Oʻzbekiston Afgʻonistonga insonparvarlik yordami yubordi

    Joriy yil 1-sentyabrga oʻtar kechasi Afgʻonistonning sharqiy hududlarida sodir boʻlgan zilzila oqibatida koʻplab insonlar halok boʻldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga muvofiq, xalqimizga xos bagʻrikenglik va hamdardlik ramzi sifatida Kunar va Nangarhor viloyatlari aholisi uchun insonparvarlik yordami yuborildi. Oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlar ortilgan 300 tonnaga yaqin yuk Oʻzbekiston xalqi nomidan Balx viloyatiga yetkazildi.

    Hayraton shahridagi “Astras” kompaniyasi hududida insonparvarlik yordami topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, Balx viloyati gubernatorining oʻrinbosari Nurulhodi Abuidris hamda ikki tomon rasmiylari ishtirok etdi.

    Yuborilgan yordam tarkibidan un, guruch, shakar, tushyonka, makaron va qandolat mahsulotlari, yogʻ, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh, qadoqlangan ichimlik suvi, 5 mingta yopingʻich hamda 10 tonnadan ortiq dori vositalari va tibbiy buyumlar oʻrin olgan.

    Afgʻoniston rasmiylari Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga koʻrsatilayotgan bunday insonparvarlik yordami uchun chuqur minnatdorlik izhor etdilar.