Bir qarashda oddiy qiziqish sifatida “maʼlumot olish” yoki “mazmunli muloqot” deb koʻringan sahifalar ortida, aslida insonning hayoti va kelajagini barbod qilishga olib keladigan xavfli tuzoqlar mavjud.
Jumladan, 2004–2006-yillarda tugʻilgan bir guruh yoshlar diniy qiziqish niqobi ostida “Telegram” messenjerida kanal yaratib, unda Oʻzbekiston Respublikasi hududida taqiqlangan “Iroq va Shom islom davlati” hamda “Turkiston islom harakati” terroristik tashkilotlariga tegishli audio-video materiallar va daʼvatlarni tarqatish bilan shugʻullanishgan. Shuningdek, ular boshqa yopiq guruhlarda ham targʻibot ishlarini olib borishgan.
Afsuski, aqidaparastlik gʻoyalari bilan zaharlangan bu yoshlar Suriyadagi qonli janglarga qoʻshilish niyatida oʻzaro fikr almashib, “jihod”, “hijrat” va “shahid” kabi yolgʻon shiorlarni hayotiy maqsad deb bilishgan. Shu bilan birga, ular “Instagram” tarmogʻi orqali ham shaxsiy profillar yaratib, taqiqlangan materiallarni tarqatishgan va yanada koʻproq yoshlarni tuzoqqa tushirishga urinishgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur shaxslar ushlanib, ularga nisbatan qonuniy choralar koʻrildi.
Unutmang birgina notoʻgʻri qadam — butun umringizni izdan chiqarishi mumkin. Internetda tarqatilayotgan har qanday ekstremistik mazmundagi materiallar ortida oʻzgalarning nurli kelajagini, faravon hayotini parokanda qilish xavfi yotibdi.
Har qanday shubhali sahifa yoki guruhdan ogoh boʻling. Chunki, ezgu ishlar hech qachon qon toʻkish va nafratdan boshlanmaydi.