Loyiha rasman 2025-yil 1-oktyabrda oʻz ishini boshlaydi.
Qayd etilishicha, loyihada Oʻzbekiston boʻyicha kamida 45 ta qishloq maktabini taʼmirlash, maktablarda energiya sarfini 30 foizga va dimlangan gazlar chiqindilarini 50 foizga kamaytirish uchun xavfsiz suv, zamonaviy sanitariya, ishonchli isitish tizimlari va ekologik toza energiya bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.
Loyiha 31 500 nafar bola, ayniqsa, oʻsmir qizlar uchun kundalik taʼlim sharoitlarini bevosita yaxshilaydi. Ular gender jihatlarni hisobga olgan holda alohida qulayliklardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar, bu esa darslarni qoldirish holatlarini kamaytiradi. Qolaversa, loyiha yakunlangandan soʻng uning natijalari barqarorligini taʼminlash maqsadida, 2700 nafar maktab oʻqituvchilari va xodimlari iqlim oʻzgarishiga chidamlilik, SSGga gender jihatlar hisobga olingan yondashuv va jarayonlarga jamoatchilikni jalb qilish boʻyicha oʻqitiladi.
Maktab yoshidagi bolalar soni tez oʻsib borayotgan mamlakatlar ichida Oʻzbekiston dunyodagi yuqori oʻrinlarda turadi. Bu yerda 1,4 milliondan ortiq oʻquvchi suv taʼminoti boʻlmagan yoki suv taʼminoti cheklangan maktablarga qatnaydi. Koʻpgina maktablar, ayniqsa qishloq joylardagi maktablarda hamon eskirgan hojatxonalar va samarasiz isitish tizimlaridan foydalanilmoqda.
Mazkur loyiha iqlim oʻzgarishiga chidamli, inklyuziv va gender jihatlar hisobga olingan infratuzilmani joriy etish orqali bu dolzarb muammolarga yechim topadi hamda butun mamlakat boʻylab taʼlimga kelajakdagi investitsiyalar uchun namuna yaratadi.
"Loyihaning poydevori ochiqlik va halollikdir. “Eng yaxshi maktabim” raqamli portali mahalliy hamjamiyatlar va keng jamoatchilikka byudjet, pudratchilar, qurilish muddatlari va ishlarning borishini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini beradi. Shuningdek, loyiha doirasida fuqarolik jamiyati ishtirokida xaridlar va taʼmirlash jarayonlarida adolatli, korrupsiyadan xoli, ota-onalar, oʻqituvchilar hamda mahalliy jamoalar oldida hisobdorlikni taʼminlovchi Halollik pakti sinovdan oʻtkaziladi", — deyiladi xabarda.









