Toshkentdagi bogʻchada besh yoshli bola ikkinchi qavat zinasidan yiqilib tushdi

    Ijtimoiy tarmoq sahifalarida “Chilonzordagi bogʻchada 5 yoshli bola 2 etajdan tushib ketibdi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi.

    Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, bu voqea 2025-yil 30-iyun kuni taxminan soat 9.45 lar atrofida Chilonzor tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida roʻy bergan. Taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchi R. I. nazoratsizlik oqibatida ikkinchi qavat zinasidan yiqilib tushgan. Bundan xabar topgan tashkilot hamshirasi tarbiyalanuvchiga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatgan va 16-sonli shahar shifoxonasi bolalar boʻlimiga olib borishgan.

    Shifokorlarning birlamchi tashxisiga koʻra, tarbiyalanuvchi R. I. ga “ikki qoʻl bilak sohasi sinishi, burun suyak sohasi sinishi, yuqori jagʻ kurak tishlarining aliyonlari osigʻining sinishi” tashxisi qoʻyilgan. Bolaning ahvoli ogʻir boʻlganligi sababli jonlashtirish boʻlimiga joylashtirishganligi, ahvoli yaxshilanganidan soʻng jonlantirish boʻlimidan chiqarishganligi aniqlangan.

    Ayni paytda holat boʻyicha Chilonzor tuman IIO FMB xodimlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.