Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar belgilangan tartibda oʻtkazilishi qatʼiy nazoratga olinadi

    Vazirlar Mahkamasining «Umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil boʻladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga taʼsirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish chora-tadbirlari toʻgʻrisida«gi qarori qabul qilindi.

    Unga koʻra, umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish va isrofgarchilikka qarshi “Oqilona isteʼmol« («Save food”) dasturi amalga oshirish koʻzda tutilgan.

    Maʼlumot uchun, «Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida«gi qonunning 31-moddasiga muvofiq, belgilangan normadan yuqori darajada ifloslangan ishlab chiqarish oqova suvlarini oqizib yuboruvchi yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar oqova suvlarni lokal tozalash inshootlarida birlamchi tozalash ishlarini bajarishi lozim. Shuningdek, meʼyordan ortiq ifloslangan oqova suvlarni hosil qiluvchi obyektlar oqova suvlar tarmoqlariga ulanishi uchun ularda oqova suvlarni belgilangan normaga qadar tozalashni taʼminlaydigan lokal tozalash inshootlari boʻlishi kerak.

    Qarorga koʻra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab oziq-ovqat chiqindilarini kompostlash orqali qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda organik oʻgʻitlarni qoʻllash tizimi kengaytiriladi. Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalaridagi oqova suv tizimlariga yogʻ-moy tutgich uskunalarni oʻrnatish orqali chiqindi yogʻ-moylardan ikkilamchi xomashyo ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

    2026-yil 1-iyuldan esa umumiy ovqatlanish korxonalarida har oyda bir marta yogʻ-moy tutgich uskunalarining texnik xususiyatlaridan kelib chiqib, ularni chiqindi yogʻ-moylardan tozalash, bu chiqindi yogʻ-moylarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish taʼminlanadi. Umumiy ovqatlanish korxonalarida oziq-ovqat mahsulotlarini pishirish uchun gaz taʼminoti, ular boʻlmaganda yogʻoch yoki tayyor koʻmirdan foydalanishda atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar va hidlarni ushlab qoluvchi qurilmalarni oʻrnatish choralari koʻriladi.

    Shu bilan birga, 2026-yil 1-yanvarga qadar umumiy ovqatlanish korxonalarining atmosfera havosiga salbiy taʼsirini kamaytirishga oid talablar belgilanadi, shaharsozlik normalari va qoidalariga umumiy ovqatlanish korxonalarida oʻrnatiladigan ventilyatsiya va havo filtrlash qurilmalari uchun alohida talablar kiritiladi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekistonda 2026–2030-yillar «Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri« deb eʼlon qilinadi. Bunda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar belgilangan tartibda oʻtkazilishi qatʼiy nazoratga olinadi. Qolaversa, isrofgarchilikning oldini olish, toʻgʻri va sifatli ovqatlanish kerakligi targʻib qilinadi. Oziq-ovqat chiqindilarining qayta ishlash korxonalariga topshirilishi taʼminlanadi.