Bu haqda “Dunyo” AA maʼlum qildi.
Mamlakatimizning Islomoboddagi diplomatik vakolatxonasidan olingan maʼlumotga koʻra, hamyurtimiz X.E. Pokistonga aldov yoʻli bilan kelib qolganini, odam savdosi qurboniga aylanganini maʼlum qilgan va Oʻzbekistonga qaytishida koʻmak soʻrab murojaat qilgan.
Yurtdoshimiz 2018-yilda Pokistonning Lahor shahriga ayollar salonida ishlash sharti bilan kelgan. Biroq, Lahorda nomaʼlum shaxslar tomonidan fohishalik uyiga sotib yuborilgan.
Oʻzbekiston elchixonasi murojaatda keltirilgan vajlarni oʻrganib, X.Ye.ga tezkor konsullik-huquqiy yordam koʻrsatdi. Zarur hujjatlar, jumladan Vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirildi.
Pokiston mutasaddi vazirlik va idoralari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida mamlakatda boʻlib turish qoidalarini buzish bilan bogʻliq javobgarlikka tortish holati bartaraf etildi. X.Ye. jarima va toʻlovlarsiz deportatsiya qilinishi taʼminlandi.
Oʻzbekiston elchixona va Migratsiya agentligi yordamida hamyurtimizga Oʻzbekistonga qaytish uchun aviachipta xarid qilindi va u 27-sentyabr kuni “Uzbekistan Airways” AJning «Islomobod-Toshkent« reysi orqali Vatanga qaytarildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash va ularga har tomonlama yordam koʻrsatish Oʻzbekiston tashqi siyosatining hamda mamlakatimiz diplomatik vakolatxonalarining ustuvor vazifalardan biri hisobladi.









