

    Har yili 1-iyulgacha suhbat komissiyasi tashkil etiladi.

    Yakka tartibdagi suhbat natijalari 100 balli tizimda ballar qoʻyish yoʻli bilan baholanadi.

    Abituriyent quyidagi hollarda oʻqishga qabul qilinmaydi:

    • yakka tartibdagi suhbat oʻtkazish jadvaliga muvofiq suhbatga kelmaganda;
    • yakka tartibdagi suhbatda belgilangan maksimal ballning 56 foizidan kam ball toʻplanganda.

    Har yili 10-avgustgacha oliy taʼlim tashkilotlari rektorlarining abituriyentlarni bakalavriatga oʻqish uchun tavsiya etish toʻgʻrisidagi buyruqlari qabul qilinadi.