Har bir chiziqda vatan manfaati bor

    Fikr 5 Sentabr 2025 1024

    Oʻzbekistonda yer va xususiy mulkka oid keyingi yillardagi islohotlar mustaqil mamlakatimizning buguni va tarixidagi eng katta voqealardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.

    Ayniqsa, fuqarolarning oʻziga tegishli xususiy mulk va yer-joyni rasmiylashtirib olishi huquqini beradigan qonunning qabul qilinishi millionlab yurtdoshlarimiz kutayotgan tarixiy hujjat boʻldi. Bu oʻtgan yillardagi eng muammoli sohalardan biri boʻlgan kadastr xizmatining 2017-yildan keyin tubdan yangilanib, fuqarolar bilan bevosita ishlaydigan, ularning murojaatlarini tezkor, qisqa vaqtda, ortiqcha qogʻozbozliksiz hal etadigan tizimga aylangani bilan bogʻliq.

    Mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi bayrami arafasida “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan muko­fotlanganimni eshitib, shular haqida oʻyladim. Bu nafaqat mening, balki bu­tun jamoamiz mehnatiga berilgan yuk­sak baho ekanini his qildim. Kadastr tizimidagi katta islohotlar orqali mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini taʼminlashga hissa qoʻ­shayotganim, yurtdoshlarimizning yer va xususiy mulk bilan bogʻliq masalalari­ga yechim topishda ishtirok etayotganim­dan gʻururlandim.

    Yurtimizda zamonaviy kadastr tizi­mini rivojlantirish, xalqimiz hayoti uchun zarur boʻlgan aniq va ishonchli maʼlumotlarni shakllantirish, ularni ilgʻor texnologiyalar yordamida ama­liyotda faol qoʻllashni vazifa qilib olganmiz. Islohotlar orqali yer va ka­dastr sohasida shaffoflikni taʼmin­lash, huquqbuzarliklarning oldini olish, odamlar manfaatini himoya qi­lish harakatidamiz. Bu yoʻlda raqamli texnologiyalar, geoaxborot platforma­lari va zamonaviy axborot tizimlari­dan keng foydalanishga intilyapmiz. Boisi, bu sohada har bir raqam, har bir koordinata mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy rejalar va fuqarolar man­faatiga xizmat qiladi.

    Kadastr sohasi katta yoʻnalish boʻ­lib, baʼzilar oʻylaganidek, yerni oʻlchash bilangina shugʻullanadigan tizim emas. Ayniqsa, keyingi yillarda sohaning za­monaviy yoʻnalishlari, xususan, fazoviy maʼlumotlarning milliy infratuzilma­sini yaratish, aerokosmik suratga olish, topografik va geodinamik tadqiqotlar­ni yoʻlga qoʻyish orqali kartografik mo­nitoring olib borishda mutlaqo yangicha yondashuvlar amalga oshirilyapti. Chunki yerning aniq qiyofasi nafaqat geodeziya sohasi yutugʻi, balki butun iqtisodiyot taraqqiyoti, toʻgʻri qarorlar qabul qili­nishi uchun asosiy manbadir.

    Ana shu jarayonlarning har birida shaffoflik va aniqlikni taʼminlash nihoyatda muhim. Ayniqsa, davlat chegara­larini aniqlash va mustahkamlash soha­dagi eng masʼuliyatli vazifalardan biri. Chegaradosh davlatlar bilan muzokaralar­da ishtirok etish, aniq koordinatalarni belgilash, kartografik va gidrografik maʼlumotlarni tayyorlash jarayonining barchasida har bir hujjat, har bir chiziq Vatan manfaatini aks ettiradi.

    Bugun Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasining umumiy uzunli­gi 7109 kilometrga yaqin. Shundan 99 foizida delimitatsiya ishlari yakuniga yetkazilgan, 1 foizida jarayonlar da­vom etyapti. Xususan, oʻzbek — qirgʻiz, oʻzbek — tojik hamda oʻzbek — turkman davlat chegarasida demarkatsiya qilish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Masalan, Oʻzbekiston — Qirgʻiziston davlat chegarasini tartibga solish maq­sadida geografik obyektlar, joylar­ning relyefi va tabiiy obyektlardan foydalanish imkoniyatlarini inobatga olib, loyihaviy demarkatsiya chizigʻi oʻtishi yuzasidan Oʻzbekiston manfaati­dan kelib chiqib takliflar tayyorlangan. Oʻzbek — tojik davlat chegarasida esa chegara belgilarini oʻrnatish yuzasidan tomonlar bilan birga ishchi loyiha­lar ishlab chiqilmoqda. Ular asosida oʻzbek — tojik davlat chegarasi chizigʻi­ga chegara belgilarini oʻrnatish ishlari ham parallel tarzda bajarilyapti.

    Tabiat inʼom etgan katta boylik — 44 million 900 ming gektar maydonga ega xalqmiz. Demak, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarni rivojlantirish imkoniyatimiz ham ancha yuqori. Bundan yanada toʻgʻri va unumli foydalanish uchun har qarich yerning aniq hisobi boʻ­lishi kerak. Kadastr sohasidagi katta qadamlardan yana biri ham shu bilan bogʻliq.

    Yurtimizda 2022-yil 1-maydan bosh­lab ilk marta qishloq xoʻjaligi yerla­rini roʻyxatdan oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyilgan edi. Shundan soʻng boshqa may­donlarni ham xatlovdan oʻtkazish jarayo­ni boshlandi. Hisob-kitobi muntazam yangilab boriladigan yer maydonlari xatlovi natijasi esa “UZKAD” elektron tizimiga kiritib boriladi. Bugun mamlakatimizning jami yer maydonidan 42,5 million gektari yoki 95 foizi ana shu tizimga kiritilib, elektron xari­tasi yaratildi. Qolaversa, 42,1 million gektar maydon jami 1,9 million yerdan foydalanuvchi kesimida kadastr yigʻma jildlari shakllantirilgan holda davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Amaldagi qonunchilikka muvofiq, yer — umummilliy boylik. Umummil­liy boylik tushunchasi esa mamlakat yer fondining umumiy tarzda davlat mulki ekanini anglatadi. Boshqa ta­biiy resurslar kabi yer ham davlat muhofazasida boʻlgani sababli undan oqilona, toʻgʻri va ilmiy asoslangan tarzda foydalanish lozim. Noqonuniy xatti-harakatlar esa javobgarlikka sabab boʻladi.

    Shu bois, Kadastr agentligi bu bo­rada ham doimiy nazorat tadbirlarini oʻtkazadi. Xususan, joriy yilning yetti oyida amalga oshirilgan yer va kadastr nazorati tadbirlari natijasida 35 ming 449 ta holatda 2448,4 gektar yerni oʻzboshimchalik bilan egallab olish boʻyicha huquqbuzarliklar aniqlandi. Berilgan yozma koʻrsatmalar asosida 24 ming 382 ta holatda 1202,6 gektar, yaʼni 69 foiz yerda qonun buzilishi holatlari ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.

    Shu bilan birga, oʻtgan yarim yil­likda geodeziya va kartografiya faoliya­tiga oid 132,3 milliard soʻmlik ishlar ekspertizadan oʻtkazildi. Maxfiy kar­tografiya va geodeziya materiallarini berish boʻyicha 1608 ta material foyda­lanuvchilarga taqdim etildi. Shuning­dek, “Litsenziya” AT orqali yuborilgan 75 ta xabarnoma tahlil qilinib, reestr­da hisobga olindi.

    Umuman, kadastr tizimining har bir islohoti ortida minglab mutaxassis­larning mehnati, fidoyiligi va masʼ­uliyati bor. Bu jarayonlarda ishtirok etish, bilim va tajribam bilan hissa qoʻshish — men uchun katta baxt.

    Koʻksimga taqilgan yuksak mukofot esa bu yoʻlda yanada koʻp kuch va gʻayrat ba­gʻishlaydi. Oldimizda katta vazifalar, yangi islohotlar va yuksak maqsadlar turibdi. Ularni amalga oshirishda ta­shabbuskor, fidoyi boʻlishimiz lozim. Bundan keyin ham mustaqil Oʻzbekis­tonimizda kadastr sohasini yanada ri­vojlantirish, dunyo andozalariga mos, yurtimiz kelajagiga munosib loyiha­lar yaratishga hissa qoʻshishni maqsad qilganman.

    Toʻlqin ABDULLAYEV,

    Kadastr agentligi direktori

    oʻrinbosari, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi